15:10 / 03.02.2021
3 976

«Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari karantindan keyingi konsert dasturlarini o‘tkazish tartibi haqida so‘zlab berdi

«Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari karantindan keyingi konsert dasturlarini o‘tkazish tartibi haqida so‘zlab berdi
Foto: «Daryo»
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 28 yanvardan konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etishga ruxsat berildi.
«Daryo» muxbiri Feruz Muhammad «Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari Isroil G‘ulomov bilan suhbatlashdi.

- "Saroy rahbari suhbat davomida konsertlarni o‘tkazish tartibi, saroy ijarasi, 2020 yilda sotib olingan chiptalar taqdiri, konsert tashkilotchilari va tomoshabinlarga qo‘yiladigan talablar haqida gapirib berdi.

Xudo xohlasa 19 fevralgacha ikkita xayriya konsert tashkillashtiramiz. Bu konsertlar pandemiyada kim jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘sha insonlarga bag‘ishlanadi. Yangi konsertlar mavsumini yaxshi niyatlar bilan xayriya konsertlardan boshlaymiz.

19 fevraldan «Million» jamoasi konsert dasturini taqdim etadi. Yulduz Usmonovaning konsert dasturi 2020 yil 16 mart kuni pandemiya sabab to‘xtatilgan edi. Yulduz Usmonovaning 2021 yildagi dasturi 10 mart kunidan boshlanadi. O‘tgan yilda sotib olingan chiptalar o‘z kuchida qoladi. Yana bir ma’lumot 8 fevraldan «Xalqlar do‘stligi» saroyining kassalari ochiladi. O‘sha kundan muxlislar chiptalarini almashtirib olishlari ham mumkin bo‘ladi.

Ichki ishlar vazirligiga iltimos qilib, konsert vaqtini 18:00 dan 20:00 gacha va 20:00 dan 22:00 gacha o‘tkazilish tartibini taklif qildim. O‘tgan yillarda birinchi seans soat 15:00 da boshlanar edi. Bu esa ko‘pchilikning ish vaqtiga to‘g‘ri kelgani sababli, odamlarga noqulaylik tug‘dirgan. Shuni inobatga olgan holda shu taklifni berdim.

«Xalqlar do‘stligi» san’at saroyi 3816 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra shundan 50 foiz tomoshabin konsert dasturida ishtirok etadi. Bilet narxlari avvalgidek saqlanib qoladi. Avval necha so‘mdan sotib olingan bo‘lsa, hozir ham o‘sha narx saqlanib qoladi.

Kelgan tomoshabinning salomatligi jiddiy tekshiruvdan o‘tadi. Har bir tomoshabin shaxsiy niqob taqqan bo‘lishi majburiy qilib qo‘yiladi. Agar niqob taqmagan bo‘lsa o‘zimiz niqob berib, issig‘ini o‘lchab, qo‘liga antiseptik vositalari sepilgach, bitta-bitta tekshiruvdan o‘tkazilib, o‘z joylarini egallashlari mumkin bo‘ladi. Oraliq masofa saqlanganligi qat’iy nazoratga olinadi.

Bundan tashqari ikkita tez yordam mashinasi shu yerda turadi, shifokorlar doimiy nazorat qilib turishadi.

Saroyimizda test oladigan laboratoriya ham tashkillashtiryapmiz. Sahnaga chiqadigan har bir ijodkordan texnik xodimlargacha testdan o‘tib chiqadi. Ijodiy jamoada birorta odam kasal bo‘ladigan bo‘lsa sahnaga chiqmaydi. Menga ularning ko‘chadan olib kelgan tibbiy ma’lumotnomasi o‘tmaydi. Laboratoriyaning eng zamonaviysini olib kelamiz, qisqa muddatda test javobi chiqadi.

Konsert tashkilotchilariga yengillik qilish maqsadida bir kunda uch marta konsert beradigan bo‘lsa ham, avvalgidek, ya’ni 25 million so‘m ijara haqqi to‘lashadi. Undan ortiq pul olinmaydi. Ovoz apparati, chiroqlar, monitor xizmatlari ham xuddi shunday tartibda, ya’ni bir kunda uchta seans konsert berishsa ham, bir kunlik pulni to‘lashadi. Bu tartib konsertga tomoshabinlarning 100 foiz kelishgunicha amalda bo‘ladi
", - dedi «Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari Isroil G‘ulomov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari karantindan keyingi konsert dasturlarini o‘tkazish tartibi haqida so‘zlab berdi