
Dunyoning ko‘pgina davlatlarida tarqalgan COVID-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida xorijdan qaytib kelgan bir guruh yurtdoshlarimiz karantin hududlarida kuzatuvga olingan edi. Belgilangan karantin muddatini o‘tab bo‘lgan mehmonlarning yana 96 nafari Urganch temiryo‘l vokzalidan yashash manzillariga kuzatib qo‘yildi deb yozadi O‘zA.
Rossiyaning turli shaharlarida bo‘lib qaytgan ushbu fuqarolar jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan 14 kunlik tibbiy kuzatuvda bo‘lgan. Viloyatning turli joylarida tashkil etilgan karantin hududlariga joylashtirilgan ularning salomatligi tajribali shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining doimiy nazoratida bo‘ldi.
Mutaxassis infeksionistlar tomonidan ular kuniga ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uch martadan tana harorati o‘lchab turildi. Afsuski, karantin davrining so‘ngida ayrim fuqarolarda kassallik alomatlari paydo bo‘lganligi sababli karantin muddati yana ikki haftaga uzaytirilgan.
- Biz bilan birga samolyotda kelgan va dastlabki karantin davrida kasallik alomatlari umuman sezilmagan ikki kishida so‘ngi test chog‘ida koronavirus aniqlandi, — deydi Surxondaryolik Dilbar Jabborova. – To‘rt marta tibbiy tahlil uchun test topshirdik. Tibbiyot xodimlarining barchasiga rahmat. Men homiladorman. Biroq, shifokor va hamshiralar doimiy ravishda ahvolimdan xabardor bo‘lib turishdi. Samimiy mehmondorchilik uchun xorazmliklarning barchasidan minnatdorman.
Karantinda bo‘lgan ayrim fuqarolarning ta’kidlashicha, karantin davrining dastlabki kunlarida yuzaga kelgan ayrim muammolar mutasaddilar tomonidan tezda bartaraf etilgan va ularning yashashi, vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berilgan.
- Men turmush o‘rtog‘im va o‘g‘lim bilan Moskva shahridan qaytdik, — deydi Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Shahobiddin Primov. – Oilamizda birontamizda ham ushbu infeksiya aniqlanmadi. Bundan juda xursandmiz. Ochig‘i, juda havotirda edim. O‘g‘lim Najmiddin hali bir yoshga ham to‘lmagan. Shifokorlarga, milliy gvardiya, ichki ishlar xodimlaridan juda minnatdormiz. Chaqaloq uchun barcha zaruriy ozuqa va boshqa mahsulotlar bilan muntazam ta’minlab turdilar.
Karantindan kuzatilgan turli yoshdagi erkak va ayollar shuningdek jajji bolajonlar sinovli muddatni bardosh va intizom bilan o‘tab, mamlakatimizning Toshkent shahri, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga sog‘-salomat kuzatildi. Mehmonlarning yo‘l davomida ovqatlanishlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Kuzatish tadbirlari karantin hamda koronavirus infeksiyasining oldini olish bo‘yicha belgilangan barcha tartib-qoidalar asosida tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ayni damda Xorazm viloyatida xorijdan qaytgan 1845 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 1202 nafari o‘z uyida hamda 643 nafari esa shifoxonalarda belgilangan muddatni o‘tkazishmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar