22:00 / 14.01.2021
780

Tafakkur va aql bir xil narsani anglatadimi?

Tafakkur va aql bir xil narsani anglatadimi?
Nima uchun ba’zilar yuqori tafakkur egasi bo‘ladi-yu, boshqa birovlar qanchalik urinmasin yetuklikka erisha olmaydi. Tafakkur darajasi naslga bog‘liqmi? Yetuk tafakkurga ega bo‘lish uchun kuchli xotiraga ega bo‘lish kerakmi? Xotira bilan tafakkur orasida qanday bog‘liqlik bor? Tafakkur nima uchun pasayadi? Nima uchun aqli zaif bolalar tug‘iladi yoki nima uchun sog‘lom fikrlaydigan odamlar orasida yoshi o‘tgandan so‘ng aqli zaiflashib boradiganlar bor?

Savol: Zarifboy Rajabovich. Tafakkur o‘zi nima?
Javob:
Qaniydi, bu savolingizga qisqa iboralar bilan javob bera olsam. Bu o‘ta murakkab savolga o‘tmishning buyuk allomalari-yu, hozirgi zamonning yetuk olimlari ham mukammal javob bera olmagan. Tafakkurni izohlab berish mumkin, biroq unga to‘laqonli ta’rif berish o‘ta mushkul. Men bundan bir necha yillar oldin respublikamizning ko‘zga ko‘ringan yirik olimi bilan uchrashib qoldim. U kishi menga afsonaomuz qiziq bir voqeani aytib berdi.

Qadimda bir faylasufning juda o‘tkir va qiziquvchan shogirdi bo‘lgan ekan. U ko‘p narsaga qiziqarkan va ko‘p narsani bilishni xohlarkan. Shogird savollar beraverib ustozini tinch qo‘ymas ekan. Bir kuni shogird kitob mutolaa qilayotib mizg‘ib qolibdi. Tushida undan bir darvesh so‘rabdi: «Ey, aqlli yigit! Sen ko‘p kitob mutolaa qilasan. Seni aqlli yigit deyishadi. Qani aytchi, aql nima o‘zi?». Yigit qancha urinsa ham bu savolga javob bera olmay yarim tunda uyg‘onib ketibdi. U erta tonggacha bu savol haqida o‘ylab, jo‘yali javob topa olmabdi. U aql nimaligi haqida javob olish uchun erta saharda ustozi yoniga otlanibdi.

Shogird ustozidan so‘rabdi: «Ustoz, aql nima o‘zi?». Shunda ustoz aql haqida uzoq so‘zlay ketibdi. Ustoz aql nimaligini o‘z shogirdiga yaxshiroq tushuntirish uchun aqlli iboralarga boy hikoya va matallarni misol qilib, uzoq tariflabdi. Ustozning aql haqidagi uzundan-uzoq izohlarini eshitaverib, shogirdning aqli ozay deb qolibdi. Shogirdining bu ahvoliga achingan ustoz: «Kel, shogirdim bor aqlidan ham ayrilmasin», deb aql haqidagi tushuntirishlarini to‘xtatibdi. Shunda shogird so‘rabdi: «Ustoz, nega jim bo‘lib qoldingiz?». Ustoz javob qaytaribdi: «O‘g‘lim, aql haqida faqat aqlsizlargina uzoq va’zxonlik qila oladi. Kel, shu mavzuni to‘xtaqolaylik». Shu-shu aqlga ta’rif berishdan donolar o‘zini tiyar ekanlar.

E’tibor qilsangiz falsafa, pedagogika, psixologiya, psixiatriya, nevrologiya, neyrobiologiya, diniy kitoblarda ham aql va tafakkur haqida ma’lumotlar beriladi. Tafakkurni juda ko‘p fanlar o‘rgansa-da, tinimsiz ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilsa-da, uning mexanizmlari hanuzgacha to‘la-to‘kis o‘rganilmagan. Biroq tafakkur olingan ilm va tajribalar asosida shakllanishini alohida qayd qilib o‘tish lozim.

Savol: Siz, tafakkur olingan ilm va tajribalar asosida shakllanadi, dedingiz. Biroq ba’zi bolalar 3–5 yoshligidan aqlli iboralar aytadigan bo‘lishadi, o‘z tengdoshlaridan ilgarilab ketishadi. Bunga nima deysiz? Tafakkur naslga bog‘liqmi?
Javob:
Men «Epilepsiya» va «Bebosh bola sindromi» haqida bergan intervyularim va «Tibbiyot psixologiyasi» nomli kitobimda bu to‘g‘rida yetarli ma’lumotlar berganman. U yerda Alisher Navoiy, Imom al-Buxoriy, Motsart, Bax kabi buyuk daholarda iste’dod kurtaklari erta bolalik davridan ko‘zga tashlanganligi va bu holatning asl ildizlari haqida so‘z yuritilgan.

Talant kurtaklari yoki tafakkurning ilk nishonalari haqiqatan ham ba’zilarda erta bolalik davridayoq ko‘zga tashlanadi. Biroq erta maktab yoshidagi bola yomon o‘qisa yoki bebosh bo‘lsa, boladan umid uzish kerak emas. Chunki ba’zilarda insonni hayratda qoldiradigan qobiliyat alomatlari keyinroq vujudga keladi. Masalan, A.Eynshteyn maktabda yomon o‘qiganini ko‘pchilik biladi. Demak, bola tarbiyasi va o‘qishidan hech qachon umid uzmaslik kerak. Sizni xafa qilib maktabda yomon o‘qiyotgan bola keyinchalik mashhur inson bo‘lib ketishi mumkin.

Savol: Tafakkur naslga bog‘liqmi?
Javob:
Tafakkur bus-butunligicha nasl¬ga bog‘liq bo‘la olmaydi. Uning qaysidir qirra¬lari naslga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Dunyoni lol qoldirgan buyuk allomalarning ota-onalari oddiy kosib yoki temirchi bo‘lganligi va aksincha, o‘ta iqtidorli odamlarning farzandlari savodsiz bo‘lib yetishishi mumkinligini ko‘pchilik biladi. Erta bolalik davridan aqlli iboralar aytadigan ba’zi bolalar 5–6-sinfga borib, kitob o‘qimaydigan bo‘lib qolishi va hatto maktabni zo‘rg‘a tamomlashi ham sir emas. Demak, bu tushunchaga nisbiy qarash kerak.

Bola, odatda, barcha fanlarni bir xil tarzda yaxshi o‘zlashtira olmaydi. U qaysidir fandan yaxshi o‘qisa yoki qaysidir to‘garakka (ustachilik, tikuvchilik, pishiriq tayyorlash, musiqa, rasm solish, sport) qiziqsa, asosiy urg‘uni shu yo‘nalishga berish lozim. Rasmni chiroyli qilib chizadigan yoki skripkani qoyilmaqom chaladigan bolaga matematika yoki fizikani o‘qishga majburlash endi dunyoga kelayotgan iste’dodni yo‘qqa chiqarishi mumkin. O‘ziga yoqmagan ish bilan shug‘ullanishga majbur etishning oqibatlari yomon bo‘ladi.

Savol: Xotira va tafakkur orasida qanday bog‘liqlik bor? Tafakkur kuchli bo‘lishi uchun xotira kuchli bo‘lishi shart deyishadi. Shu to‘g‘rimi?
Javob:
Noto‘g‘ri. Xotira tafakkur rivojlanishining dastlabki bosqichlarida asosiy ahamiyatga ega. Xotira ham tafakkurga o‘xshagan murakkab jarayonlardan iborat. Uning turlari ham ko‘p. Masalan, operativ yoki qisqa muddatli xotira (asosan, eslab qolish uchun mas’ul bo‘lgan) yoshlarda kuchli bo‘lsa, semantik xotira (ma’no va tushunchalarga mas’ul xotira) katta yoshdagilarda kuchli ifodalangan bo‘ladi. Ba’zilarda ko‘rish, ba’zilarda eshitish, ba’zilarda ta’m bilish xotirasi kuchli bo‘ladi.

Xotirasi kuchli odamning tafakkuri ham kuchli bo‘ladi, degan aqida har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Umumlashtirib oladigan bo‘lsak, talabaning xotirasi institutdagi domlaning xotirasidan, maktab o‘quvchisining xotirasi esa talabaning xotirasidan kuchli. Biroq maktab o‘quvchisidan talabaning tafakkuri, talabaning tafakkuridan institutda dars beradigan domlaning tafakkuri yaxshi rivojlangan. Oddiy qilib aytganda, xotira elementlari – bu osh qilish uchun to‘plangan masalliqlar (sabzi, go‘sht, guruch va h.k) bo‘lsa, tafakkur osh qilish jarayonining o‘zini bildiradi. Oshga qanday masalliqlar kerak-ligini hamma biladi, biroq hamma ham oshni maromiga yetkazib tayyorlay olmaydi.

Savol: Talabalar test savollarini bir zumda yodlab, yaxshi baholar olishadi, biroq og‘zaki savol-javoblarda qiynalishadi. Bu nima bilan bog‘liq?
Javob:
To‘g‘ri! Aksariyat talabalar 1000 ta testni bir kunda yodlab olishadi va ertasi kuni kompyuter orqali qabul qilingan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishadi. Chunki bu yerda qisqa muddatli xotira ishga tushadi. Qisqa muddatli xotiraning vazifasi axborotni qisqa muddat saqlashdan iborat. Vazifa bajarilganidan ke¬yin miyada xotira izlari o‘chirilsin, degan buyruq ishga tushadi. Agar 5 baho olgan talabadan uni ogohlantirmasdan 3 kundan keyin xuddi shu savollarni kompyuterga qo‘yib, yana imtihon olsangiz, u imtihondan o‘ta olmaydi. Shu bois ham unga qisqa muddatli xotira deyishadi.

Ma’lumki, imtihonlar og‘zaki usul bilan ham qabul qilinadi. Og‘zaki imtihondan o‘tish uchun talabaga semantik xotira zarur. Semantik xotira – bu deyarli tafakkur degani. Semantik xotira shakllanishi uchun barcha xotira mexanizmlari (ayniqsa, uzoq muddatli xotira) izga tushadi. Shuning uchun og‘zaki imtihon bilan kompyuterda test orqali topshirilgan imtihon baholari orasida katta tafovut bo‘ladi. O‘qituvchilar orasida pedagogik kengashlarda bo‘ladigan tortishuvlar ham mana shundan kelib chiqadi. Tez fursatda yodlab olinadigan 1000 ta testdan, semantik xotirani ishga soluvchi 100 ta test afzal! Bu haqda institutda dars beradigan pedagoglar o‘ylab ko‘rishsa, yaxshi bo‘lardi.

Savol: Nima uchun buyuk shaxslar, ko‘pincha ,parishonxotir bo‘lishadi? Shu o‘rinda tafakkur pasa¬yib borishining sababini ham aytib o‘tsangiz.
Javob:
Haqiqatan ham kuchli ilm sohiblari parishonxotir bo‘li-shadi. Parishonxotirlik – bu diqqat tarqoqligi va u albatta xotiraga ta’sir qiladi. Kuchli olimlar doimo hayol surib yurishadi, ko‘p ixtirolar modelini hayol surib yaratishadi, g‘oyalar doimiy hayol surishlar orqali dunyoga keladi, hayol surishlar tungi uyqusizliklar sababchisi hamdir. Buning natijasida atrofdagilar bilan bo‘layotgan savol-javoblar va gap-so‘zlarga go‘yoki diqqatini qaratmaydi. Diqqat qilinmagan narsa esda saqlanmaydi.

Savol: Ustoz, orzu nima-yu, hayol nima? G‘oyachi?
Javob:
Orzu bilan hayolni chalkashtirmaslik kerak. Orzu – atrofingizda uchib yuradigan shirin hayol. Uni ushlash kerak! Agar ushlamasangiz, «paypaslab ko‘rmasangiz» va ishga solmasangiz quruq orzu bilan qolib ketasiz. G‘oya esa amalga oshgan hayoldir. Yuksak tafakkur egalarida hayol ko‘p hollarda g‘oyaga aylanadi. Tasodifan yaratilgan g‘oyalar oddiy bir hayollar negizida yuzaga keladi. Buning orqasidan qanchalik buyuk shaxslar Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. Mark Tven, Albert Eynshteyn ajoyib hayolparast bo‘lishgan. Bunday misollarni ko‘p.

