21:23 / 25.09.2020
1 431

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning Sariag‘ash shahrida uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning Sariag‘ash shahrida uchrashdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘istonning birinchi prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev 25 sentabr kuni amaliy uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv Qozog‘iston tomonining taklifiga binoan, Turkiston viloyatining O‘zbekiston bilan chegaradosh hududidagi Sariag‘ash shahrida o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston—Qozog‘iston strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining oqibatlarini tez fursatda yengib o‘tish maqsadida hukumatlar darajasida yaqindan muvofiqlashuv va samarali hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va tovar ayirboshlashning o‘zaro kelishilgan ko‘rsatkichlariga erishish uchun qulay sharoitlar shakllantirishni davom ettirish, qabul qilingan qo‘shma «Yo‘l xaritasi» doirasida sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida kooperatsiya bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, mintaqaviy sheriklikni, jumladan, 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi yakunida erishilgan kelishuvlar asosida ilgari surish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, MDH doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik rishtalari va har tomonlama aloqalarni mustahkamlashda doimo qat’iy ekanliklarini yana bir bor ta’kidladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)