21:30 / 13.11.2020
2 276

Kambag‘alga kompyuter va farzandlari o‘qishi uchun mashinadan voz kechgan ota

Kambag‘alga kompyuter va farzandlari o‘qishi uchun mashinadan voz kechgan ota
O‘zbekistonda hozir kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishlar juda ommalashgan — issiqxona, baliqchilik, hunarmandlik. Bularning barchasi juda yaxshi albatta. Ammo boshqa bir qator imkoniyatlar ham borki, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev shu haqda gapirdi.

Kambag‘allikdan chiqarish uchun yer ajratish va issiqxona qurib berish kerak, ammo bu ishlar avval ham bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Ammo yosh yigit-qizlarimizning o‘qishga salgina bo‘lsa-da uquvi bo‘lsa, nima uchun o‘shani rivojlantirmasligimiz kerak? Aytaylik, unga ta’lim bersak, IT sohasida biror ish qila oladi. Shunday ekan, nimaga uni o‘qitib, bitta kompyuter olib berish orqali kambag‘allikdan chiqara olmaymiz? — dedi Alisher Sa’dullayev.

Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘libdi hamki, IT-park va markazlar qurilmagan viloyat tugul, tumanlar ham qolmayapti. Mana shunday katta imkoniyatdan keng qamrovda, batamom foydalanilyaptimi? Shu savolni o‘zimizga berib turishimiz kerakka o‘xshaydi...

Qarshi shahrida yangi qurilgan Yoshlar markazida aynan shu sohaga katta e’tibor bo‘lmoqda. Internet texnologiyalari sohasida katta iqtidorga ega bo‘lgan, frilanserlik qilib, xorij kompaniyalarida yaxshigina pul topayotgan yoshlarga markazdan joy ajratildi. Ular o‘z navbatida esa o‘z navbatida tengqurlariga ish o‘rgatadi.

Biz o‘sha yosh iqtidorlarni targ‘ib qilib, qahramonga aylantirmoqchimiz. Bunday qahramonlar bizga juda kerak. Pul topishni biladigan odamni hamma hurmat qiladi. Unga quloq soladi. Biz mana shu faktordan foydalanishimiz kerak, — deydi Alisher Sa’dullayev.

Albatta bu o‘rinda yana bir savol paydo bo‘lishi aniq — o‘sha yosh iqtidor shusiz ham internetda katta pul topayotgan bo‘lsa, nima uchun boshini og‘ritib, boshqalarga ish o‘rgatishi kerak?

To‘g‘ri, hamma narsa o‘zaro manfaat asosiga qurilishi kerak. Yoshlar markazida ish boshlaydigan iqtidorlarda esa kamida uchta manfaat bo‘ladi, — deydi Sa’dullayev.

Demak, ular nimadan iborat:
1. Bepul ofis.
2. O‘z mahsulotini reklama qiladigan platforma.
3. O‘quv kursida ta’lim olgan yoshlar orasidan eng iqtidorlilarini ajratib olib, o‘z jamoasini tuzish imkoni.

IT sohasida imkoniyatlar bemisl. Katta maosh evaziga xorij kompaniyalariga ishlash yaxshi, albatta. Ammo o‘z jamoangni tashkil etish imkoni mavjud ekan, nima uchun foydalanmaslik kerak, to‘g‘rimi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Yoshlar markaziga qilgan tashrifi vaqtida bir qator iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi. Iroda Abdurahmonova mana shunday yoshlardan biri. Tadbirkor qiz 100 million so‘m kredit oldi va pazandalik, rassomlik, kompyuter kurslari tashkil etdi. E’tiborli tomoni, Iroda yoshlar uchun katta kutubxona va kitob do‘koni ham tashkil etgan.

Tadbirkorlikning moddiy tomonini o‘ylagan yaxshi, ammo ma’naviy qiziqishni ham esdan chiqarib qo‘ymaslik kerak. O‘zim kitob o‘qishga qiziqaman. Shuning uchun kutubxona va do‘kon ham ochdik. Kitoblarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nashriyotdan olganimiz sababli bizda narxlar ancha arzon. Qolaversa, xuddi o‘sha kitobni sotib olmasdan, kutubxonada o‘qib olishlari ham mumkin, — deydi Iroda Abdurahmonova.

Ma’naviyat yaxshi albatta, ammo bu yoqda 100 million so‘mlik kredit qistab turganda, moddiyatni ham unutmaslik lozim bo‘ladi. Yosh tadbirkor qiz bu savolga shunday javob berdi:

Menga har doim ota-onam yordam bergan. Ular uchun bizning ta’lim olishimiz har doim muhim bo‘lgan. Masalan, dadamning daromadi yomon emas, xohlagan vaqtda o‘ziga mashina sotib olsa bo‘lardi. Ammo bor pulini har doim farzandlarining o‘qishiga sarflagan. Kutubxona g‘oyasini aytganimda ham ota-onam qo‘llab-quvvatladi. «Sen olgan kreditni yopishga bizning maoshimiz ham yetadi. Shu ishni boshlamoqchi ekansan, faqat oldinga yur», — deyishdi. Nasib qilsa, kreditni o‘zim uzaman. Besh yilgacha tadbirkorligim yana-da rivojlanib ketishiga ishonaman...

Yevropada shunday gap bor: eng yaxshi sarmoya — farzandlarning o‘qishi uchun sarflangan puldir, deyishadi. Qani edi bizda ham shunday sarmoya ommalashsa...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kambag‘alga kompyuter va farzandlari o‘qishi uchun mashinadan voz kechgan ota