20:11 / 20.11.2021
10 095

O‘g‘il tug‘magan ayol xorlikka mahkummi?

O‘g‘il tug‘magan ayol xorlikka mahkummi?
Eskirmaydigan og‘riqli mavzu – o‘g‘ilsizlik bahona zo‘ravonlik! Ayolga zulm! O‘g‘il tug‘magan ayolning kechmishlari, tazyiqlar, ajrimlar, eng yomoni fojialar... Butun O‘zbekistonni larzaga solgan voqea – o‘zini poyezd ostiga tashlagan uch qizaloqning onasi o‘limi fojiasi hech kimni befarq qoldirgani yo‘q.

Yana bir ayanchli voqea – Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida oilada qizlar tug‘ilganligi ortidan surunkali janjallar o‘g‘illi bo‘lishgandan so‘ng ham davom etgani, alaloqibat, bir kunda, oilaning to‘ng‘ich qizi va onasi o‘zlarini osib qo‘ygani edi... Sud ayol va qizi o‘limida er va qaynona aybdor deb hukm chiqardi.

Savollar iskanjasida
Navoiyda o‘zini poyezd ostiga tashlagan ayol uchala qizalog‘ini ham birgalikda halok qilmoqchi edi. Fojia Navro‘z kunida sodir bo‘lgandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 1 aprelda esa Kattaqo‘rg‘onda o‘smir qiz va onasi o‘zlarini osishdi. 36 yoshli mahrumaning yaqinlari aytishlaricha, ayol avvaliga 3 nafar qiz farzand ko‘rgan. «Qiz tug‘mading» degan ta’na-dashnomlar bilan yillar davom etgan janjallar odat tusiga kirib qolgan. Shundan, oilada o‘g‘il dunyoga kelgandan so‘ng ham ayolga zo‘ravonlik to‘xtamagan. Onasi chekayotgan xo‘rlik, ruhiy va jismoniy zo‘ravonlikdan bezgan 16 yoshli qiz og‘ilxonaga kirib o‘zini osgan. Ikki soatdan keyin onasi qizining arqonidan sirtmoq solgan...

O‘g‘il, qiz, o‘g‘il, qiz... Zo‘ravonlik, zulm, tazyiq. Toshkentda, Buxoroda, Qashqadaryoda, Xorazmda, Farg‘onada – hamma joyda.

Mudhish xudkushliklardan sal avvalroq, fevral so‘ngida, xotin-qizlar masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda Prezident Shavkat Mirziyoyev «... ayollarni xo‘rlash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish hamda omma oldida «sazoyi» qilish holatlari oddiy holatga aylanib bormoqda. O‘tgan yili 15 mingga yaqin xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan» degandi. 15 mingta taqdir... Bu hali davlat miqyosidagi idoralargacha yetib kelgani. Xonadon ostonasidan chiqmay, shu joyda taqalib qolgan tazyiqlar qancha? Qolaversa, har bir zo‘ravonlikni boshidan kechirgan ayol qismati ortida yana nechta taqdir turadi?

«O‘g‘il tug‘mading» deya iddao qilingan oilada ham zo‘ravonlik qurboni faqat halok bo‘lgan ayollarmidi? Navoiyda uch qizaloq, 3, 5, va 8 yoshli qizlar onasining poyezd ostiga tashlayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Kamiga o‘zlari ham bu dahshatli voqea ishtirokchisiga aylanishdi. Poyezd kelayotgandagi manzarani ular butun umr unuta olishmaydi.

Kattaqo‘rg‘ondagi xonadonda bir kunda ham onalari ham opalaridan judo bo‘lgan to‘rt nafar bola-chi? Ularning kichigi hali 7 yoshda. Bu ikkala oilada ham, bolalar ruhiyatidagi kemtiklik fojia kunidan boshlangan deyish xato bo‘ladi. Ota o‘g‘il tug‘magan ayolini har gal haqoratlaganda, ular o‘zlarini keraksiz deb his qilishga, onalarining ko‘z yoshlariyu, iztiroblariga o‘zlarini sababchi bilishga hali bolalik qilishgandir. Lekin, har qanday nosog‘lom muhitdagi bola, ruhiyati jarohatlangan insondir. Farzandlarni endi onasizlik qismati kutadi. Ular bir kun ulg‘ayishar ham. Xabar mamlakat bo‘ylab tarqalganda, o‘zini anglagan har bir ayol xayolidan kechirgan savollar kuni kelib ularni ham iskanjaga olsa ajab emas?

O‘g‘il tug‘magani ayol o‘zini o‘ldirishiga arzigulik sababmi o‘zi? Yoki qurbonlarning harakati o‘g‘il tug‘ib bermagani uchungina ayolini keraksizga chiqargan erlar yashaydigan jamiyatga isyoni edimi? Ayol nega qizlarini olib haqoratlangan xonadondan chiqib keta olmadi? Mustaqil hayotni boshlashga nega uning o‘ziga ishonchi yo‘q edi? O‘ta bardosh, ko‘tara olishdan ortiq darajadagi sabr faqat atrofdagilar bosimi yoki an’anadorlikka daxldormi? Balki ijtimoiy holat bilan bog‘liq jihatdir aslida? Nega mahalla bu oilani «tinch-totuv» deb bilib kelgan? Ayol biror marta psixolog huzuriga borganmidi? Hokazo, hokazo...

Taqdirlar, taqdirlar...
Xalqimizda, o‘g‘il tug‘ilmagani ortidan oilada muammo paydo bo‘lish hollari yangilik emas. Masala qanchalik og‘riqli ekanligi ayniqsa, UZI uskunasi va abortga ixtisoslashgan vrachlarga, tug‘ruqxona xodimlariga, qolaversa, (afsuski) folbinlaru qushnochlarga ko‘proq ayon. Balki, psixologlarda ham ancha-muncha ma’lumotlar bordir.

M.D, asli xorazmlik, hozirda Toshkentda yashab, ishlaydi, uch qizning onasi:
– Birinchi qizimiz tug‘ilganda quvondik. Ikkinchisiga homilador bo‘lganimda negadir o‘g‘il deb o‘yladik, ism ham topib qo‘ygandik. Tug‘ruq jarayoni juda qiyin kechdi. Ahvolim yaxshi deb bo‘lmasdi. Xo‘jayinim esa chaqaloq qiz ekanligini bilib, suyunchi ham bermay (o‘sha paytlar odatiy hol edi), mashina eshigini qarsillatib yopib ketgan ekanlar. Keyin ham kelmadilar. Rosa xafa bo‘lganman, faqat yig‘lardim. Baxtimga men qaynegachim vrach bo‘lib ishlaydigan tug‘ruqxonaga tushgan edim. Yaqinlarim, ayniqsa, erimning qarindoshlari menga e’tiborli bo‘lishdi. Bir kuni deng, tug‘ruqxonaga qaynotam keldilar. Qo‘llarida katta qovun bilan (qovun – tuqqan ayolga mumkin emas! –kuladi ayol) Oldimga kirib o‘tirdilar (o‘sha vaqtlarda ruxsat berilardi), «Tirnoqqa zorlar qancha?» dedilar. Erim faqat oxirgi kunda «bolani ko‘ray» deb kelibdilar. Vrach qaynegachim «Senga qiz ham, xotin ham kerak emas edi-ku, o‘zim uyimga olib ketaman» deya haydab yuboribdilar. Rahmim keldi. «Mayli, kelsin» dedim... Dadamiz hozirda shu qizimizni yeru ko‘kka ishonmaydilar. Shu ikkinchi qizimizni ko‘klamda uzatdik.

Farmon Toshev, jurnalist, uch qizning otasi:
– Aslida, qizning o‘g‘ildan nimasi yomon? Islom dinimizning arkoni Muhammad payg‘ambarimiz uchta qizli bo‘lgan-ku. Yuz foiz kafolot – agar oilada shu borada mashmasha boshlangudek bo‘lsa, bu erkaklar emas, ayollar sabab boshlanadi. Qaynona va qaynsingillar kelinni o‘g‘il tug‘maganlikda aybdor qilib ko‘rsatavermasa, o‘g‘il va qaynotaga iddao qilishavermasa, er qiz farzandlarini yozg‘itmaydi. Hatto shu xil fikrlar paydo bo‘lganda ham, uning nohaqligini tushuntirsa bo‘ladi. Men ham uchta farzandimni uzatganman. Ularning har biri oliy ma’lumotli bo‘lib, ishga joylashib, birinchi maoshini olgandan so‘nggina uzatganmiz.