Savol: Parishonxotirlik oddiy odamlarda ham ko‘p-ku... To‘g‘rimi?
Javob:
Parishonxotirlik nafaqat buyuklar, balki oddiy odamlar orasida ham kuzatiladi. Ba’zi odamlarning (ayniqsa, 50-60 yoshdan so‘ng) diqqati tarqoqlashib, xotirasi pasayib, tafakkur doirasi torayib boradi. Yosh o‘tgan sayin bu holat kuchaya boshlaydi. Xotira va tafakkurning bunday buzilishlari ateroskleroz, ensefalopatiya, bosh miya jarohatlari, gipertoniya kasalligi kabi holatlarda uchraydi. Katta yoshdagilarda tafakkur pasayishiga demensiya deb aytiladi. Demensiya Alsxaymer kasalligining asosiy belgisidir. Bolalarda uchraydigan aqliy zaiflikka oligofreniya deyiladi. Oligofreniya tug‘ma bo‘ladi yoki turli bosh miya kasallik¬lari sababli rivojlanadi. Qarindosh-urug‘lar orasida turmush qurish ham aqliy zaif bolalar tug‘ilishiga sababchi bo‘ladi.

Savol: Siz xotira va tafakkur buzilishlari kattalar uchun xos deb aytdingiz. Mening bir o‘rtog‘im yosh bo‘lsa ham o‘ta parishonxotir, ko‘p narsani eslab qola olmaydi, matnlarni hadeb yodlayveradi. Bunga nima deysiz?
Javob:
To‘g‘ri! Diqqat va xotira buzilishlari yoshlarda ham ko‘p uchraydi. Biroq bu buzilishlarning sababi bosh miya kasalliklari bo‘lmasligi mumkin. Yoshlarda uchraydigan diqqat va xotira buzilishining asosiy sababi – bu nevroz. Ularga xotirani kuchaytiruvchi dorilar yordam bermaydi. Ulardagi nevrozni bartaraf etish, uning sabablarini izlab topish, turmush tarzini bir maromga keltirish, sekin-asta eslab qolish qobiliyatini tiklaydi. Bunga juda ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Bizning klinikaga 23 yashar ishbilarmon ayol murojaat qilgan edi. Hech narsani eslab qola olmayman, hech qaysi davolash usullari yordam bermayapti, deb siqildi. Hamma tekshiruvlardan o‘tib kelibdi. Men uning nevrologik va neyropsixologik statusini tekshirib, EEG va MRT xulosalarini ko‘rib chiqdim. Unda xotira buzilishiga sabab bo‘ladigan hech qanday kasallik aniqlanmadi. Unga «nevroz» deb tashxis qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Ishga sho‘ng‘igan bu ayol kuniga 12 soat tinmay ishlarkan.

Shu jadallikda ishlagan ayol bir necha oylardan so‘ng jahldor va jizzaki bo‘lib qoladi, sekin-asta xotirasi pasaya boshlaydi. Bundan nafaqat qo‘l ostida ishlaydigan xodimlari, balki oila a’zolari ham aziyat cheka boshlaydi. Uzoq psixologik suhbatlardan so‘ng men unga oddiy tinch-lantiruvchi dorilar yozib berdim va turmush tarzini o‘zgartirishi lozimligini aytdim. Oradan bir oylar o‘tib, uning xotirasi tiklana boshladi. Demak, og‘ir buzilishlarning davosi oddiy usullar va turmush tarzini to‘g‘ri olib borishdan iborat bo‘lishi mumkin.

Savol: Tafakkur va aql bir xil ma’noni anglatadimi? Ular sinonim tushunchalarmi?
Javob:
Aql tafakkurning sinonimi emas. Aql va tafakkur bir-biriga yaqin iboralar bo‘lsa-da, ular bitta ma’noni anglatmaydi. Aql tafakkurga qaraganda kengroq ma’noni qamrab olgan. Aql – inson uchun xos bo‘lgan barcha oliy fazilatlar yig‘indisi. Masalan, ilmning qaysidir sohasi bo‘yicha ilgarilab ketgan, bir qancha shogirdlar chiqargan professor yuqori tafakkur egasi bo‘lishi va shu bilan birga uning xulqi buzuq bo‘lishi mumkin. Ularni xalqimiz orasida o‘ta ilmli deyishadi, biroq aqlli odam deyishmaydi.

