
Foto: Getty Images
O‘zbekistonda 2021 yilning iyuniga qadar 60 foizgacha aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilmoqda. «Gazeta.uz»ning xabar berishicha, bu haqda Sanitariya-epidemiologik farovonlik agentligi birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov «COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha yangi ilmiy ma’lumotlar» virtual simpoziumida ma’lum qildi.
Agentlik rahbari o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, ayni paytda O‘zbekistonda vaksinatsiyalash ishlarini tashkil etish bo‘yicha bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda. «Hozir biz dunyoda kim birinchi bo‘lib ro‘yxatga olishini, ikkinchi navbatda esa kim o‘z vaksinasini sotishini kutyapmiz», — deb ta’kidlagan Botirjon Qurbonov.
Uning aytishicha, hozirda O‘zbekiston vaksinani sotib olish bo‘yicha xususiy sektorlar bilan ham muzokaralar olib bormoqda. «Vaksinani olishimiz bilan odamlarni emlaymiz», — deya qo‘shimcha qilgan Botirjon Qurbonov.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida O‘zbekiston JSSTning COVAX (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qo‘shilgan edi. Bundan tashqari, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekistonda Xitoy, Rossiya, Yevropa va AQSH vaksinalarini sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar