07:10 / 07.02.2021
2 265

Farg‘ona hokimi Prezident bilan ko‘rishgan onaxonning to‘yida mehmon bo‘ldi

Farg‘ona hokimi Prezident bilan ko‘rishgan onaxonning to‘yida mehmon bo‘ldi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, davlat rahbari bilan ko‘rishgan onaxonning to‘yida mehmon bo‘ldi, deya xabar berdi «Daryo».

2021 yil 5 fevral kuni o‘tkazilgan Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga borgan edi. Mahalla oralab aholi bilan uchrashgan davlat rahbarini shu mahallada yashovchi onaxonlardan biri 6 fevral kuni bo‘lib o‘tishi reja qilingan o‘g‘illarining to‘yiga taklif qildi. Prezident to‘y egalarini tabriklab, yosh oilaga baxt, sog‘lik tilagandi. Va viloyat hokimi Xayrulla Bozorovga onaxonning ism-familiyasini yozib olib, Prezident nomidan to‘yga borishi lozimligini tayinlagandi.

«Daryo» muxbirining ma’lum qilishicha, viloyat hokimi bugun, 6 fevral kuni «Shodiyona» mahallasida yashovchi Karimberdi Mamajonov va Saodat Akramovaning o‘g‘illari — Komiljon va Mahmudjonning nikoh to‘yida mehmon bo‘lgan.

Hokim Xayrulla Bozorov kelin-kuyovlarga davlat rahbari nomidan muzlatgich, kir yuvish mashinasi, televizor kabi maishiy texnika vositalari va to‘yona ulashgan. Shuningdek, onaxonga Prezidentning tabriklarini ham yetkazib, Shavkat Mirziyoyev bilan tushgan suratini sovg‘a qilgan.

«Prezidentimiz nomlaridan keldim. Tabriklaymiz, to‘ylar muborak bo‘lsin. Prezidentimiz ham tabriklarini bildirdilar. Ilohim, yoshlar baxtli-saodatli bo‘lsin, o‘zlaridan ko‘paysin, qo‘sha qarib, ota-onasining xizmatini qilib yurishsin, dedilar. Prezidentimizning tabriklarini qabul qilasizlar», — degan to‘y sohiblariga Xayrulla Bozorov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘ona hokimi Prezident bilan ko‘rishgan onaxonning to‘yida mehmon bo‘ldi