3 239
«Hech qaysi vazir o‘rinbosariga aloqasi yo‘qligi aniqlandi» — Toshkent shahar IIBB janjal ko‘targan qoidabuzar ayol videosi haqida

Kadr: Telegram
Avvalroq Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilgan qoidabuzar haydovchi IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zini vazir o‘rinbosarining ikkinchi xotini ekanini aytib, janjal ko‘targani to‘g‘risida xabar berilgandi. Poytaxt IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 30 iyul kuni Uchtepa tumani KHAY ko‘chasida o‘tkazilayotgan maxsus reyd tadbirida YPX inspektori tomonidan oq rangli Nexia-3 rusumli avtoulovga to‘xtash ishorasi berilgan, biroq haydovchi YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan o‘z harakatini davom ettirgan. Ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida mazkur transport vositasi KHAY va Farhod ko‘chalari kesishmasida to‘xtatilgan.
YPX inspektori tomonidan tekshirilganda transport vositasi haydovchisi 1996 yilda tug‘ilgan E.Madina avtotransport vositasini texnik qayd etish guvohnomasidan tashqari boshqa hujjatlarni taqdim eta olmagan. Javobgarlikdan qochib qutulish maqsadida E.Madina va uning ukasi 1999 yilda tug‘ilgan E.Umid IIO xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilib, janjal ko‘targan.
Ushbu fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtoulov vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llangan.
O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida E.Madinaning hech qaysi vazir o‘rinbosariga aloqasi yo‘qligi aniqlangan.
«Shu o‘rinda fuqarolarga eslatib o‘tamiz, birovning nomini sotib, o‘zini kimningdir qarindoshi deb tanishtirish, janjal ko‘tarish orqali javobgarlikdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Qonun oldida barcha barobar», — deyiladi bayonotda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar