19:53 / 23.04.2021
624

Shavkat Mirziyoyev elektr tarmoqlari korxonasidagi innovatsion markazga bordi

Shavkat Mirziyoyev elektr tarmoqlari korxonasidagi innovatsion markazga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Elektr energiyasi aholi uchun ham, iqtisodiyot uchun ham eng kerakli manbalardan biri. Uning barqaror ta’minoti uchun esa aniq hisob-kitob, zamonaviy texnologiyalar zarur. Shu maqsadda har bir uy, korxona va muassasaga elektron hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha jami 6 million 578 mingdan ortiq iste’molchi shunday uskunalar bilan ta’minlangan.

Ushbu innovatsion markaz mijozlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. 20 million dollarlik mazkur loyiha Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan va 2020 yil avgustda ishga tushirilgan. Markazga katta sig‘imli serverlar o‘rnatilgan. Dasturiy ta’minot 8 million iste’molchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Shu modulni kengaytirish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliongacha yetkazish imkoniyati bor.

Shuningdek, hududlardagi elektr ta’minoti korxonalarida kichik “data-sentr”lar tashkil etilgan va mazkur markaz bilan bog‘langan. Bularning barchasi tuman, shahar, viloyat va respublika kesimida ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, soatlik, kunlik, oylik va yillik balanslarni to‘g‘ri shakllantirish, pirovard natijada elektr energiyasining aniq hisobini yuritishga xizmat qilmoqda.

- Elektron hisoblagichlar o‘rnatish oson, bu birinchi qadam. Eng qiyini endi boshlanadi. Hududlarda, uzoq qishloqlarda hisoblagichlarni ekspluatatsiya qiladigan professionallar yetarlimi? Ikkinchidan, tizim tashqi ta’sirlarga qay darajada chidamli? Uchinchidan, keyinchalik tarmoq eskirishi tufayli yuzaga keladigan holatlar hisob-kitob qilinganmi? Shularni hozirdan o‘ylash kerak. Tushumlarning ma’lum bir foizini ilmga, modernizatsiyaga yo‘naltirish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Butun mamlakatimiz bo‘yicha ushbu avtomatlashgan tizimga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni o‘qitadigan va qayta tayyorlaydigan markazlar tashkil etish, xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Elektron hisoblagichlar billing tizimiga ulangan bo‘lib, qarzdor iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi va elektr haqi to‘langandan keyin yoqiladi. Inson omili kamayib, noqonuniy ulanishlar, korrupsiya holatlariga chek qo‘yiladi. Markazda 100 dan ortiq malakali mutaxassislar ishlamoqda.

Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi, CAS dasturining imkoniyatlari bilan tanishdi.

Bu tizimda barcha elektr stansiyalari, nimstansiyalar, transformatorlar yuklamasi va unga ulangan iste’molchilar soni geolokatsiya orqali yaqqol ko‘rinib turadi. Har bir hududga biriktirilgan mutaxassislar onlayn rejimda butun mamlakatimizdagi holatni kuzatib boradi, zarur paytda iste’molchilarga tezkor xizmat ko‘rsatadi.

Shu yerda Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari markazdagi situatsion xonani ham kirib ko‘rdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida elektron hisoblagichli abonentlar qamrovini 2021 yil yakunigacha 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Hozirda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga jami 7 million 418 mingdan ziyod iste’molchini ulash rejalashtirilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev elektr tarmoqlari korxonasidagi innovatsion markazga bordi