date
views 4 187

Youtubedagi 8 yoshli bolaning video murojaati Senat qo‘mitasi tomonidan o‘rganildi (foto, video)

Youtubedagi 8 yoshli bolaning video murojaati Senat qo‘mitasi tomonidan o‘rganildi (foto, video)
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan 2020 yil 23 fevral kuni 8 yoshli Sultonov Muhammadalining youtube tarmog‘i orqali yo‘llagan video murojaati joyning o‘ziga borib o‘rganildi.

​Qo‘mita a’zosi, senator Sanobar Suyarova bolaning uyiga shaxsan borib, vaziyat bilan atroflicha tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Sultonov Muhammadali Jizzax viloyati Jizzax shahri Yoshlik mahallasi 2-yotoqxona 10-xonada buvisi Husniya Salohiddinova bilan istiqomat qilib kelmoqda. Bola 7 oyligidan beri uning onasi Aziza Salohiddinova Rossiya Federatsiyasida istiqomat qiladi. Muhammadali Jizzax shahar xususiy maktabining 2-sinfida to‘lov asosida o‘qiydi.

Buvisining so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda Jizzax shahar hokimligi inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi xodimi Alisher ismli shaxs, o‘z uyini H.Salohiddinovaga sotish vaji bilan ulardan 4 ming dollar va 2 mln. so‘m pulini aldov yo‘li bilan olib, ishidan ham bo‘shab, qochib ketgan. Shundan so‘ng buvisi Alisherni sudga bergan. Sud qarori bilan Alisher aybdor deb topilgan hamda pullarni qaytarish bo‘yicha tilxat yozib bergan.

Sud qaroridan so‘ng bolaning buvisiga nisbatan turli tahdidlar boshlangan. Xususan, 2020 yil 10 yanvar kuni u noma’lum shaxslar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish bahonasida ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketilgan, ruhiy kasal ekanligi bahonasida 3 soat ushlab turilgan. Biroq, tekshiruvdan so‘ng uning aqliy va ruhiy jihatdan sog‘lom ekanligi isbotlanib, uyiga qaytarib yuborilgan. O‘sha kundan beri Muhammadali buvisini ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketilishi mumkinligidan qo‘rqib, maktabga bormayotganligi aniqlandi.

Ushbu masala senator tomonidan shahar hokimi bilan atroflicha muhokama qilingan. Natijada mablag‘ni undirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosiga ko‘rsatma berilgan. O‘rnatilgan tartibda H.Salohiddinovaga moddiy yordam ko‘rsatish masalasi o‘rganiladigan bo‘ldi. Shuningdek, senator Sanobar Suyarova Muhammadali o‘qiyotgan maktab direktori bilan gaplashib, uning bepul ta’lim olishga erishdi.


O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Youtubedagi 8 yoshli bolaning video murojaati Senat qo‘mitasi tomonidan o‘rganildi (foto, video)