21:04 / 16.06.2020
2 076

O‘zini o‘zi band qilganlar va tadbirkorlikni boshlayotganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi

O‘zini o‘zi band qilganlar va tadbirkorlikni boshlayotganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi
Aholi bandligi ta’minlash maqsadida shahar va qishloqlarda xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlantiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda xizmat ko‘rsatish sohasi aholi bandligini ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri hisoblanishi, mamlakatda bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35 foizni tashkil etishi, Xalqaro mehnat tashkiloti tahlillariga ko‘ra, servis industriyasining 1 foizga o‘sishi kambag‘allar sonini 1,5 foizga qisqartirishi, lekin O‘zbekistonda bu soha salohiyatidan to‘la foydalanilmayotgani ta’kidlangan.

Joylarda maishiy uskunalarni ta’mirlash ustaxonalari, kimyoviy tozalash shoxobchalari, kompyuter dizaynerligi, buxgalteriya, reklama, pullik tibbiy xizmat kabi tadbirkorlik sub’ektlari kamligi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Bu xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha juda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda kamida 160 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratish mumkin.

Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasida yiliga 50 ming dollar eksport qiladigan va Top Talent reytingining eng yuqori 3 foiziga kiradigan 21ta yosh frilanser dasturchi bor
», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari shunday iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining zamonaviy xizmatlarni o‘rganishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘rinbosariga hokimlar bilan birga har bir tuman va shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirilgan. Shu bilan birga, tarmoqni tartibga solish, undagi metodologiya va statistika ma’lumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yilgan.

«Sohani rivojlantirish moliyaviy ko‘maksiz bo‘lmaydi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat ko‘rsatish loyihalari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar yoki 1 trillion so‘mdan ziyod kredit resurslari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu mablag‘lar ham davlat, ham xususiy banklar orqali ajratiladi va kredit stavkasi 15 foizdan oshmaydi», deyiladi xabarda.

Hududlar rahbarlari bu imkoniyatdan samarali foydalanib, xizmat ko‘rsatish sohasida ko‘p ish joyi yaratadigan va tez amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirishi zarurligi ta’kidlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yilgi bitiruvchilarni o‘qish va ishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Joriy yilda 451 mingdan ziyod yoshlar maktablarni va 188 ming nafari kollejlarni tamomladi. Bu yil qabul qamrovi kengaygani natijasida ularning 103 ming nafari oliy ta’lim muassasalariga va 90 mingtasi kollej-texnikumlarga o‘qishga kirganda ham, boshqalarining bandligini ta’minlash zarur. Shuningdek, 71 ming nafar talaba oliy o‘quv yurtlarini bitirdi.

«Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh o‘g‘il-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish so‘rab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish o‘rinlari zaxirasi shakllantirilganmi?», deya savollar qo‘ydi davlat rahbari.

Masalan, Surxondaryo viloyatida qariyb 2 ming nafar talaba pedagogika yo‘nalishlarini bitirmoqda. Ayni paytda Sariosiyo, Oltinsoy va Uzun tumanlaridagi qishloq maktablarida o‘qituvchilar yetishmaydi. Viloyat hokimi va sektor rahbarlari shu bitiruvchilar bilan uchrashib, ularni ishga yo‘naltirishga yordam berishi kerakligi ta’kidlandi. Bosh vazir o‘rinbosarlariga olis hududlarga ishga boradigan yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish, ular uchun boshlang‘ich yordam puli va uy-joy ajratish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda «Ishga marhamat» mono-markazlari tashkil etish, yoshlarni kasbga va tadbirkorlik asoslariga o‘rgatish maskanlari hamda mahalla guzarlarida o‘quv kurslari ochish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumki, 8 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 24tadan 67taga oshirilib, ruxsat olish talablari va soliq to‘lovlari deyarli bekor qilindi. Bu bandlikni ta’minlash borasida katta resurs ekani ta’kidlab o‘tildi.

Markaziy bankka o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratish, Moliya vazirligiga tadbirkorlikni boshlayotgan ishsiz fuqaroga 3 oy mobaynida bino-inshootning ijara to‘lovi uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu sohada 200 mingdan ziyod aholini ish bilan ta’minlash mumkin. Shuningdek, turizmga xizmat qiluvchi umumiy ovqatlanish, transport, chakana savdo kabi yo‘ldosh tarmoqlarda yana ko‘plab ish joylari tashkil etiladi.

Buning uchun har bir hududda imkoniyat ham, sayohatchilar diqqatiga sazovor joylar ham yetarli ekani qayd etildi. Misol uchun, Yangiqo‘rg‘on tumanida 16ta dam olish maskanini tiklash hisobiga 1 ming 500 nafar aholini, Bo‘stonliqda 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan ko‘chma dam olish maskanlari tashkil etish orqali 8 mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlash mumkin.

Qolaversa, O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi sayyohlik imkoniyatlaridan ham to‘la foydalanilmayapti. Xalq orasida ularni bilmaydiganlar, ko‘rmaganlar hali ko‘p.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga vazirlik, idoralar va hokimliklar bilan birga yangi ichki turizm marshrutlari ochish, ko‘chma dam olish maskanlarini ko‘paytirish, tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini taraqqiy ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Hokimlar va sektor rahbarlariga sayyohlar boradigan barcha ob’ektlar, mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalarida karantin qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash yuklatildi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, soha mutasaddilari va hokimlar hisobot berdi.
Yig‘ilishda tegishli rahbarlar jam bo‘lganidan foydalanib, g‘alla hosili o‘rim-yig‘imiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bahor oylarida yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lgani, pandemiya sharoitiga qaramay moddiy-texnika resurslari, mineral o‘g‘itlar qo‘shimchasi bilan yetkazib berilgani uchun mo‘l hosil yetishtirilgani qayd etildi.

O‘rim-yig‘imni har yilgiga nisbatan ertaroq yakunlash uchun barcha imkoniyatlar borligi, buning uchun ishni to‘g‘ri tashkil qilib, hosilni qisqa muddatda uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, g‘alla o‘rilgan maydonlarni peshma-pesh shudgorlab, takroriy ekinlar ekish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zini o‘zi band qilganlar va tadbirkorlikni boshlayotganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi