21:13 / 26.05.2021
3 334

Majburiy progul kunlari uchun ish haqi undirilib, xodimning buzilgan mehnat huquqlari tiklanishi ta’minlandi


Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Asaka tumani, Ulug‘bek MFY, Sahiylik ko‘chasi, 3/8-uyda yashovchi fuqaro T.Abdulayevning ishga qabul qilinmayotganligidan va muqaddam mehnat shartnomasi bekor qilingan vaqtda mehnat daftarchasi berilmaganligidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, fuqaro T.Abdulayev viloyat silga qarshi kurash dispanseriga 2019 yil 4 noyabrdagi 126-son buyrug‘i bilan dispanserga mavsumiy o‘t yoquvchi vazifasiga ishga qabul qilingan hamda shu sana bilan 375-son muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan.

Dispanser bosh vrachining 2020 yil 17 martdagi 67-son buyrug‘i bilan taraflar o‘rtasida tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi bekor qilingan va fuqaro T.Abdulayev ishdan bo‘shatilgan.

Biroq, murojaatni o‘rganish davomida, sobiq xodimga mehnat daftarchasi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ya’ni, 2020 yil 17 martda berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat bo‘yicha kadrlar bo‘limi boshlig‘i N.Iminovadan tushuntirish olinganda, ushbu lavozimga 2020 yil 2 martdagi 43-son buyruq bilan o‘tganligini, haqiqatan ham T.Abdulayevning mehnat daftarchasi dispanserning kadrlar bo‘limi saqlovida saqlanayotganligini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, fuqaro T.Abdulayev murojaatida 2019 yildan buyon dispanserda o‘t yoquvchi vazifasida ishlab kelishini biroq, 2020 yil noyabr oyida kasal bo‘lib yotgan vaqtida uni asossiz ishdan bo‘shatib yuborilganligini, ammo mehnat daftarchasi unga berilmaganligini ma’lum qilgan.

Mehnat kodeksining 108-moddasida, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shartligi belgilangan.

Shuningdek, kodeksning 188-moddasida, xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga to‘lashi shart. Bunday majburiyat, agar ish haqi ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi va mehnat nizolarini ko‘ruvchi organning bunday ishlar yuzasidan chiqarilgan qarori o‘z vaqtida bajarilmaganligi, mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi, har qanday yo‘llar bilan xodimning sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatilganligi natijasida, basharti bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasa, shuningdek boshqa hollarda olinmay qolgan bo‘lsa, kelib chiqishi nazarda tutilgan.

Shunga ko‘ra, dispanserga aniqlangan holatlar bo‘yicha taqdimnoma va Asaka tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga taklif kiritildi.

Ko‘rilgan choralar natijasida bir nafar mas’ul xodim intizomiy va bir nafar xodim ma’muriy javobgralikka tortildi. 
Bundan tashqari, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro T.Abdulayevning manfaatida javobgar Andijon viloyat silga qarshi kurash dispanseriga nisbatan mehnat daftarchasi asossiz ushlab turilgan kunlar uchun o‘rtacha ish haqi undirish yuzasidan undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritildi.

Mazkur da’vo ariza sud tomonidan ko‘rib chiqilib, sudning joriy yil 17 martdagi hal qiluv qaroriga asosan, javobgar Andijon viloyat silga qarshi kurash dispanseridan fuqaro foydasiga 10 626 733,5 so‘m ish haqi undirish belgilandi.
 
 
Inson huquqlarini himoya qilish 
bo‘limi bosh maslahatchisi                                         O.Tojiraliyev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Majburiy progul kunlari uchun ish haqi undirilib, xodimning buzilgan mehnat huquqlari tiklanishi ta’minlandi