1 560
Vazirlik talaba qizga tegajog‘lik qilingani aytilgan universitet rahbariyatiga qat’iy chora ko‘radi
Toshkentda talaba qizga tegajog‘lik qilib, uni oynadan itarib yuborishda Toshkent davlat pedagogika universitetining dekan o‘rinbosari gumonlanayotgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, hozirda mazkur voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
«O‘rganish natijalari bo‘yicha jinoyatda gumonlanuvchi universitet mas’ul xodimiga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi. Shuningdek, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan ham qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘riladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba-qizlarning sha’ni va nomusiga qarshi har qanday xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va, albatta, bu kabi holatlarga qarshi qat’iy kurashadi.
Tez orada bunday holatlarning oldini olish maqsadida tezkor murojaat qilish imkonini beradigan maxsus portal yaratiladi hamda ishga tushiriladi. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha ob’ektiv tafsilotlar qo‘shimcha tarzda ma’lum qilinadi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun, 18 oktabr kuni 20 yoshli M.K. Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari B.Yu.ning xonasiga kirgan. 37 yoshli dekan o‘rinbosari B.Yu. qizdan kutib turishini so‘ragan. Qizning aytishicha, xonadan hamma chiqib ketgach, dekan o‘rinbosari charchaganini aytib, undan qahva damlab berishni so‘ragan. Qiz qahva damlamoqchi bo‘lganida erkak eshikni ichkaridan qulflab, chiroqni o‘chirgan. M.K. nimanidir sezganday yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, tezroq yetib kelishni so‘ragan, xonadan chiqay desa, erkak uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi bo‘lgan.
Qiz qarshilik ko‘rsatgan, eshikning u tarafida esa qizning do‘sti kelib, eshikni ochishni so‘ragan. M.K. amallab oyna oldiga kelib, yordamga chaqira boshlagan. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlagan. U qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin kuchi yetmay, oynadan pastga tushib ketgan. Dekan o‘rinbosari esa derazani yopib, jalyuzini tushirgan va eshikni ochgan. Qizning do‘sti dekan o‘rinbosarini olib, pastga tushgan. Atrofda yig‘ilganlarga B.Yu. qiz oynadan o‘zi sakragani va uni o‘zi shifoxonaga olib borishini aytgan.
Shifokorlar qizga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashxisini qo‘ygan. Qizning yaqinlarining aytishicha, dekan o‘rinbosari tomonidan kelgan odamlar ularga o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishlari uchun pul taklif qilgan. B.Yu. esa hammaga qiz o‘z joniga qasd qilgan demoqda. U o‘qigan fakultet talabalarini to‘liq onlayn ta’limga o‘tkazilgan.
IIV matbuot kotibining ma’lum qilishicha, 19 oktabr kuni dekan o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 105 (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish), 118-moddalari (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 23 oktabr kuni ekspertiza javobi chiqishi bilan dekan o‘rinbosari protsessual tartibda ushlangan.
SSVning ma’lum qilishicha, bemorning dinamikada ahvoli qoniqarli. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tajribali shifokorlari tomonidan muolajalar davom ettirilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi