18:15 / 03.08.2020
1 587

Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari belgilandi

Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining «Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari to‘g‘risida»gi Nizomi tasdiqlandi.

Nizomda ipoteka krediti yo‘nalishlari, rasmiylashtirish bosqichlari, qarz oluvchining to‘lovga layoqatliligi tahlili hamda ipoteka kreditlarini ajratish bilan bog‘liq tavakkalchilikni boshqarish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, mazkur hujjatda qarz oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda muammolarni hal qilishning muqobil (alternativ) usullari o‘z aksini topgan.

Nizomga asosan aholiga ipoteka krediti banklar tomonidan to‘lovlilik, qaytarishlik, ta’minlanganlik va muddatlilik shartlarida:
- qurilishning belgilangan normalari va qoidalariga rioya qilib, yakka tartibda uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;
- yangi qurilgan yoki ikkilamchi bozordan yakka tartibdagi uy-joyni yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartirani sotib olish;
- yangi qurilgan yoki ikkilamchi bozordan yakka tartibdagi uy-joyni yoki ko‘p kvartirali uyni o‘zining mavjud uy-joyi yoki ko‘p kvartirali uyiga almashtirishga;
- boshqa banklar tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlarini mijozlarga qulay shartlarda qayta moliyalashtirish maqsadlariga ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Nizomda Ipoteka kreditini rasmiylashtirishning barcha bosqichlari, ya’ni bank tomonidan mijozga kerakli maslahatlar berishdan tortib, kreditning yopilishigacha bo‘lgan jarayon batafsil aks ettirilgan.

Qarz oluvchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida mijozlarga:
- ipoteka kreditining asosiy shartlari to‘g‘risidagi axborot varaqasini fuqarolarga bepul tarzda taqdim etish;
- ipoteka krediti bo‘yicha to‘lovlarni to‘lash uchun mijozning imkoniyati yetishi (yoki yetmasligi) haqida tushuntirish berish;
- shartnoma loyihasini tanishib chiqish uchun olib ketish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida mijozlarni xabardor qilish bo‘yicha banklarga vazifalar yuklatilgan.
Shuningdek, Nizomda qarz oluvchi uchun bank foydasiga ipoteka predmetini sug‘urta qilishda sug‘urta tashkilotini mustaqil tanlash vakolati berilgan.

Shu bilan bir qatorda, ipoteka krediti olish uchun buyurtmanomalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish jarayonlari batafsil yoritilgan.

Ipoteka kreditlarini ajratishda bank tavakkalchiliklarini boshqarish jarayonida banklar tomonidan hisobga olinishi lozim bo‘lgan holatlar mazkur hujjatda to‘liq mujassam etilgan.

Nizomga ko‘ra, banklar ipoteka predmetini baholashda baholovchi tashkilotlarni tanlash mezonlarini belgilaydi.
Garov qiymatini har uch yilda yoki ko‘chmas mulk bozorida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganda yangilab turish yuzasidan banklarga tavsiya etilgan.

Nizomga ko‘ra, ipoteka kreditining muddati, hajmi, foiz stavkasi va boshqa shartlari tijorat bankining ichki kredit siyosatiga muvofiq bank va uning mijozi o‘rtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi.

Hujjatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish muddatlari barcha uchun oshkor bo‘lishi zarur.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)