Endi oddiy maktab o‘qituvchisini olaylik. Uning tafakkuri haligi professor darajasida bo‘lmasligi mumkin. Biroq o‘sha oddiy o‘qituvchi odobli, kattani hurmat, kichikni izzat qiladigan, mehribon, o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay oladigan, mahallada hammaning hurmatini qozongan, farzandlari va nevaralariga yaxshi tarbiya beradigan, o‘zining xulqi bilan barchaga ibrat bo‘ladigan odam. Agar mana shu ikkala odamni o‘rtaga qo‘yib, qay biri aqlli deb so‘ralsa, albatta, maktab o‘qituvchisini tanlagan bo‘lur edingiz.

Ko‘rib turganingizdek, tafakkur va aql bir-biriga sinonim emas. O‘ta ilmli odamning xulqi buzuq bo‘lishi mumkin va bunga hech kim taajjub¬lanmaydi. Biroq aqlli odamning xulqi buzuq bo‘lmaydi. Agar xulqi buzuq bo‘lganda edi, uni aqlli odam toifasiga kiritishmasdi.

Savol: Tafakkur va shaxs haqida ham fikr bildira olasizmi?
Javob:
Albatta! Tafakkur boshqa, shaxs boshqa. Keling tarixdan misol keltira qolay. Xorazmshoxlar davlati chegaralarini kengaytirib yuborgan va o‘zini Iskandari Soniy deb e’lon qilgan Muhammad Xorazmshox, albatta, yuksak tafakkur egasi bo‘lgan. Aks holda shunday Buyuk imperiyani yanada kengaytirib Sharq dunyosiga tanilmagan bo‘lur edi. Biroq ushbu imperiyani qulatib yurtni xonavayron bo‘lishiga ham o‘sha tafakkur egasi sababchi bo‘ldi. Uning o‘g‘li Jaloliddin Manguberdining Davlatni boshqarish darajasidagi tafakkuri otasi darajasida bo‘lmagandir. Biroq u buyuk Shaxs sifatida tarixda qoldi. Mana Shaxs nima degani.

Savol: Hozirgi zamondan misol keltira olasizmi?
Javob:
Keling talaba va Vatan tuyg‘usi haqida yonib-kuyayotgan “tafakkur egalari” haqida misol keltira qolay. Masalan, Vatan haqida qalblarni larzaga soluvchi misralar bitayotgan buyuk shoir, yozuvchi yoki tinimsiz ilmiy maqolalar yozib yotgan professor yuqori tafakkur egasi bo‘lishi mumkin! Biroq, hali u buyuk Shaxs degani emas.

Deylik, yurtga dushman qurol ko‘tarib kirib keldi. O‘sha buyuk tafakkur egasi qo‘rqib o‘zi yozgan kitoblari turgan javoni orqasiga pisib bekinib oldi. Bunday voqealar tarixda ko‘p bo‘lgan. Biroq hali tafakkur darajasi endi shakllanayotgan 24 yashar talaba yigit yurtiga bostirib kirgan dushmanning qo‘lidan qurolini shartta tortib olib uning ko‘ksiga sanchdi va shu yerda o‘zi ham halok bo‘ldi.

Demak, kim buyuk Shaxs?! O‘sha talaba Buyuk Shaxs! Bu voqeani o‘zi yozgan kitoblari javoni orqasida yashirinib yotib o‘z ko‘zlari bilan kuzatayotgan “buyuk tafakkur egasi” unga qarab: E, bechora aqlsiz yigit! O‘lib ketding-a! Menga o‘xshab yashirinsang bo‘lmasmidi, deb hayolidan o‘tadi. Dushman ketgach, uning miyasiga zo‘r ilxom keladi va o‘sha mard yigit haqida she’rlar bitib yanada mashhur bo‘ladi. O‘zbekistonda bunday mard yigitlar bisyor!

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)