22:41 / 09.07.2021
2 253

Shavkat Mirziyoyev yangi bog‘dagi ishlarni ko‘zdan kechirdi


Foto: Prezident matbuot xizmati
Joriy yil 1-may kuni Yangi O‘zbekiston bog‘iga ilk ko‘chatlar o‘tqazilib, ko‘kalamzorlashtirish boshlangan edi. Bugungi kunda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 2 mingdan ziyod quruvchi va ishchi, 200 dan ortiq maxsus texnika jalb qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Bog‘ mazmuni milliy davlatchiligimiz tarixi, xalqimizning bugungi intilishlari va Uchinchi Renessans maqsadlarini o‘zida mujassam etadi. 104 gektarlik bog‘ning umumiy ko‘rinishi Harakatlar strategiyasi yo‘nalishlariga monand daraxtning beshta shoxi shaklida bo‘ladi. Bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida dam oladigan so‘lim hududlar barpo etiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, nastarin kabi manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi.

Bog‘ hududida «Istiqlol» majmuasi qurilmoqda. U yurtimizning 3 ming yillik tarixini, ajdodlarimizning buyuk ishlarini, xalqimizning milliy o‘zligini, O‘zbekistonning yangi qiyofasini namoyon etadi. Hozirgi kunda ushbu ulkan inshootning poydevori quyilib, temirdan asosi yasalgan.

Bir gektardan ziyod maydonda 5 ming o‘rinli ochiq amfiteatr barpo etiladi. Kelgusida bu yerda umumxalq bayramlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Majmua zamonaviy yoritish va akustika tizimlari bilan jihozlanadi. Ayni paytda tomoshabinlar joyi tiklanib, sahnaning temir sinchlari o‘rnatilgan.

Bog‘da, shuningdek, 6 gektarlik sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohi, sokin hudud va favvoralar barpo etiladi. Bugungi kunda ular quriladigan maydonlar tayyorlanib, sug‘orish va oqova tizimlari barpo etilayotir.
Davlatimiz rahbari boqqa ekiladigan manzarali daraxt ko‘chatlarini ham ko‘rdi.

Qibray tumanidagi ushbu hududda Olimpiya shaharchasi, universitet, shifoxona, savdo va ko‘ngilochar maskanlar ham barpo etiladi. Bugungi kunda ularning qurilishi boshlab yuborilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev yangi bog‘dagi ishlarni ko‘zdan kechirdi