11:06 / 29.03.2021
3 084

«Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari: «Million»da 9 kishida, «Muqaddas ayol»da 6 kishida koronavirus aniqlandi

«Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari: «Million»da 9 kishida, «Muqaddas ayol»da 6 kishida koronavirus aniqlandi
Foto: «Daryo»
«Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari Isroil G‘ulomov «Million» jamoasi a’zolarining to‘qqiztasida, «Muqaddas ayol» konserti ishtirokchilarining olti nafarida koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Isroil G‘ulomov «Daryo» muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

- "Sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda 18 fevraldan konsert dasturlarini boshlab oldik. Kelayotgan har bitta tomoshabinlarning harorati tekshiriladi, harorati yuqorilar kiritilmaydi, niqob taqishga ham qattiq e’tibor qaratyapmiz. Niqobi yo‘qlarga niqob beryapmiz, qo‘llariga antiseptik vositalar sepib kirityapmiz.

Yaqin bir oy mobaynida 150 mingga yaqin tomoshabin tashrif buyurgan bo‘lsa, hali birorta ham shikoyat tushgani yo‘q. «Saroydan kasal chiqdi» degan gapning o‘zi yo‘q. Bundan tashqari, har bitta konsertda sahnaga chiqadigan san’atkor, ishchi guruh, ijodiy jamoa vakillari testdan o‘tib chiqishmoqda. Test ham saroyning o‘zida olinyapti, maxsus laboratoriya tashkil qilingan.

Masalan, «Million» jamoasini olaylik. Jamoadagilar birinchi marta test topshirganida 9 kishida virus aniqlangan. Ular kasallikni boshidan o‘tkazib, davolanib bo‘lishgan ekan. Gap shundaki, laboratoriyamiz olti oy avval kasal bo‘lganlarni ham aniqlab beradi.

«Muqaddas ayol» konsert dasturida 6 kishida virus aniqlandi va ular dasturga kiritilmadi, davolanishga yuborildi, konsert dasturi ro‘yxatidan esa olib tashlandi.

Har bir san’atkor yoki guruhni ikki kun oldin tekshirib, keyin kirityapmiz. Yulduz Usmonovaning konsertida ham ijodiy jamoaning 100 dan ortiq a’zolari test topshirdi, hammasi yaxshi chiqdi. Hech kimda yomon alomat sezilmadi.

Konsert zalida niqobini tushirib olgan odamlarni ogohlantirsak, to‘g‘ri qabul qilishmoqda. Bu quvonarli holat. Faqatgina oshxonada niqob yechish mumkin, shunda ham oraliq masofa saqlagan holda. Har ikki-uch minutda sanitariya qoidalariga amal qilish to‘g‘risida ogohlantirib turamiz.

Bitta yaxshi tomoni borki, kelayotgan odamlarni ko‘rib havasingiz keladi. Chiroyli kiyingan, pardoz-andoz qilgan, yuqori kayfiyatda. Ikkita joyga insonlar toza-ozoda bo‘lib boradi: biri konsertga, ikkinchisi masjidga.

Pandemiyadan keyin bitta narsaga e’tibor berdimki, konsertga bolalarni olib kelish kamaydi, bu yaxshi holat. Reklamalarimiz, gaplarimiz ta’sir qilgan ko‘rinadi. Chunki bolalar uchun alohida tomoshalar bor. Bundan tashqari, bolalar konsert vaqtida ota-onasiga ham xalaqit beradi. Hozir zalda yurishlar ham kamaydi, konsert paytida kirib-chiqish ko‘p bo‘lardi, hozir bu holat ham ancha yaxshilandi. Masalan, biz qo‘yayotgan e’lonlarimiz, reklama roliklarimiz, san’atkorlarning gaplari odamlarga ta’sir qilyapti, odamlar tinglashyapti
", - deydi «Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari Isroil G‘ulomov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Xalqlar do‘stligi» saroyi rahbari: «Million»da 9 kishida, «Muqaddas ayol»da 6 kishida koronavirus aniqlandi