20:30 / 25 марта 2020
3 218

«Korzinka» xodimi koronavirusga chalingan odam bilan muloqot qilganini bilgach, darhol davlat organlariga xabar berdi

«Korzinka» xodimi koronavirusga chalingan odam bilan muloqot qilganini bilgach, darhol davlat organlariga xabar berdi
«Korzinka» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov tomonidan xabar qilinishicha, Sariko‘ldagi market xodimlaridan biri koronavirusga chalingan odam bilan muloqot qilgan. U bu haqda bilgani hamono uyidan chiqmagan va tezda hamkasblari hamda rahbariyatga bu haqda xabar bergan.

Tadbirkor shundan so‘ng darhol ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida o‘z kanalida ma’lumot berdi.
— Karantin sharoitlaridagi turli xavf-xatarlarga qarshi ko‘rayotgan choralarimiz va marketlarimiz faoliyati haqida hikoya qilishda davom etamiz. Balki bizning tajribamiz shunday davrda boshqa korxonalarga ham faoliyatlarida asqotar.

Barcha korxonalar o‘z xodimlariga o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini yetkazish uchun aynan hozir muhim palladir. Ularning ongiga, vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilishiga juda ko‘p narsa bog‘liq.

1. 22 mart tongida bildikki, Sariko‘ldagi marketimiz xodimlaridan biri koronavirus aniqlangan shaxs bilan muloqotda bo‘lgan.
2. Xodimimiz esa o‘z uyidan chiqmay, holatdan voqif bo‘lgach, darhol bizga xabar bergan.
3. Biz esa shu zahoti marketni yopdik va davlat organlariga xabar qildik.
4. Tez orada marketga shahar sanitariya va epidemiologiya nazorati va boshqa mas’ul xizmatlar xodimlari kelishdi. Ularning professionalligi va o‘z ishlarini puxta bajarishi bizni lol qoldirdi. Butun jarayon qat’iy qoida va tartibga ko‘ra o‘tkazildi.
5. Marketning barcha xodimlari, xususan, dam olishda bo‘lganlar ham bir soat ichida zudlik bilan to‘plandi. Ularning barchasidan koronavirusga chalinmaganlik bo‘yicha analizlar olindi. Natijalar 23 mart kuni kechasi chiqishi kerak edi. So‘ng marketning butun jamoasi ikki haftalik karantinga yuborildi.
6. Marketda katta tozalash ishlari va chuqur dezinfeksiya amaliyoti olib borildi. Bularning bari shahar sanitariya xizmatining qat’iy nazorati ostida amalga oshirildi.

Ha, aytgancha, bir narsani unutayozibman, bugun erta tong mahali biz butun market xodimlarining test natijalarini oldik, ular orasida bemor bilan muloqotda bo‘lgan xodim ham bor. Barcha natijalar salbiy — koronavirusni inkor etadi. Ura!!!

Lekin baribir xodimlar jamoasiga karantin uchun ta’til qayd etganimiz sababli endi yangi smena ishga kirishadi.
Ayni chog‘da supermarket uchun ishchilarning yangi jamoasi tezkor moslashuv jarayonidan o‘tmoqda. Ertadan esa Sariko‘ldagi marketimiz xaridorlarga o‘z eshiklarini yana keng ochadi.

Shu boisdan men sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining barcha vrach va xodimlariga, «Korzinka» tarmog‘ining barcha xodimlar jamoasiga va shuningdek, bunday mushkul kunlarda ishlayotgan va bizning hammamizni zarur xizmat, kerakli narsalar bilan ta’minlashda davom etayotgan tibbiyot vakillari, chakana savdo ishchilari, bozorda ishlayotgan sotuvchilar, dorixona va yoqilg‘i quyish shoxobchalari xodimlariga, barcha-barcha soha va tarmoqlar ishchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchi, qo‘llab-quvvatlovimni yetkazmoqchiman.

Bizning xodimlarimiz — suyansa, ishonsa bo‘ladigan malakali mutaxassislar jam bo‘lgan haqiqiy uyushqoq jamoadir va men bu uchun ulardan minnatdorman.
Hozir bizdagi eng bebahosi — bu halollik va ochiqlikdir. Biz faqatgina shu yo‘l bilan pandemiya hamlasi ustidan g‘alaba qozona olamiz.

PS. Bizning yangi logomiz (timsolimiz) xaridorlarimiz xarid vaqtida xavfsiz oraliq masofaga rioya qilishlarini eslatib turadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)