date
views 2 737

Tahlika - tahlil dasturining afzalliklari!

Tahlika - tahlil dasturining afzalliklari!
Bugun Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan Yangiyo‘l shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirkorlik sub’ekti va OAV vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda yangi tahrirdagi Soliq kodeksining o‘zgarishlari, xususan, tahlika-tahlil dasturining afzalliklari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Ushbu dastur faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarini muayyan mezonlar asosida, xavflilik darajasiga qarab, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda 3 ta segmentga (yashil yo‘lak, sariq yo‘lak, qizil yo‘lak) ajratadi.

Ya’ni, xavflilik darajasi past bo‘lgan (yashil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan hech qachon soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi va ushbu korxonalarga yuqori darajadagi soliq xizmatlari ko‘rsatiladi.

Xavflilik darajasi o‘rtacha bo‘lgan (sariq yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan faqat kameral soliq tekshiruvi amalga oshiriladi va ushbu korxonalarga xato-kamchiliklarini bartaraf etish bo‘yicha hisobotini tuzatish imkoni beriladi. Ularga moliyaviy va ma’muriy jarimalar qo‘llanilmaydi.

Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, buxgalteriya hujjatlarini va hisobvaraq-fakturalarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan xavflilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan (qizil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan esa, soliq auditi tekshiruvi tadbirlari amalga oshiriladi. O‘z-o‘zidan aniqki, bunday korxonalar doimiy nazoratda bo‘ladi.

Tadbir davomida «Welltex» korxonasi rahbari Obid Abduvaliyevning kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi yuzasidan bergan savoliga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

Jumladan, kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘i bo‘lishi shartligi, shu bilan birga, kameral soliq tekshiruvi doirasida soliq organining mansabdor shaxsiga soliq to‘lovchidan ma’lum bir soliqni hisoblashning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun zarur hujjatlarni talab qilish huquqi berilishi va kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmasligi, lekin penya hisoblanishi mumkinligi haqida aytib o‘tildi.

Shuningdek, tahlika-tahlil dasturining inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda ishlashi va ushbu tadbirlar soliq nazoratini amalga oshirishning shaffofligini ta’minlab, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qilishi aholiga keng tushuntirildi.

Toshkent viloyati DSB matbuot xizmati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tahlika - tahlil dasturining afzalliklari!