22:55 / 13.11.2020
1 954

Davlat xizmatlari agentligiga pulli xizmatlar nima uchun kerak?

Davlat xizmatlari agentligiga pulli xizmatlar nima uchun kerak?
Foto: Xabar.uz
Qarshida Davlat xizmatlari agentligining yangi markazi ochildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga qilgan tashrifi davomida ushbu markaz faoliyati bilan tanishib chiqdi.

E’tiborli tomoni, bu yerda 45 nafar operator fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi va yana 20 ta pullik xizmat tashkil etiladi. Davlat xizmatlari markazida qanaqa pullik masala bo‘lishi mumkin? Bu savolga DXA direktori Ulug‘bek Muhammadiyev javob berib o‘tdi.

Yangi markazning asosiy konsepsiyasi shundan iboratki, bu yerga kelgan fuqaro yana ovora bo‘lib boshqa idoraga borib yurmasligi kerak. Yaxshi bilamiz, bir qator xususiy xizmat turlari borki, to‘lovlar mavjud. Masalan, notarius, turarjoydagi gaz-suv tarmog‘ini loyihalash va hokazo. Biz mana shunday xizmat turlarini ham markazda tashkil etishga qaror qildik...

Yangi uy olasanmi yoki o‘zing qurasanmi, eng yomoni — yugur-yugur. Avval bitta idorada kunni yarim o‘tadi, keyin boshqasida qosh qorayadi. Qarshidagi yangi markazda esa biryo‘la hamma ishni bitirib ketish imkoni mavjud.

Buning uchun esa biror xodimning ham keragi bo‘lmasligi mumkin. Chunki Davlat xizmatlari markazida to‘rtta o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish burchagi bo‘lib, u yerdagi kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan. Har qanday ishni onlayn bitirib ketish mumkin.

Biz fuqarolarni masofadan ishlashga o‘rgatishimiz lozim. Shunda uzoq qishloqlardan ham ovora bo‘lib, viloyat markaziga kelish shart emas. Mana kompyuter, ana internet — hamma ishni bemalol bitirsa bo‘ladi. Yonimizda IT-markaz ochilmoqda. O‘sha yerdagi yigit-qizlarimiz kelib, fuqarolarga onlayn xizmatlarni o‘rgatib ham qo‘yadi. O‘z navbatida fuqarolarimiz ham mahallasiga borib, qarindosh-urug‘i va qo‘ni-qo‘shnisiga o‘rgatishi mumkin, — deydi Ulug‘bek Muhammadiyev.

Eng muhimi — bu yerda bir yo‘la 300 kishi qulay o‘rindiqlarda navbat kutishi va shu asnoda ovqatlanib olishi yoki kitob o‘qishi mumkin. Nima uchun aynan shu narsa muhim? Chunki komfort har qanday xizmat turining eng asosiy shiori bo‘lishi kerak.

Davlatimiz rahbari markazni ko‘zdan kechirish asnosida odamlar talabidan kelib chiqib, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, mahallalar bilan onlayn bog‘lanib, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday markazlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlardan odamlarning xabardorligini oshirib, keng foydalanishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.

Davlat xizmatlari markazi orqali odamlar davlatning e’tiborini sezishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat xizmatlari agentligiga pulli xizmatlar nima uchun kerak?