07:30 / 24.03.2021
3 192

Urganchda yarimyalang‘och holda sumalak pishirganlarning 3 nafari 15 sutkaga qamaldi

Urganchda yarimyalang‘och holda sumalak pishirganlarning 3 nafari 15 sutkaga qamaldi
Xorazm viloyati Urganch shahar «Sahara» kafesida bir guruh xotin-qizlar yarimyalang‘och kiyingan holda sumalak pishirayotganliklari aks etgan video tarqalgandi. Shahar IIO FMB ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ayol-qizlar tasvirlangan videoga oid holatni o‘rganishni boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Urganch shahridagi «Sahara» kafesi oldida yarimyalang‘och kiyinib, sumalak pishirgan qizlarga 23 mart kuni sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Xorazm 24» informatsion dasturida xabar berildi. Ma’lum qilinishicha, sudga ariza bergan da’vogarlar xorazmlik faol fuqarolar bo‘lgan.

Sud majlisida kafe rahbari bu ish atayin qilinmaganini, video ijtimoiy tarmoqlarda aks-sado berish darajasiga yetishini xayoliga ham keltirmaganini ta’kidladi.

Dastlab ma’muriy huquqbuzar sifatida jalb etilgan xotin-qizlar va guvohlarning fikrlari eshitildi. Ular o‘zining qonunga xilof xatti-harakatlarini tushunib yetganini va aybidan pushaymonligini bildirdi. Shundan so‘ng sud ularga nisbatan qarorni e’lon qildi.

Jinoyat ishlar bo‘yicha Urganch shahar sudi qarori bilan J.D., Q.Z., R.D. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan huquqbuzarlik sodir etgan deb topilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, qolgan uch nafar ayblanuvchi – O.M., B.X. va T.D.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga nisbatan BHMning 5 barobari (1 225 000 so‘m) miqdorida jarima tayinlandi.

Sud tomonidan yuqoridagi 3 nafar ayblanuvchining oilaviy ahvoli, voyaga yetmagan farzandi borligi inobatga olinib, ma’muriy qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.

«Yoshim 22 da, 3 yashar o‘g‘lim bor. Ota-onam qaramog‘ida yashayman. Tungi klubda raqqosa bo‘lib ishlayman. Onaligimni inobatga olgan holda menga yengillashtirilgan jazo berildi. Qilgan ishimizdan pushaymonmiz, Xorazm xalqidan kechirim so‘raymiz», – deydi ayblanuvchilardan biri.

Suddan so‘ng voqea sodir bo‘lgan kafe joylashgan mahallada jamoatchilik vakillari bilan muhokama o‘tkazilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Urganchda yarimyalang‘och holda sumalak pishirganlarning 3 nafari 15 sutkaga qamaldi