08:36 / 27.07.2021
2 081

O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarish yaqin orada yo‘lga qo‘yilishi aytildi


Foto: Global Look Press
O‘zbekiston yaqin orada Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. «RIA Novosti»ning xabar berishicha, bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Rashid Nurgaliyev ma’lum qildi.

Nurgaliyev «Rossiyskaya gazeta»ga bergan intervyusida Rossiya MDH mamlakatlariga tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, biologik tahdidlarga qarshi kurash, xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashda ko‘mak berishini ta’kidlagan.

«Ta’kidlash joizki, COVID-19 pandemiyasi ushbu muammoni hal qilishning murakkabligini ko‘rsatdi va davlatimiz va MDHdagi sheriklarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga yana bir bor urg‘u berdi.
Belarus va Qozog‘istonda uning (‘Sputnik V’ vaksinasi — tahr.) ishlab chiqarilishi Rossiya texnologiyalari asosida yo‘lga qo‘yilgan, O‘zbekistonda esa vaksina ishlab chiqarishni yaqin orada boshlash rejalashtirilmoqda», — degan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, may oyining oxirlarida Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga kelishib olganini, O‘zbekiston tomoni dori vositasi ishlab chiqariladigan hududni ham tanlaganini ma’lum qilgandi.

Iyul oyining boshlarida Zuma-Pharma MCHJ farmatsevtika korxonasining sifat nazorati bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Ilhom Saburov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Toshkent viloyatidagi «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonasida «Sputnik V» vaksinasi ishlab chiqarilishi mumkinligini aytgandi.

«Shprislarda ishlab chiqariladigan dori vositalari liniyasida inaktivatsiya qilingan vaksinalarni ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lamiz, ya’ni koronavirusga qarshi ‘Sputnik V’ vaksinasini ishlab chiqarish imkoni bo‘ladi. Agarda loyihamiz ishga tushsa, yiliga 18 million dona vaksina ishlab chiqarish imkoniyati bo‘ladi», — degan edi u.

O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini ommaviy qo‘llash jarayoniga 17 fevral kuni ruxsat berilgan. 5 iyul kuni O‘zbekistonga Rossiyadan «Sputnik V» vaksinasining navbatdagi 40 ming dozali 1-komponenti olib kelindi. 1 iyun kuni ushbu vaksinaning 70 ming dozali 1-komponenti, 10 iyunda 70 ming dozali 2-komponenti, 15 iyulda 70 ming dozalik 1-komponenti, 20 ming dozalik 2-komponenti olib kelindi. Aprel oyida ushbu vaksinaning 100 ming dozasi keltirilgandi (uning 50 ming dozasi 1-komponent, 50 ming dozasi 2-komponent).

Shunday qilib, O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasi zaxirasi 370 ming dozaga yetdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarish yaqin orada yo‘lga qo‘yilishi aytildi