19:14 / 03.05.2020
2 861

Adliya:“Salom Sardoba, biz birgamiz” xayriya aksiyasi boshlandi

Adliya:“Salom Sardoba, biz birgamiz” xayriya aksiyasi boshlandi
Adliya vazirligi Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqinidan aziyat chekkanlarga gumanitar yordam yubordi.

Gumanitar yordam ortilgan birinchi yuk mashinalari Toshkent shahridan jo‘nab ketdi. Oziq-ovqat mahsulotlari, zarur iste’mol tovarlari to‘plami bilan ko‘p bolalik oilalar, nogironligi bor shaxslar, keksalar ta’minlanadi. Bu Adliya vazirligining “Salom Sardoba, biz birgamiz” xayriya aksiyasi dasturi doirasida amalga oshirilajak tadbirlardan biridir.

Evakuatsiya qilingan fuqarolarning bir qismi yuridik kollejlarga joylashtirildi. Ular uchun dam olish va uxlash joylari, issiq ovqat, tibbiy yordam olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, Oqoltin tumanining Sardoba shaharchasi hamda Mirzaobod tumanining Yoshlar qishlog‘i fuqarolaridan 500 nafari, shu jumladan 200 nafar voyaga yetmaganlar Sirdaryo viloyati yuridik kolleji binosiga joylashtirildi. Vazirlik rahbariyati Sirdaryo viloyatida bo‘lib, joylarda aholi bilan uchrashmoqda.

Bundan tashqari, Sardobada kechagi falokatdan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy ko‘maklashish maqsadida vazirlik tomonidan xayrli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bunda xorijiy va milliy hamkorlardan mablag‘ yig‘ish uchun homiylar jalb etish, yoshlardan iborat ko‘ngillilar guruhini tashkil etish, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun maxsus telegram-bot yaratish, adliya organlari va muassasalari mutaxassislarini jalb qilgan holda vaziyatdan kelib chiqib, huquqiy maslahat berishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xayriya faoliyatida Davlat xizmatlari agentligi ham faol ishtirok yetmoqda. Tez orada davlat xizmatlari markazlari tomonidan joyiga chiqib bepul xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Mamlakatimizda kechayotgan murakkab davrda Sirdaryo viloyati aholisi yana bir sinovga duch keldi. Favqulodda holat tufayli minglab oilalar boshpanasiz qoldi, kommunikatsiya va infratuzilma ishdan chiqdi, qishloq xo‘jaligi ham jiddiy talofot ko‘rdi. Bu vaziyatda bag‘rikenglik, nafaqat davlat tuzilmalari, balki nodavlat notijorat tashkilotlari, biznes vakillari va oddiy fuqarolarning muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishi g‘oyat muhim. Sirdaryo ahli #biz_birgamiz va ularni bu murakkab vaziyatda yolg‘iz tashlab qo‘ymasligimizni yodda tutmog‘i darkor.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya:“Salom Sardoba, biz birgamiz” xayriya aksiyasi boshlandi