16:30 / 28.11.2020
2 533

DXX giyohvand moddalar savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi

DXX giyohvand moddalar savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi E.J. “Lada Largus” rusumli avtomashinada kelib, “Toshkent-Bekobod” avtomagistral yo‘lidagi 91-yo‘l belgisining tag qismiga yashirib ketilgan, umumiy og‘irligi 1 kg 908 gramm bo‘lgan 2 dona o‘ramdagi “opiy” giyohvand moddasini olib ketayotgan vaqtida DXX Chegara Qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Aniqlanishicha, ushbu og‘u Tojikiston Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatimiz hududiga olib o‘tilgan.

DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi va viloyat IIB xodimlarining Urgut tumanida hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mahalliy fuqarolar R.S. va N.Sh. kontrabanda yo‘li bilan respublikamiz hududiga olib kelingan 820 gr. «opiy» giyohvand moddasini 120 mln. so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, ularning sheriklari, ya’ni og‘u sotishda xaridor topish bilan shug‘ullangan M.J. ham qo‘lga olindi.

Bundan tashqari, Tayloq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Urgut tumanida istiqomat qiluvchi B.F. 481 gr. «opiy» moddasini 10 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi. Muqaddam aynan giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan mazkur fuqaro o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlarining Bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmasi xodimlarini jalb qilgan holda Namangan shahrida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi H.M. boshqaruvidagi “Jiguli” rusumli avtomashina to‘xtatildi. Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 3360 dona “Lirika” dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi. Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs ushbu kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy ravishda mamlakatimiz hududiga olib o‘tgan.

DXX xodimlarining boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida esa mahalliy fuqaro A.A.ning avtomashinasidan va yashash manzilidan tarkibida giyohvand modda bo‘lgan 1056 dona “Tramadol” va kuchli ta’sir qiluvchi 1081 dona “Lirika” dori vositalari olindi.

DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Neksiya-3» rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirildi. Natijada avtomobil egasi fuqaro X.I. va avtomobil salonida bo‘lgan X.G. hamda M.O.da jami 249 dona “Tramadol”, “Lirika”, “Regapen”, “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi. Ta’kidlash lozimki, X.G. va M.O. muqaddam shu kabi xatti-harakatlarni sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan bo‘lsalarda, lekin xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador boshqa shaxslarni ham aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX giyohvand moddalar savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi