23:28 / 22.10.2021
1 866

«O‘zbekistonga ‘Tolibon’ mafkurasini olib kirish mutlaqo imkonsiz» — Abdulaziz Komilov

«O‘zbekistonga ‘Tolibon’ mafkurasini olib kirish mutlaqo imkonsiz» — Abdulaziz Komilov
Foto: Tashqi ishlar vazirligi vakili
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 22 oktabr kuni Rossiya OAV vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida rossiyalik jurnalistlarning Afg‘oniston bilan bog‘liq savoliga javob berdi.

Xususan, «Kommersant’» nashri «Aksariyat mutaxasislar ‘Tolibon’ hukmronligi davrida Afg‘oniston tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni muhokama qilar ekan, toliblar Markaziy Osiyo davlatlariga harbiy yo‘l bilan bostirib kirmaydi, aksincha ularga o‘z mafkurasini tarqatishga urinib, mamlakat ichida tarafdorlarini tarbiyalaydi, degan fikrda. Bunday xavfga qanday qaraysiz?» deya savol berdi. Vazir bunga quyidagicha javob berdi:

«‘Tolibon’ oldida turgan ustuvor maqsadlar qatorida siz aytgan narsa umuman yo‘q deb o‘ylayman. Ular, birinchi navbatda, dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi uchun oyoqqa turib, qaror topishi va qandaydir davlat tuzishi lozim. Ular qandaydir mafkurani tarqatishni boshlash darajasiga yetguncha juda ko‘p vaqt o‘tadi. Umid qilamizki, bu vaqt davomida ushbu harakatning o‘zi ham evolyutsiyalashib boradi».

Vazirning ta’kidlashicha, ularning xalqaro hamjamiyatning tan olingan a’zosi bo‘lish istagi qanchalik ortib borsa, mafkuraning o‘zi ham, harakat va uning rahbarlari dunyoqarashi ham shunchalik o‘zgarib boradi.

«O‘zbekiston o‘zining milliy manfaatlari, milliy g‘oyasi, davlat mafkurasi jihatidan shunchalik qaror topganki, bu yerga toliblarning mafkurasini olib kirish mutlaqo imkonsiz. Ba’zida mana, ayollar ro‘mollarda yurishibdi, demak, toliblar keladi, deb aytishadi. Bu solishtirib bo‘ladigan narsami? Dunyoning yarmi bu urfga kirgani uchun ro‘mollarda yuribdi, shunday emasmi?», — degan TIV rahbari.

«Shuning uchun, bugun biz toliblar mafkurasining kirib kelish xavfini ko‘rmayapmiz. ‘Tolibon’ mafkurasining o‘zi pirovardida maqsadi o‘z vatanini chet elliklardan, ayniqsa, harbiylardan ozod qilishdan iborat. Bor gap shu», — deb qayd etgan Abdulaziz Komilov.

Eslatib o‘tamiz, 8 sentabr kuni Afg‘oniston bo‘yicha vazirlar uchrashuvida ishtirok etgan Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasini ma’lum qilgandi. «O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish, betaraflik va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori», — degan edi vazir.

«Tolibon» rasmiysi 7 oktabr kuni Kobulda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston xavfsizligiga Afg‘oniston hech qanday tahdid bo‘lmasligini aytgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «O‘zbekistonga ‘Tolibon’ mafkurasini olib kirish mutlaqo imkonsiz» — Abdulaziz Komilov