18:18 / 18.10.2021
820

O‘zbekiston va Afg‘onistonning yangi hukumati o‘zaro «yo‘l xaritasi» ishlab chiqadi

O‘zbekiston va Afg‘onistonning yangi hukumati o‘zaro «yo‘l xaritasi» ishlab chiqadi
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
16 oktabr kuni Termizda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi va Afg‘oniston muvaqqati hukumati vakillari muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarlik qilgan. Afg‘oniston tomonidan esa «Tolibon» bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdulla Salam Hanafiy qatnashgan.

«Gazeta.uz»ning «Tolibon» rasmiy vakili Zabihulla Mujohidga tayanib yozishicha, afg‘on delegatsiyasi tarkibida, shuningdek, TIV vakillari, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ta’lim vazirligi va boshqa bir qator tashkilotlar, qolaversa, tadbirkorlar guruhi ham bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar, ayniqsa, qish mavsumi davomida ikki tomonlama savdoni kengaytirishni, shuningdek, Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan yonilg‘i va birinchi galdagi zaruriy tovarlar hajmini oshirishni muhokama qilgan. Shu bilan birga, afg‘on tadbirkorlari uchun tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilish, Surxon—Puli-Xumri elektr uzatish tarmoqlari va Mozori-Sharif—Kobul—Peshovar yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalari muhokama qilingan.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Afg‘oniston «bir necha sohalarda ishchi guruhlar tuzgan». Tomonlar 10 kun ichida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlaydi va uni ikki mamlakat rahbarlariga taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg‘oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Uchrashuv davomida tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalarini, jumladan, Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish tarmoqlari va Mozori-Sharif—Kobul—Peshovar yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qo‘shma muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va Afg‘onistonning yangi hukumati o‘zaro «yo‘l xaritasi» ishlab chiqadi