10:23 / 02.01.2021
1 998

O‘zbekistonda 100 dan ortiq maktablarda «Xavfsiz maktab» tizimi joriy etildi

O‘zbekistonda 100 dan ortiq maktablarda «Xavfsiz maktab» tizimi joriy etildi
Umumta’lim maktablarida o‘quvchilar davomatini elektron hisobga olish tizimi loyihasi konsepsiyasini amalga oshirish doirasida Toshkentdagi 100 dan ortiq maktablarga «Xavfsiz maktab» loyihasi doirasida «Face ID – Yuzdan tanish» texnologiyalariga asoslangan elektron davomat tizimi joriy etilmoqda, deya xabar bermoqda «Yangi O‘zbekiston» nashri.

Ushbu tizim inson yuzidan tanish texnologiyasi asosida ishlashi hamda to‘siqli turniketlar, plastik kartalar va boshqa uskunalar talab etilmasligi va joylashtirilmasligi sababli, o‘quvchilarning maktab hududiga kirish va chiqishlari jarayonini to‘siqsiz va xavfsiz tashkil etish imkonini beradi.

Shu bilan birga, biror bir o‘quvchi qaysidir sababga ko‘ra maktabga kelmasa yoki kechga qolib kelsa, ushbu holat bo‘yicha ma’lumot markaziy serverda avtomatik ravishda aks ettiriladi. Bu esa maktabda o‘quvchilar qatnovi to‘g‘risida ma’lumotlardan onlayn tartibda maktab ma’muriyati, hududiy xalq ta’limi idoralari va vazirlikka xabardor bo‘lib turishlari imkonini beradi.

Tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, maktab hududiga begona shaxslarning kirib chiqishi nazorat ostida bo‘ladi. Ya’ni maktab o‘quvchilari va ishchi-xodimlari bazasida yo‘q bo‘lgan shaxslar maktab hududiga kirishi bilanoq bu haqda maktab direktori va boshqa mas’ul shaxslar xabardor bo‘ladi.

«Xavfsiz maktab» loyihasi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida joriy qilinmoqda. 2021–2022-o‘quv yilida Toshkent shahrining 297 ta umumta’lim maktablarida ushbu loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning boshqa qonuniy vakillariga farzandlarining maktab hududiga kirishlari va chiqishlarini yagona tizim orqali kuzatishlari uchun imkoniyat yaratiladi. Mazkur xizmatdan foydalanish to‘liq ixtiyoriy bo‘lib, undan foydalanish istagida bo‘lganlar tizimda ro‘yxatdan o‘tishlari va loyihani amalga oshiruvchi xususiy sherik tomonidan belgilanadigan to‘lovni amalga oshirishlari lozim bo‘ladi.

Mazkur tizim O‘zbekiston Prezidentining «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan mamlakatning boshqa hududlarida ham joriy etiladi.

Kelgusida mamlakatning barcha umumta’lim maktablari bosqichma-bosqich «Xavfsiz maktab» loyihasi bilan qamrab olinishi va buning uchun qo‘shimcha davlat-xususiy sheriklik loyihalari joriy etilishi yoki xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘lari hamda boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshirilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda 100 dan ortiq maktablarda «Xavfsiz maktab» tizimi joriy etildi