09:39 / 01.12.2020
2 672

Andijon viloyati prokuraturasiga shikoyat bilan kelgan ayol ustiga benzin sepib, o‘zini yoqib yubordi

Andijon viloyati prokuraturasiga shikoyat bilan kelgan ayol ustiga benzin sepib, o‘zini yoqib yubordi
Foto: Shutterstock
Andijon viloyati prokuraturasiga shikoyat bilan borgan ayol olgan javobidan qoniqmay, idora avtoturargohida ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘yib yubordi. Tanasining 15 foizi kuygan ayol ayni paytda shifoxonada. Ahvoli o‘rtacha og‘ir ekani aytilmoqda.

Voqea 30 noyabr, dushanba kuni soat 13:20lar atrofida ro‘y bergan. Hodisada turmush o‘rtog‘ining ham faol ishtiroki borligi aytilmoqda. Ayol voqeadan oldin viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari qabulida bo‘lgan.

Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, ushbu fuqaro tergov organining vakolatiga kirmaydigan chora ko‘rishni so‘ragan.

Voqea oiladagi boshqa bir suitsid bilan bog‘liq
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, voqealar rivoji shu yilning 24 iyuliga borib taqaladi. O‘sha kuni kech soat 23:00larda Marhamat tumani «Tosh yo‘li» MFY Sadoqat ko‘chasida yashovchi 21 yoshli N.M., sevgan yigitini kutib turgan voyaga yetmagan qiz T.M.ni telefoniga suratga olgan. Shundan so‘ng N.M. bu suratlarni qizning ota-onasi va profilaktika inspektoriga ko‘rsatishini aytgan.

Bundan qo‘rqqan T.M. o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov hozirda davom etmoqda.

Tergovdan norozi ona
Marhum qizning onasi S.B. olib borilayotgan tergov harakatlaridan norozi bo‘lib, 30 noyabr kuni soat 12:15larda Andijon viloyat prokuraturasiga kelgan va viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari F.Rahmonov qabulida bo‘lgan.

«U qabul jarayonida tergovchi tomonidan ularning talablari bajarilmasdan, uning fikricha qizining vafotiga aybdor bo‘lgan N.M.dan yetkazilgan zarar hisobiga «Spark» avtomashinasi undirilmayotganidan noroziligini bildirgan.

Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari F.Rahmonov qabul jarayonida jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotgani, «Spark» avtomashinasini undirish tergov organlarining vakolatiga kirmasligi, tergov yakuni bo‘yicha barcha aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini tushuntirgan
», – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Ayolni suitsidga eri undagani aytildi
Olingan javobdan qoniqish xosil qilmagan ayol «Spark» mashinasi undirilmagan taqdirda, o‘ziga o‘t yoqib, joniga qasd qilishini bildirgan va viloyat prokuraturasini tark etgan. Vaziyat keskinlashuvi va boshqa holatlarning oldini olish uchun Andijon viloyat IIB post-patrul xizmati xodimlari viloyat prokuraturasiga chaqirilgan.

Shu kuni soat 13:20larda S.B. viloyat prokuraturasi avtoturargohida baqirib, boshqa shaxslarni o‘ziga jalb qilib, o‘z ustidan benzin quygan.
Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, ayol ichida benzin bo‘lgan 1 litrli plastmassa idishni turmush o‘rtog‘i X.T.dan olgan. Ayol o‘sha vaqtda o‘zini yoqib, prokuratura binosi ichiga yugurib kirib ketish haqida o‘z eridan ko‘rsatma olgani aytilmoqda.

Voqeani kuzatib turgan Andijon viloyat IIB post-patrul xizmati xodimlari S.B.ning egnida yonayotgan kiyimlarini yechib olib, og‘ir jarohat olishining oldini olgan.

Bemor shok holatda
Ayolning yuzi, qo‘llari, bo‘yin va ko‘krak qafasi sohalari – tanasining jami 15 foiz qismi kuygan.
RSHTYOIM Andijon viloyat filiali mas’ul xodimi Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, fuqaro S.B shifoxonaga soat 14:30larda olib kelinib, kuyish bo‘limiga yotqizilgan.

Ma’lum qilinishicha, 30 noyabr kechqurun holatiga ahvoli «o‘rtacha og‘ir» deya tavsiflangan. Bemor ayni paytda shok holatida.

Kun.uz viloyat IIBdan olgan ma’lumotlar ham yuqoridagi Bosh prokuratura axborotlarini takrorlaydi. IIB xabaridan ma’lum bo‘lishicha, ayol Marhamat tuman Xo‘jaariq MFY Ulug‘vor ko‘chasida istiqomat qiladi.

Holat bo‘yicha Andijon shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv boshlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)