11:39 / 05.10.2021
2 980

«Pandora ishi»: Gulnora Karimovaga aloqador ma’lumotlar ochiqlandi

«Pandora ishi»: Gulnora Karimovaga aloqador ma’lumotlar ochiqlandi
Illyustratsiya: Guardian Design/Martin Godwin; Yves Forestier/Getty Images; Reuters
Xalqaro telekommunikatsiya sohasidagi konsultant Muhammad Amersi Telia kompaniyasining O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi faoliyatida offshor bitimlarni tuzish va amalga oshirishda ayblanmoqda.

Pandora hujjatlarining O‘zbekistonga aloqador qismlari ham ochiqlanmoqda. Ulardan biri telekommunikatsiya sohasidagi konsultant, Boris Jonsonning bosh vazir bo‘lish kampaniyasini moliyalashtirgan Konservatorlar partiyasining yirik donori Muhammad Amersi bilan bog‘liq. BBC bu boradagi ma’lumotlarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 2010 yilda Shvetsiyaning Telia kompaniyasi maslahatchisi bo‘lib ishlagan Muhammad Amersi offshor shirkatga 220 million dollar to‘lov o‘tkazish jarayonida ishtirok etgan. Ushbu offshor shirkatni esa O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova nazorat qilgan. AQSH hukumati ushbu to‘lovni «220 million dollarlik pora» sifatida e’tirof etgan. Telia o‘sha paytda O‘zbekistondagi faoliyati uchun yangi ruxsatnoma olishga intilayotgan bo‘lgan.

Ushbu harakat AQSH Adliya vazirligi tarafidan Telia shirkati va uning ba’zi mulozimlariga qarshi qo‘zg‘atilgan ishning bir qismi sifatida ham ko‘riladi. Ammo ushbu ish 2017 yilda sudga o‘tmasdan to‘xtatilgan. Bunga Telia kompaniyasining korrupsiyaga doir qonunlarni tan olgani va 965 million dollar jarima to‘lashga rozilik bergani sabab bo‘lgan.

Telia rasmiylari Shvetsiyada Gulnora Karimova bilan noqonuniy muomala qilishda ayblangan, ammo sud bu ishda mamlakatning poraxo‘rlik to‘g‘risidagi qonunlari buzilmagan deb topib, kompaniyani oqlagan.

Ayblovlarga javoban, Amersining advokatlari korrupsion to‘lovlar amalga oshirilgani haqidagi gaplar asossizligi, kelishuvning Telia tarafidan sinchkovlik bilan tekshirilib, ma’qullangani va ayblovlarga asos yo‘qligi, Amersining loyihada atigi olti hafta ishlaganini keltirishgan.

BBC tomonidan olib borilgan surishtiruvlarga ko‘ra esa u 2007−2013 yillarda Shvetsiya kompaniyasining O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi faoliyatiga hamrohlik qilgan.

Muhammad Amersi aslida kim?

Muhammad Amersi Boris Jonson bilan / Guardian
Buyuk Britaniya fuqarosi hisoblangan Amersi Keniyada tug‘ilgan, asli kelib chiqishi Hindiston va Eronga borib taqaladi. Britaniyaning Sheffild va Kembrij universitetlarida tabbiyot hamda huquqshunoslik yo‘nalishlarida ta’lim olgan. Xayriya jamg‘armasi veb-sahifalarida o‘zini «global aloqa tadbirkori, xayriyachi va g‘oyaviy yetakchi» sifatida ta’riflagan. Ko‘plab chiqishlari va nutqlarida korrupsiyani qattiq tanqid qilgan.

Yaqinda u Yaqin Sharqdagi aloqalarini kuchaytirishga yordam berishni maqsad qilgan Konservatorlar partiyasi guruhini tashkil qilgani bois partiyaning ayrim vakillari qarshiliklariga duch kelgan.

Amersi boshqa «qora» ishlarga ham aralashganmi?
Qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Amersi Telia’ning boshqa ishlariga ham bevosita aralashgan. Kompaniyaning ichki elektron pochta xabarlari shuni ko‘rsatadi. Bitta xabarda Telia direktori janob Amersiga shunday yozgani qayd etilgan: «Men har kungi muzokaralarda qatnashishni xohlamayman, shuning uchun siz buni hal qila olasiz». Janob Amersi bunga javoban shunday degan: «Albatta ... roziman». Telia ichki hujjatlaridan biri uning «Project Uzbekistan» uchun 500 ming dollar «muvaffaqiyatli to‘lovlar» qilganini ko‘rsatadi.

BBC Amersining yana boshqa bitimlarga aloqasi borligiga doir hujjatlarni ham qo‘lga kiritgan. Kompaniya ichki hisobotlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Telia olti yil mobaynida Mr XY uchun 65 million dollardan ko‘proq maosh to‘lagan.

Ushbu to‘lovlarda sarf-xarajatlar kvitansiyalari keltirilmagan oylik 100 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan «dabdabali korporativ o‘yin-kulgi»lar ham o‘rin olgan.

Kompaniyani tozalash uchun olib kelingan Telia sobiq ijrochi direktori Michaela Albergning so‘zlariga ko‘ra, nomi oshkor qilinmagan XY maslahatchi aynan Muhammad Amersi bo‘lgan.

«Uning atrofida yurganlar, uni tinglaydiganlar va unga ishonadiganlar Amersi boyliklarining aslida qayerdan kelganligini bilishlari va tushunishlari kerak», degan u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yildagi Telia’ning yillik umumiy yig‘ilishida Muhammad Amersi va kompaniya o‘rtasidagi kelishuv to‘xtatilgan.

Telia o‘sha paytdan boshlab Markaziy Osiyodan chiqib ketgan va Skandinaviya hamda Shimoliy Yevropadagi faoliyatiga ko‘proq e’tibor qaratishni nazarda tutadigan korporativ boshqaruv shakliga o‘zgartirishlar kiritgan.

Amersining advokatlari ta’kidlashicha, uning gonorar va chiqimlari o‘sha paytdagi lavozimidan kelib chiqib amalga oshirilgan va kompaniyaning o‘zi muntazam kvitansiyalarni taqdim qilishni so‘ramagan.

Amersining «tadbirkorlik faoliyati» Britaniya Konservatorlar partiyasini xavotirga solishi mumkin?
Muhammad Amersining pullari va ining manbalari haqidagi savollar Konservatorlar partiyasining Manchester shahridagi yillik anjumani bo‘lib o‘tadigan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Amersi 2018 yildan beri Konservatorlar partiyasiga 525 ming funt sterling xayriya qilgan. U 2019 yildagi saylovlar uchun 100 ming funt, bosh vazirlik kampaniyasiga ham 10 ming funt pul bergan. Bundan tashqari, Amersining rossiyalik hamkori Nadejda Rodicheva ham partiyaga 2017 va 2018 yillarda 250 ming funtdan ziyod xayriya qilgan.

Siyosiy tahlilchi Gevin Millarning fikricha, partiya bu pullarni qaytarishi kerak. «Donor bilan jiddiy savollar paydo bo‘layotgan ayni vaziyatda partiya pullarni qaytargani ma’qulroq, ammo biron qonun Korservatorlarni bunga majbur qila olmaydi», degan tahlilchi.

So‘nggi vaqtlarda bosh vazirning do‘sti, partiya hamraisi Ben Elliotning yondashuvlari ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. U 2019 yilgi umumiy saylov kampaniyasi uchun rekord darajada, 37 million funt sterling pul yig‘gan.

So‘nggi oylarda matbuotda janob Amersi Britaniya bosh vaziri bilan muntazam uchrashib kelgan donorlar qatorida tilga olingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Pandora ishi»: Gulnora Karimovaga aloqador ma’lumotlar ochiqlandi