O‘zbekiston fuqarolari uchun Qozog‘istonga kirish qoidalari o‘zgarmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Qozog‘iston vizasiz rejimda kiruvchi O‘zbekiston fuqarolari uchun elektron kirish ruxsatnomasi — ETA tizimini tasdiqladi.
- Ushbu bepul ruxsatnoma safardan kamida 72 soat oldin QazETA platformasi orqali olinadi va 180 kun amal qiladi.
- ETA tizimi 2026 yil 1 noyabrdan bosqichma-bosqich joriy etilib, 2027 yil 1 iyuldan barcha vizasiz kiruvchilar uchun majburiy bo‘ladi.
Qozog‘iston hukumati mamlakatga vizasiz rejim asosida tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun ham elektron kirish ruxsatnomasi — ETA (Electronic Travel Authorization) tizimini rasman tasdiqladi.
Yangi tartib chegara nazoratini raqamlashtirish va xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, ruxsatnomani olish mutlaqo bepul amalga oshiriladi hamda muayyan muddatdan so‘ng barcha uchun majburiy etib belgilanadi.
ETA ruxsatnomasini olish shartlari va muddati
Yangi elektron tizimning asosiy talablari quyidagilardan iborat:
Qayerdan olinadi: Arizalar maxsus ishlab chiqilgan yagona QazETA onlayn platformasi orqali topshiriladi;
Ariza topshirish vaqti: Safarni rejalashtirgan fuqaro chegaradan o‘tishdan kamida 72 soat oldin platforma orqali murojaat yuborishi shart;
Amal qilish muddati: Berilgan ETA ruxsatnomasi 180 kun (6 oy) davomida o‘z kuchini saqlaydi. Ushbu davr mobaynida fuqaro Qozog‘iston hududiga bir necha marta bemalol kirib-chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
Xizmat narxi: Elektron ruxsatnomani rasmiylashtirish to‘liq bepul amalga oshiriladi.
Tizim qachon va qay tartibda ishga tushadi?
Elektron ruxsatnoma tizimi birdaniga emas, balki aholiga qulaylik yaratish maqsadida uchta bosqichda joriy etiladi:
2026 yil 1 noyabrdan: Aqtau xalqaro aeroporti hamda chegaradagi to‘rtta avtomobil o‘tkazish punktida sinov tariqasida;
2027 yil 1 yanvardan: Ostona va Olmaota xalqaro aeroportlarida;
2027 yil 1 martdan: Qozog‘istonning qolgan barcha chegara o‘tkazish punktlarida to‘liq quvvatda;
Majburiy bo‘lish muddati: 2027 yil 1 iyuldan boshlab ETA olish barcha vizasiz kiruvchi xorijliklar uchun rasman majburiy bo‘ladi. Ungacha (ya’ni 2027 yil 1 iyulga qadar) ruxsatnomaning yo‘qligi mamlakatga kirishni rad etishga asos bo‘lmaydi.
Kimlar ETA ruxsatnomasi olishdan ozod etiladi?
Qozog‘iston hukumati tasdiqlagan ro‘yxatga muvofiq, ayrim toifadagi shaxslarga ushbu ruxsatnomani olish talab qilinmaydi:
16 yoshga to‘lmagan bolalar;
65 yoshdan oshgan fuqarolar;
Qozog‘istonning amaldagi vizasi yoki mamlakatda yashash guvohnomasiga (VNJ) ega bo‘lgan shaxslar;
Aeroportning tranzit hududidan chiqmaydigan xalqaro aviayo‘lovchilar.
Qo‘shni respublikaga safar rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklar chegara punktlarida ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida joriy etilayotgan mazkur yangi elektron tartibga avvaldan e’tibor qaratishlari tavsiya etiladi.































Izohlar 0
…