11:00 / 15.08.2020
1 641

O‘runov “Spartak uchun daromad manbaimi yoki istiqboldagi yetakchi?

O‘runov “Spartak uchun daromad manbaimi yoki istiqboldagi yetakchi?
Oston O‘runovning “Spartak” jamoasiga transferi hamon ko‘plab muhokama va tahlillarga mavzu bo‘lmoqda. Buning o‘ziga yarasha sabablar bor, albatta.

Birinchidan, o‘zbek legionerining hali “Ufa”daligida uning qaysi jamoaga o‘tishi haqida ko‘p variantlar muhokama qilindi va yakunda kutilganidek, u “Spartak”ga o‘tdi. “Ufa” uni “Spartak”dan ko‘proq summa taklif qilgan SSKA va “Rubin”ga bermaganida Shamil Gazizovning qo‘li borligi aytilmoqda.

Ikkinchidan, Bundesliga vakili “Gerta” O‘runov transferi bo‘yicha “Spartak”ga besh million yevrolik taklif berdi. “Spartak” uni taklif qilgani yo‘q. Bu ham muhokamalarga sabab.
Haqiqatan, “Spartak” O‘runov borasida qanday rejaga ega ekani ko‘pchilikni qiziqtirmoqda va turli tahlillarni yuzaga keltirmoqda.

Muhim versiyalardan biri “Spartak” Oston O‘runov transferidan katta foyda olishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkinligidir. Agar moskvaliklar 1,5 million yevro evaziga olib kelingan futolchini “Gerta” taklif qilgan 5 million yevroga qo‘yib yuborsa ham, Rossiya futboli o‘lchovlari bo‘yicha mo‘maygina daromad qiladi.

“Spartak” o‘zbek futbolchisini kamida 15 million yevroga baholayotgani haqida xabarlar tarqatildi. Bu bilan “Spartak” O‘runovning transferini 5 milliondan yana ozgina ko‘tarmoqchiga o‘xshaydi. Chunki hech bir klub birinchi so‘rovdayoq futbolchini qo‘yib yubormaydi. So‘ragan jamoa ham dastlabki taklifda aslida mo‘ljalidagi mablag‘ni kamroq aytadi. Buyog‘i savdolashish san’ati va agentlar mahoratiga bog‘liq. Oston 15 millionli talabga javob berishi uchun “Spartak”da maydonga tushib, nimalarnidir qoyil qilib qo‘yishi kerakligini o‘zi ham biladi. Chunki hali maydonda o‘zini ko‘rsatmagan futbolchining transfer summasi bir kechada 1,5 milliondan 15 millionga ko‘tarilishi real hayotda deyarli uchramaydigan voqelikdir.

Agar “Spartak” O‘runovni ma’lum muddat o‘ynatib, savdosini kelishtirib, o‘zi mo‘ljallangan summaga transfer qilsa, demak, oldindan hamyurtimizdan daromad manbai sifatida foydalanishni ko‘zlagan bo‘lib chiqadi. Hozirgi biznes zamonida buning aybi yo‘q. Ostonning kuchli beshlik jamoalariga o‘tib, o‘ynab ketishidan o‘zbek futboli faqat yutadi. Hech bo‘lmaganda, futbolimiz G‘arbiy Yevropada reklama bo‘ladi.

Bu vaziyatda tanganing ikkinchi tomoni ham bor. “Spartak” yosh va katta iste’dod egasi, deb qaralayotgan futbolchini kelajakda muhim masalalarni hal qilishga qodir yetakchi o‘yinchi sifatida tarbiyalashni maqsad qilgan bo‘lishi ham mumkin. Mutaxassislar Rossiya futbolidan yetishib chiqayotgan o‘yinchilarning o‘yin uslubi bir xil ekanini va ular yangilik qila olmasligini ko‘p tanqid qilishadi. Oston O‘runov esa, premer-ligada o‘zi ishtirok etgan o‘nta uchrashuvning barchasida kreativ o‘yin uslubi, ajoyib driblingi, kurashuvchanligi va jangovarligi bilan ajralib turganini qadrlashmoqda.

Hozircha Ostonning harakatlarida ayrim xom jihatlari bo‘lsa-da, lekin umumiy olib qaraganda, yaqin kelajakda jamoa o‘yinini ushlab turadigan futbolchi maqomiga yetishi uchun salohiyati va imkoniyati katta ekanini ta’kidlash lozim. “Spartak” esa iste’dodli futbolchilarni qudratli o‘yinchilar qilib tarbiyalashda tajribasi katta jamoalar orasida yetakchilardan hisoblanadi.

Tan olib aytishimiz kerakki, biz qanchalar istamaylik, Oston O‘runov uchun “Spartak” asosiy tarkibidan muqim o‘rin olish ancha qiyin bo‘ladi. Birinchi navbatda, Ostonga Rossiya premer-ligasidagi legionerlar soniga kiritilgan cheklov halaqit beradi. Klublar bir vaqtning o‘zida 8 nafardan ko‘p legionerni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Bu vaziyatda “Spartak” ham xorijlik futbolchini zaxirada olib o‘tirishdan jiddiy zarar ko‘radi. Demak, Oston hozirning o‘zida moskvaliklarning asosiy o‘yinchisiga aylangan Roman Zobnin va Aleks Kralni raqobatda yengishi kerak. Ulardan tashqari, o‘z salohiyatini namoyish etgan Nail Umarov ham bor. “Spartak” bu futbolchilar bilan cheklanmasdan, kuchli beshlik chempionatlaridan yana legionerlar olishga harakat qilmoqda. Xususan, “Nant” jamoasidan maydon markazida to‘p suradigan Abdulaye Ture kelishi kutilmoqda.

Maydon markazidagi raqobat kuchayib ketgan taqdirda Oston O‘runovning o‘ng qanot yoki himoya markazida o‘ynay olish qobiliyati ham unga qo‘l kelishi mumkin. Lekin Ostonning maydondagi asl vazifasi boshqa va ampluasini o‘zgartirish uning transfer qiymatiga salbiy ta’sir etadi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, “Spartak” O‘runovni kelajakda kuyib qolish uchun olib kelmagan. Ostonning oldida asosan ikkita yo‘l bor. U yaxshigina transfer summasi evaziga boshqa chempionatga ko‘chib o‘tishi mumkin. Yoki jamoadagi ichki raqobatni yengib, haqiqiy yetakchiga aylanadi va “Spartak”ni katta yutuqlar sari yetaklaydi.

Voqealar qay tarzda rivoj topishi hozircha qorong‘u. Hamma sport formasini tiklayotgan Ostonning debyutini kutmoqda. Oston Yevropaga ketsa ham, “Spartak”da o‘z o‘rnini topsa ham, har ikki variant o‘zbek futboli manfaatiga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)