14:51 / 06.11.2021
1 829

Toshkentda soliq xodimi xotinini kaltakladi. Soliq qo‘mitasi holatga munosabat bildirdi

Toshkentda soliq xodimi xotinini kaltakladi. Soliq qo‘mitasi holatga munosabat bildirdi
Toshkent shahrida soliq inspektori xotinini doimiy ravishda kaltaklab kelgani, erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilsa-da, ayolni ta’qib qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Nemolchi.uz» xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yakkasaroy tuman soliq inspeksiyasi xodimi D. ayoli Sh.ni doimiy kaltaklab kelgan. Erkak o‘z qiziga qo‘l ko‘targach, ayol otasining uyiga ketib qolgan. Shundan so‘ng D. xotinidan uyga qaytishni va uni kechirishini so‘ragan. 2021 yil aprel oyida ularning 14 yoshli o‘g‘li vafot etgan. Ayol o‘ziga kelib ulgurmasidan erkak yosh ayol bilan nikohdan o‘tgan va uni uyiga olib kelgan. Shunga qaramay, u Sh.dan uyga qaytishni so‘rayvergan.

Ayol eriga yangi oilasiga e’tibor qaratishini va uni tinch qo‘yishini so‘ragan. Lekin erkak uning ishxonasi, bolalari bilan birga yashab kelayotgan otasining uyiga borgan. Oqibatda ayol otasining tanishidan kvartira ijaraga olib, chiqib ketgan.

Qayd etilishicha, iyun oyi oxirida Sh. mashinasi bilan turar joy binosi oldiga to‘xtatgan payt eri kelib qolgan va «Kimning oldiga kelding?», deb so‘ragan. Bunga javoban ayol bu uning ishi emasligini aytgan. Shunda erkak ayolni kaltaklashni boshlagan, uni yerga yotqizib, yuziga bir necha bor tepgan. Sh. mashinasining signalini chaladi, ammo hech kim yordamga kelmagan. Kaltaklashni tugatgandan so‘ng er ayolni kasalxonaga olib borib, uni sevgani bilan ushlab olgani uchun urganini aytgan.

Shu payt Sh.ning onasi qizi kech qolayotganini payqab, 102 telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan. Bino garajiga tushib, eshigi ochiq mashina va uning atrofidagi qon tomchilarini ko‘rgan. Xodimlar voqea joyiga yetib borib, kamera yozuvlarini tekshirgan va ayol eri tomonidan kaltaklanganini ko‘rgan.

Shifokorlar Sh.ga old suyagi sinishi belgilari, orbital devorlari, gaymor bo‘shlig‘i, yuqori jag‘, chakka suyagi tashxisini qo‘ygan.

Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (badanga qasddan og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkakka nisbatan uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan cheklash jazosi tayinlanishi kutilmoqda.

Ayblanuvchi bularning barchasidan keyin ham ayolni o‘ziga qaytarishga urinib, ta’qib qilishda davom etgan. «U ortimdan qolmayapti. Ajrashishga imkon bermayapti. Juda ham charchadim. Tergovchiga qo‘ng‘iroq qilib, u meni ta’qib qilayotgani, biror chora ko‘rishini so‘radim», — degan jabrlanuvchi.

Davlat soliq qo‘mitasi holatga munosabat bildirib, xabar yuzasidan ichki xizmat tekshiruvi olib borilayotganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, voqea joriy yil boshida sodir bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan shu kunga qadar fuqaro tomonidan davlat soliq xizmati organlariga murojaat qilinmagan, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ham ma’lumot kelib tushmagan. «Agar voqea haqida o‘z vaqtida xabar qilinganda, holat tezkorlik bilan o‘rganilib, tegishli munosabat bildirilgan bo‘lar edi», — deyiladi qo‘mita munosabatida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda soliq xodimi xotinini kaltakladi. Soliq qo‘mitasi holatga munosabat bildirdi