09:53 / 12.06.2021
1 990

Senat: Uzbekistan Airways aviachiptalari boshqa aviakompaniyalarnikiga nisbatan 148 foizgacha qimmat


Senatorlar aviachiptalar narxining qimmatligi bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga so‘rov yuborgani haqida xabar berilgandi. Senator so‘roviga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyatining aviachiptalar va aviatashish xizmatlari holati o‘rganildi, deya xabar qilmoqda Senat matbuot xizmati.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, aviakassalarda Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyati tomonidan mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda mavjud barcha tariflar haqidagi ma’lumotlar iste’molchilarga to‘liq yetkazilmagan.

Shuningdek, Uzbekistan Airways tomonidan Toshkent–Moskva bir tomonlama yo‘nalishda chiptalar «bagajsiz ekonom» sinfida 131 yevrodan 211 yevrogacha, ekonom sinfida 145 yevrodan 335 yevrogacha, biznes sinfida 642 yevrodan 862 yevrogacha belgilangan bo‘lsa-da, aviakompaniya tomonidan arzon narxlardagi aviachiptalar sotuvga chiqarilmagan.

Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida Uzbekistan Airways AJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlar boshqa davlatlardagi narxlardan qimmatligi, xususan, Uzbekistan Airways AJ tomonidan belgilangan narxlar xorijiy aviakompaniyalarning narxlaridan o‘rtacha 36 foizdan 148 foizgacha yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Toshkent–Urganch (uchish vaqti 1 soat 15 daqiqa) yo‘nalish bo‘yicha «bagajsiz ekonom» sinfidagi chipta narxi o‘rtacha 41 yevro etib belgilangan. Xuddi shu xizmat Rossiyada (Sankt-Peterburg–Moskva yo‘nalishi – 1 soat 30 daqiqa) o‘rtacha 27 yevroni tashkil etadi.

Bundan ko‘rish mumkinki, Uzbekistan Airways tomonidan parvoz uchun belgilangan narx 56 foizga qimmat. Uzbekistan Airways’ning ushbu yo‘nalish bo‘yicha ekonom sinfidagi aviachipta narxi Qozog‘istondagi aviakompaniyadagi narxlardan 40 foizga, Turkiyadagi aviakompaniya narxlaridan esa 146 foiz qimmat ekanligi aniqlandi.

Shuningdek, Turkiyadagi ichki yo‘nalishlari bo‘yicha ekonom sinfidagi tariflar O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan ichki «bagajsiz ekonom» tariflaridan o‘rtacha 42 foizga arzon ekanligi aniqlandi.

«Bu kabi aviatashish xizmatlari bozorida qimmat narxlarni ushlab turish sabablaridan biri raqobat muhiti rivojlanmaganligi deyish mumkin. Chunki aviakompaniyalar soni qanchalik kam bo‘lsa, iste’molchilarga bildiriladigan takliflar ko‘lami kamayib, iste’molchilarda aviachiptalarga bo‘lgan talab (ehtiyoj) ortadi. Tabiiyki buning natijasida erkin raqobat muhiti buzilishiga olib keladi. Bu esa bozor iqtisodiyotidagi talab va taklif qonuniyatini buzadi.

Misol sifatida, Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 7 marta muntazam reyslar mavjudligiga qaramay faqat 2 ta aviatashuvchi (Uzbekistan Airways va Air Astana), Toshkent–Moskva yo‘nalishida ham 2 ta aviakompaniya (Uzbekistan Airways va «Aeroflot») to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirishini aytib o‘tishimiz mumkin.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda raqobatning rivojlanmaganligi, aviatashuvchi kompaniyalar o‘rtasida kelishib qilinadigan harakatlarni sodir etishga zamin yaratadi», – deyiladi Senat axborotida.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yuqoridagi muammolarni bartaraf etish va kelgusida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Transport vazirligiga bir qator takliflar yubordi. Bildirilgan takliflarning ijro etilishi Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Senat: Uzbekistan Airways aviachiptalari boshqa aviakompaniyalarnikiga nisbatan 148 foizgacha qimmat