11:00 / 28.09.2021
2 219

Surxondaryoda YPX xodimini Lacetti kapotida sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi

Surxondaryoda YPX xodimini Lacetti kapotida sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi
Surxondaryoda YPX xodimini Lacetti kapotida 3-4 kilometrgacha sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Voqea 13 sentabr kuni Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida yuz bergan. Tumanning «Surxon sohili» MFY hududida xizmat olib borayotgan YPX xodimi Lacetti haydovchisi T.H. yo‘lning qatnov qismida sababsiz to‘xtab, sun’iy tirbandlik hosil qilgani sababli ushbu avtomashina haydovchisining yoniga borib, o‘zini tanishtirgan va tegishli hujjatlarni taqdim etishni, mashinani yo‘lning chetiga olishini aytgan.

Haydovchi inspektorning qonuniy talabini bajarmasdan, avtomashinani uning ustiga haydagan. Xodim to‘xtab turgan avtomashina oldida bo‘lganligi sababli uning old kapotiga osilib qolgan. Harakatlanib borayotgan avtomashina old qismida bo‘lgan YPX inspektori haydovchini bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramasdan uni, taxminan, 3-4 kilometr masofagacha haydab ketgan.

Avtomashinani burib harakatlanish jarayonida YPX xodimini yiqitib yuborib, tan jarohati yetkazib, uni xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan holda voqea joyidan qochib ketgan.

Holat yuzasidan 25 sentabr kuni tuman prokurori tomonidan fuqaro T.H.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Uning jinoiy harakatlari bodikamerada yozib olingan videotasma, sud tibbiy, kriminalistika, avto tex, trosologiya ekspertizalari, guvohlarning ko‘rsatmalari va jinoyat ishidagi boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

27 sentabr kuni unga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan ayb e’lon qilinib, jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan. Shu kuni JIB Qumqo‘rg‘on tuman sudining ajrimi bilan tuman prokurorining iltimosnomasi qanoatlantirilib, T.H.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryoda YPX xodimini Lacetti kapotida sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi