15:30 / 20.04.2021
1 678

«Ichan qal’a» hududida qadimiy quduq topildi


«Ichan qal’a»da qadimiy quduq topildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Xiva shahri, xususan, shaharning qadimiy qismi hisoblangan «Ichan qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi hududida turizmni rivojlantirish va xorijlik mehmonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini hamda muzey qo‘riqxonasi hududida istiqomat qiluvchi mahalliy aholining maishiy turmushini yaxshilash, shaharning ichida kommunikatsiya, ichimlik va oqova suvlar, gaz ta’minoti tizimlarini yangilash ishlari olib borilmoqda.

Hozirda muzey qo‘riqxonasi hududida hukumat qarori bilan 1980-1990 yillarda yotqizilgan mavjud eski ichimlik va oqava suv tizimlari yer tagidan qazib olinib, ularni tubdan yangilash ishlari olib borilmoqda.

FA xabariga ko‘ra, kuni kecha «Ichan qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi hududidagi ta’mirlash ishlari chog‘ida bundan bir necha yillar oldin yopib tashlangan quduq og‘zi ochildi. Uning noan’anaviy ko‘rinishi turli xil farazlarga sabab bo‘lmoqda.

Bu quduq boshqa suv quduqlari kabi pastdan tepaga torayib ketmasdan, uning barcha qismida diametri bir xil, ya’ni 2,60 metrni tashkil qiladi. Chuqurligi 5,60 metrga teng.

Qadimgi an’anaga ko‘ra, quduqning asosi, ya’ni poydevor qismiga Xorazm sharoitida ko‘p uchrovchi daraxt, tut yoki gujumdan yog‘och poydevor o‘rnatilgan. Yog‘ochning qalinligi 16 santimetr atrofida. Quduq devorlariga 25x25x6 santimetr o‘lchamdagi pishgan g‘isht nozik did bilan terilgan. G‘ishtlar yuzasida rombsimon belgilar mavjud.

Ma’lum qilinishicha, quduq bundan taxminan 100-150 yil oldin qurilgan. Hozirgi kunda mazkur quduqdan aynan nima maqsadda foydalanilgani masalasi ilmiy jihatdan o‘rganilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ichan qal’a» hududida qadimiy quduq topildi