
Shu yil bahorda G‘uzor tumanidagi adirliklarda «Lola va kabob sayli»ni tashkil etib, vohada gastronomik turizmni rivojlantirish va Qashqadaryoning eng mashhur taomi – tandir go‘shtini mahalliy va chet ellik sayyohlar o‘rtasida yanada ommalashtirish nazarda tutilgan, deyiladi «Qashqadaryo» gazetasi xabarida.
O‘zbekiston gastronomik turizm assotsiatsiyasi raisi Gulnoza Odilovaning aytishicha, «Lola va kabob sayli»ni Qashqadaryoda lolaqizg‘aldoqlar ochilgan vaqtda, bevosita lolazorda uch kunlik festival tarzida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
— Maqsad — butun dunyoga tandir kabob Qashqadaryoning o‘ziga xos gastronomik brendi ekanligini namoyish etib, shu orqali hududning turistik salohiyatini yanada oshirishdir, —- deydi Gulnoza Odilova.
— Festival doirasida «Eng mazali tandir kabob» tanlovini uyushtirib, tandir go‘shti tayyorlashga ixtisoslashgan qashqadaryolik eng zo‘r oshpazlarni aniqlash, qolaversa, shu yerning o‘zida bu mashhur taom degustatsiyasi (tatib ko‘rish jarayoni) va savdosini tashkil qilish mo‘ljallangan.
Rejaga ko‘ra, "Lola va kabob sayli"da Qashqadaryo folklor-etnografik ansambllari ham ishtirok etib, tadbir qatnashchilariga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi. Lolazor uzra rang-barang havo sharlarining parvozi va ularda sayr qilish uchun shart-sharoitlar yaratilishi, o‘ylaymanki, bu festivalga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.
2020 yilda rejalashtirilayotgan madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlari taqvimida ushbu festivalning tashkilotchilari sifatida Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston gastronomik turizm assotsiatsiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa hamkorlar ko‘rsatilgan. "Lola va kabob sayli"ni o‘tkazish muddati dastlab may oyining birinchi haftasi, deb qayd etilgan bo‘lsa-da, ramazon oyiga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan tashkilotchilar uni 10-12 aprel kunlariga ko‘chirishni taklif qilishmoqda.
Shuningdek, mazkur taqvimda shu yil bahorda viloyatimizda milliy liboslar xalqaro festivali, ot sporti bo‘yicha nufuzli musobaqa hamda "Kashtalarda hayot porlaydi" kashtachilik buyumlari respublika ko‘rgazma savdosi o‘tkazilishi ham belgilangan.
G‘uzor TumanQashqadaryo ViloyatiLola Va Kabob SayliGastronomik TurizmTandir Go‘shtiMadaniy Tadbirlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar