22:03 / 08.06.2021
3 318

Tomorqa maydoni o‘n sotix bo‘lgan xonadonlarda issiqxonalar barpo etiladi


Yurtimizda issiqxona xo‘jaligiga ega bo‘lish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida “Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5138-son Prezident qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga ko‘ra, issiqxona xo‘jaligiga ega bo‘lish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish istagini bildirgan aholi (tashabbuskor aholi) tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo‘lgan issiqxonalar barpo etiladi. Qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarida har birining maydoni kamida 20 sotix bo‘lgan turar joy majmuasini ham qamrab olgan issiqxonalar (uy-issiqxona majmualari) tashkil qilinadi.

Uy-issiqxona majmualari davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida quriladi va tashabbuskor aholini tanlash investorlar va tuman hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi. Uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yig‘iladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar, uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar 2021 yil 31 dekabrgacha bojxona bojidan ozod qilinadi.

Shuningdek, issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer solig‘i stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o‘rnatiladi.

Qarorga ko‘ra, sohadagi oliy ta’lim va professional ta’lim muassasalarida zamonaviy issiqxona xo‘jaligini tashkil etish, ularda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali usullarini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi hamda har yili o‘tkaziladigan «Tashabbus» ko‘rik tanlovi doirasida «Eng ilg‘or issiqxona xo‘jaligi» nominatsiyasi joriy etiladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat