21:47 / 18.02.2020
2 852

Deputatni kim saylagan?

Deputatni kim saylagan?
Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev parlament, deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi o‘ylarini bildirib o‘tibdi:
“Masalan, eng oddiysidan boshlasak, haligacha Oliy Majlis atrofini o‘rab turgan panjaralar olib tashlanmadi. Haligacha xalq saylagan deputatlar xalqdan qo‘rqib, baland panjaralar ortiga berkinib o‘tirishadi. Bu bo‘yicha ko‘p bora gapirildi, siyosiy debatlarda va’dalar berildi, ammo qachon amalga oshishi hozircha noma’lum. Bu kabi panjaralarni boshqa ko‘plab davlat tashkilotlarida ham uchratish mumkin. Chunki bizda haligacha fuqarolarga potensial jinoyatchiga qaraganday qarashadi”.

Xushnudbek ayrim deputatlarning o‘ylamay gapirib yuborgani haqida fikrlarini ham bildirib:
“Yoki ikki kundan buyon barcha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan «Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli» degan gaplarni olaylik.

Endi shu joyida savol tug‘iladi, nazariy jihatdan umuman boshqa okrugda yashaydigan fuqaro boshqa okrugdan saylangan deputatga e’tiroz bildirib, undan biror narsani talab qila olmaydimi? Talab qila oladi, qilganda qandoq!

Chunki barcha deputatlar qaysi okrugdan saylanganidan, kimlar ovoz berganu, kim ovoz bermaganidan qat’i nazar, fuqarolar to‘lagan soliqlar evaziga davlat budjetidan maosh oladi. Ya’ni deputatlarni XALQ BOQADI. Yana qaytaraman, deputatlarni XALQ BOQADI. Tushunishni istamayotganlar uchun uchinchi marta qaytaraman, deputatlar xalqni emas, XALQ DЕPUTATLARNI BOQADI.

Mana shuning o‘zi eng katta asos. O‘zbekistonning qayerida istiqomat qilishingizdan qat’i nazar, u xoh Namangan bo‘lsin, xoh Jizzax, istalgan deputatga e’tiroz bildira olasiz, istalgan deputatga qonun doirasida talab qo‘ya olasiz. Ular bizning hisobimizdan oilasini boqyapti. Bizning hisobimizdan!

Mersedesu Malibudan iborat xizmat mashinalarida yurishibdi. Bizning hisobimizdan imtiyozli shartlarda uy-joy olishyapti. Bizning hisobimizdan qimmat Apple iMac kompyuterlariga Windows o‘rnatib ishlatishmoqda.

Nafaqat har bir deputat, balki har bir davlat xizmatchisi mana shu oltin qoidani har lahza yodida tutishi, hech qachon unutmasligi kerak”, – deb yozadi bloger X.Xudoyberdiyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputatni kim saylagan?