16:05 / 29.07.2021
2 117

Buxorodagi qishloqdan neolit davriga oid toshga ishlov berish ustaxonasi topildi


Foto: Sherzod Mahmudov
Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi Jonkeldi qishlog‘i hududidan neolit davriga oid toshga ishlov berish ustaxonasi topildi. Bu haqda Madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mahmudov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Jonkeldi qishlog‘i markazidan taxminan 10 kilometr shimoliy-sharqda joylashgan hajmi 10x3 kilometrga teng nomsiz botiqning shimoliy bortidan toshga ishlov berish ustaxonasi topilgan. Bu ustaxona O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi, Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti mutaxassislaridan iborat ekspeditsiya Aswa Power Dzhangeldy Wind MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq Jonkeldi qishlog‘i hududida olib borilgan dala-qidiruv ishlarida aniqlangan.

«Neolit davriga oid, deya tasdiqlangan mazkur ustaxona dengiz sathidan 383 metr balandlikda, hozirda yemirilib ketgan kremniy konlari ustida joylashgan. Uning yer maydoni 70x30 metr va ikki tomondan jarliklar bilan kesilgan. Bu yerda kremniyning oq, jigarrang va kul rang tusdagilari uchraydi. Biroq ular orasida oq kremniy ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Yodgorlikda o‘tkazilgan qazish ishlari bu yerda madaniy qatlamning yagonaligini va qalinligi 40 santimetrgacha yetishini ko‘rsatdi. Ushbu chuqurlikdan keyin topilmalar tugaydi va ohaktoshli qoyalar boshlanadi», — deydi Sherzod Mahmudov.

Dala-qidiruv ishlari davomida ustaxonadan 400 dan ziyod ishlov berilgan tosh buyumlar yig‘ib olingan. Ular orasida bir qator xom ashyo deffekti tufayli yoki boshlang‘ich bosqichlarda tashlab yuborilgan nukleuslar, uchirindi va plastinalar topilgan. Shuningdek, o‘rganuvlarga ko‘ra, toshlarni chaqmoqlash bilan bog‘liq texnik yo‘nilg‘ilar katta qismni tashkil qilgan va bu toshlarga birlamchi ishlov berish ishlari ham shu joyning o‘zida amalga oshirilgani aniqlangan.

Ekspertlar fikricha, bu yerga neolit davri aholisi miloddan avvalgi VII-V ming yilliklarda sifatli xom ashyoni qo‘lga kiritish maqsadida kelgan. Mavjud bo‘lgan kremniy qalin ohaktosh qobiqqa va ichki deffektlarga ega. Shuning uchun ham ibtidoiy ustalar kremniyni shu joyning o‘zida keraksiz qobiqlardan va ichki deffektlardan tozalab, yo‘nilg‘ilar yoki tayyor (deffektlardan holi) nukleuslar shaklida o‘z makonlarga olib ketgan.

«Yodgorlikka Jonkeldi neolit davri ustaxonasi nomi berildi. Bu yerdan yig‘ib olingan arxeologik materiallarning texnik-tipologik va keng qiyosiy tahlillari ustaxonaning mohiyatini kengroq ochib berish imkonini beradi. Topilgan bu yangi yodgorlik – toshga ishlov berish ustaxonasi tufayli O‘zbekiston tarixi neolit davriga oid yangi bir yodgorlik bilan boyitildi. Jonkeldi hududi ibtidoiy odamlar yashashi uchun qulay paleoekologik sharoitlarga ega bo‘lgan. Bu yerda mavjud bo‘lgan sifatli kremniy konlariga ehtimol, yaqin atrof yoki qo‘shni hududlardan ibtidoiy ajdodlarimiz kelib, xom-ashyo olib ketganlar», — deydi Sherzod Mahmudov.

Bu hududda neolit va o‘rta asrlar davrlari davomida ajdodlarimiz istiqomat qilgani aniqlangan. Izlanishlar davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxorodagi qishloqdan neolit davriga oid toshga ishlov berish ustaxonasi topildi