15:53 / 06.02.2021
782

Turkiya elchisi Alisher Navoiyning eng muhim xizmatini e’tirof etdi

Turkiya elchisi Alisher Navoiyning eng muhim xizmatini e’tirof etdi
Turkiya elchisi Mehmet Surayyo Er.
Hazrat Alisher Navoiy she’riyatda bayroq tortib butun turkiy olamni yakqalam etgan zotdir, dedi Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er Toshkentda o‘tayotgan «Alisher Navoiy jahon sharqshunoslari nigohida» mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanda.

Ulug‘ mutafakkir bobomizning 580 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada AQSh, Turkiya, Fransiya, Shvetsiya, Vengriya, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston, Hindiston, Pokiston, Misr, Eron, Afg‘oniston kabi mamlakatlardan 130 ga yaqin vakil – atoqli navoiyshunoslar, professorlar ma’ruza bilan qatnashmoqda.

Mashvarat Turkiy tilli davlatlar kengashi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Anqara, Marmara, Anqara Hoji Bayram Vali, Alloma Tabotaboiy, Kobul universitetlari, Qozon federal universiteti, R.B.Suleymenov nomidagi sharqshunoslik instituti, shuningdek, Turkiya, Eron, Ozarbayjon va Afg‘onistonning O‘zbekistondagi diplomatik missiyalari hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro anjumanda 15 davlat vakillari – taniqli navoiyshunoslar, professorlar qatnashmoqda.
«Shubhasizki, bu tilni eng go‘zal tarzda qo‘llagan, so‘zlarni naqqoshdek saralab, benazir misralar bitgan shoirlarimizning boshida Alisher Navoiy turadilar. Asarlari faqatgina Turkistonda emas, Ozarbayjonda ham, Onado‘lida ham katta zavq va hayrat bilan mutolaa qilingan Alisher Navoiyni Usmoniy shoirlari o‘zlarining ustozi deb e’zozlaganlar, she’rlariga XV asrdan beri naziralar bitganlar. «Navoiy tili» deb atalgan chig‘atoy tili asosida rivojlangan o‘zbek tili bugun ham unda yaratilgan asarlari bilan butun jozibasini namoyon etib kelmoqda», – dedi Turkiya elchisi Mehmet Surayyo Er.

Alisher Navoiyni «turkiy adabiyotning qutb yulduzi» deb atagan diplomat ulug‘ mutafakkirning ijodi bugun ham turkiy millatlar uchun umumiy xazina bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

«Turkiya jumhuriyatining O‘zbekistondagi elchisi sifatida meni eng xursand qilgan jihat – xizmatim davomida o‘z mamlakatimda, Onado‘li diyorida yurgandek his qilaman. Oramizda minglab kilometrlik masofa borligiga qaramay mushtarak tilimiz va tamaddunimiz tufayli ayni maqollarni, matallarni va iboralarni qo‘llashimiz, bir-birimizning milliy she’r va ashulalarimizni tinglab, ayni zavqni va tuyg‘uni his qilishimiz, balki turk olamining butunjahon miqyosidagi eng katta boyligidir. Shunday yaqinlik tufayli hayotga ayni darchadan boqa olamiz, minglab farsax olisda bo‘lsak-da qalblarimiz bitta orzu yo‘lida uradi», – dedi diplomat.

Notiq o‘z ma’ruzasida o‘zbek tilini ham turkiy dunyoning qimmatli boyliklaridan biri deb atadi.

«O‘zbek tili – Movarounnahrning yuragida gullab-yashnagan turk dunyosining asosiy boyliklaridan biridir. Bu qadimiy zaminda paydo bo‘lib, yuksalgan mushtarak tamaddunimiz xazinalarini avloddan avlodga yetkazilishini ta’minlagan o‘zbek tili madaniyat, adabiyot, ilmu irfon tili sifatida turk va islom olamida alohida o‘ringa ega», – dedi Turkiya elchisi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 19 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, joriy yil buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yaqinda imzolagan qarorga ko‘ra esa, mamlakatda 2021 yil Yunus Emro va Turk tili yili deb e’lon qilindi.

Elchi Mehmet Surayyo Erga ko‘ra, turkiy dunyoning ikki buyuk siymosi xotirasiga mushtarak tarzda ehtirom ko‘rsatilayotgani teran ramziy ma’noga egadir. Zero, bu davlat rahbarlarining turk dunyosining mushtarak merosiga katta ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi.

Qayd etish joizki, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham Alisher Navoiy nomini bir necha marta dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkir sifatida e’tirof etgan. Xususan, 2020 yil fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda Turkiya yetakchisi hazrat Navoiyga ilmu ijodi bilan dunyoga ezgulik ulashgan zot sifatida hurmat izhor etgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakkki, ayni vaqtda Turkiya kitob fondlarida Navoiy asarlarining 100 dan ortiq qo‘lyozmalari saqlanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)