22:40 / 26.12.2020
2 262

Tekshiruvlar keskin qisqaradi

Tekshiruvlar keskin qisqaradi
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda yurtimizda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi 90 ta birinchi va 947 ta ikkinchi toifadagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mavjud bo‘lib, 2019 yilda ulardan atigi 558 tasi vakolatli organlar tomonidan ifloslanish manbalari monitoringi bilan qamrab olingan.

Vaholanki, dunyoning aksariyat davlatlarida atrof-muhit muhofazasi va tabiatdan oqilona foydalanishni nazoratga olish maqsadida barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ekologik nazorat institutining nodavlat, mustaqil maxsus turi — ekologik audit qo‘llaniladi. Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Niderlandiya kabi davlatlarda ekologik auditorlik faoliyati alohida qonun hujjati bilan tartibga solingan.

Shundan kelib chiqib, 2020 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakatimizda ekologik audit sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan – «Ekologik audit to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda atroflicha muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi Prezidentimizning 2018 yil 3 oktabrdagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, ekologik auditni tartibga solishda xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Xalqaro amaliyotda auditorlik tekshiruvining ijobiy natijalari korxonaning investitsion jozibadorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini rejalashtirish, tejamkor texnologiyalarni tanlash, ekologik boshqaruv tizimini to‘g‘ri va maqsadli yo‘lga qo‘yish imkonini yaratadi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining amaliyotga keng tatbiq etilishi mamlakatimizda ekologik audit sohasidagi yangi xizmatlar bozorini rivojlantirishga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarining faoliyatini davlat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarni faqat qonun doirasida o‘tkazishga va shu bois tekshirishlar soni keskin kamayishiga, pirovard natijada esa atrof-muhitni muhofaza qilishga hamda fuqarolarga qulay va xavfsiz atrof-muhit yaratilishiga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)