09:49 / 09.07.2020
1 644

Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida noqonuniy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yildi

Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida noqonuniy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yildi
Joriy yilning iyun oyida DXX va IIV xodimlari tomonidan Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “jihodchilar” oqimining 15 nafar mahalliy yoshlardan iborat yashirin guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, guruhni tashkil etgan shaxs Rossiya Federatsiyasida mavsumiy ishlashi davomida ekstremistik va terroristik tashkilotlar tarafdorlari ta’siriga tushgan va ularning buzg‘unchi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan.

Keyinroq ishlash uchun Boysun tumanidan borgan o‘z vatandoshlarini ham bu yo‘lga da’vat qilgan. Ta’kidlash lozimki, 1986–2002 yillar oralig‘ida tug‘ilgan guruh a’zolari 2016-2019 yillarda mehnat migranti sifatida Rossiya Federatsiyasida ishlashlari vaqtida o‘zaro yig‘inlar o‘tkazishgan va ekstremistlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan «Abu Saloh», «Abdulloh Zufar», «Sodiq Samarqandiy»larning audio va video murojaatlarini tinglab, xayrixohlik bildirishgan.

Shuningdek, Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilish masalalarini muhokama qilishgan.
Bundan tashqari, ular Suriyadagi safdoshlariga pul mablag‘lari ham yuborishgan.

Turli muddatlarda, ketma-ket O‘zbekistonga qaytib kelganlaridan keyin ham ular o‘zlarining noqonuniy faoliyatlarini davom ettirishgan.
Guruh a’zolarining yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv tadbirlari davomida diniy mazmundagi audio va video fayllar saqlangan 30 dan ortiq mobil telefonlar, 55 ta flesh karta, 54 ta DVD disklar, kompyuter va planshet borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma’lumotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, noqonuniy guruh a’zolaridan olingan materiallar aqidaparastlik va ekstremistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, saqlash va tarqatish taqiqlanadi hamda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jizzax viloyatida ham bu kabi noqonuniy faoliyat kuzatildi.
Xususan, 1998 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan fuqaro 2017-2019 yillarda Turkiya davlatida ishlashi davomida diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushib, ularni o‘z atrofidagilarga targ‘ib qilib kelgan.

Dastavval, u 2000 yilda tug‘ilgan ukasini o‘z ta’siri ostiga olgan. Aka-ukalar «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i orqali ekstremistik oqim g‘oyalarini faol qo‘llab-quvvatlashgan. So‘ngra esa «Telegram» messenjerida virtual guruh yaratib, ushbu guruhga a’zo bo‘lganlarga nisbatan targ‘ibot ishlarini olib borishgan.

Ular «Abu Saloh», «Abdulloh Zufar», «Abdulloh Buxoriy», «Mahmud Abdulmo‘min» kabi ekstremistik oqimlar g‘oyaviy rahnamolarining ma’ruzalari O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, saqlash va tarqatish ta’qiqlangan materiallar ro‘yxatiga kiritilganligini bilsalarda, ularni o‘z tanishlariga tarqatish bilan shug‘ullanishgan.

Ushbu virtual guruhga Jizzax shahrida va Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi 1983-1998 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 23 nafar yoshlar a’zo bo‘lishgan. Ulardan 250 dan ortiq audio-video shakldagi diniy materiallar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)