15:26 / 16.08.2021
2 336

Surxondaryoda Afg‘oniston harbiy samolyoti quladi

Surxondaryoda Afg‘oniston harbiy samolyoti quladi
Foto: Topnewsuz / Telegram
Kecha, 15 avgust kuni kechqurun Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida Afg‘oniston harbiy havo kuchlari belgilariga ega samolyot noma’lum sabablarga ko‘ra qulab tushdi. Internetda tarqalgan foto va videolarda halokatga uchragan samolyot bo‘laklari va kamida bir nafar jabrlanuvchini ko‘rish mumkin.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Kun.uz savoliga javoban ayni paytda vazirlik vakillari voqea joyida o‘rganishlar olib borayotgani va tez orada bu haqda aniq ma’lumot berilishini ma’lum qildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Foto: Topnewsuz / Telegram
Gazeta.uz'ning Surxondaryodagi manbasi ikki nafar afg‘onistonlik harbiy Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filialiga yotqizilganini ma’lum qilgan.

Manbaga ko‘ra, bunga qadar Afg‘onistonning yana uch harbiysi bu muassasaga yotqizilgan. Bu uch harbiy avvalroq Tashqi ishlar vazirligi bayonotida tibbiy yordam so‘ragani aytilgan shaxslar bo‘lishi mumkin.

Nashr manbasi RSHTYOIM Termiz filialida davolanayotgan besh nafar afg‘onistonlik askarning salomatligi holati o‘rtacha ekanini bildirgan.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotdagilar parashyut bilan sakrashga ulgurgan bo‘lishlari mumkin. Qurbonlar bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.

Gazeta.uz, shuningdek, o‘zbekistonlik bir nafar harbiy ham kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan. Bu Afg‘oniston samolyotining qulashi bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi noma’lum.

Daryo.uz'ga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi vakili nashr muxbiri bilan suhbatda Sherobodga Afg‘oniston samolyoti qulaganini qisman tasdiqlagan.

“Ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q, ammo samolyot bor deyishdi. [...] Toshkentdan yetib kelgan 25 nafar ekspert samolyot qulashi bilan bog‘liq hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritadi. Shundan keyin samolyot qanday qulagani bo‘yicha ma’lumot bera olamiz”, – degan boshqarma vakili.

Kecha internetda Termiz osmonida o‘nlab xarbiy vertolyotlar tinimsiz uchib yurgani haqida video tarqalgandi.

O‘zAning xabar berishicha, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov 15 avgust kuni Termiz shahrining Afg‘oniston bilan chegaradosh Pattakesar, Nurli kelajak hamda A.Jomiy mahallalarida bo‘lib, aholi vakillari bilan uchrashgan va “hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q”ligini aytgan.

Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat barqaror. Ko‘prikning Afg‘oniston qismida to‘plangan Afg‘oniston fuqarolarining asosiy qismi ko‘prikni va unga tutash hududni mustaqil ravishda tark etdi. Bunga faol siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlar, shuningdek, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida erishildi”, – degan To‘ra Bobolov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryoda Afg‘oniston harbiy samolyoti quladi