Xorazmlik ayol hikoyasining davomi:
– Ikkinchi farzandim biroz esini tanigach, Toshkentga o‘qishga kirdim. Vaqti kelib Toshkentdan ikki xonali uy ham oldik. Qizlarim o‘qishini ham Toshkentga ko‘chirdik. 10 yil deganda yana homilador bo‘ldim. UZIga borganimda yana «qiz» dedi. O‘shanda, tug‘ruqxonadagi munosabat takroridanmi yoki «oldir» deyishlaridanmi qo‘rqar edim, shekilli., xo‘jayinimga «o‘g‘il ekan» dedim. Lekin to‘lg‘oq tutganda rostini aytdim. Erim «Ikkitasini oldida uchinchisi ham katta bo‘ladi» deb yupatdilar meni. Bilmadim, Toshkent muhitimi yoki endi ulg‘aygan edilarmi, xo‘jayinim qiz, o‘g‘il masalasiga boshqacha qaray boshlagan edilar. Hozirda ikki qizimizni chiqarganmiz, kuyovlarim – o‘g‘illarim, kenjamiz maktabga boradi. Biz o‘zimizni baxtli oila deb hisoblaymiz, - deydi ayol.

Lobar Abdurahmonova, toshkentlik yosh shifokor, bugunda uch qizining tarbiyasi bilan band ona:
– Uchala qizimizni ham xo‘jayinim tug‘ruqxonadan sharlar bilan bayram sifatida olib chiqishgan. Qaynona-oyijonim o‘zlarining qizlari yo‘q, uch farzandlari ham o‘g‘il bo‘lgani uchunmi, nabiralar qiz tug‘ilaversa, «bolaginamning bolasi» deb alqayveradilar. Lekin ayoli qiz tuqqanligi uchun uni xo‘rlagan erkakni tug‘ruqxonada o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Men kabi jarrohlik amaliyoti bilan uchinchi qizini dunyoga keltirgan ayol behol yotardi. Eri kelib, «Holing nima?» demadi, «He, yana qizmi?» dedi yuzini burishtirib. Yegulikka ham biror narsa olib kelmagan. Ayol yig‘ladi. Kechga yaqin isitmasi chiqib ahvoli og‘irlashdi...

Shoira Mamatqulova, Samarqand viloyati Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi ginekolog vrachi:
– Yangi tuqqan ayolning kayfiyati ko‘p narsani belgilaydi. Agar tug‘ruq og‘irroq kechgan bo‘lsa, dili xira qilingan ona ahvoli yanada yomonlashishi mumkin. Hatto normal tug‘ruqdan so‘ng ham ruhiy zarbaga uchragan onaning suti qochadi. Gohida otalar ana shu jihatni o‘ylamaydilar. «Qiz tug‘mading» degan ta’nalar ba’zan tug‘ruqxonadan boshlanadi.

Rustamjon Hamidov (Rustamjon domla), imom:
– Uch nafar farzandni voyaga yetkazgan, chiroyli ta’lim-tarbiya bergan ota uchun jannat va’da qilinganligi bor. Ikki nafar farzandni voyaga yetkazgan ota uchun jannat va’da qilingani bor. Bir nafar qiz farzandni voyaga yetkazgan, tarbiya qilgan ota uchun jannat va’da qilingani bor. Ammo buni qadriga yetmaganlar, qiz farzand tuqqani uchun ayoliga zulm qilayotganlar, go‘yo, men qo‘rqaman, jannatini tahqidlayotgandek tuyulaveradi menga. Axir sizga jannat va’da qilinayapti-ku qiz farzand uchun. Ammo qiz tug‘ib bergan ayolining hayotini do‘zaxga aylantirayotganlar bor. «Yana qiz tug‘sang, sen bilan yashamayman» deb ultimatum qo‘yadigan otalar bo‘ladi. Shunaqangi erlar bilan yashayotgan ayollar juda o‘zlarini nuqsonda sezadilar. Hayotdan norozi, hatto Xudo saqlasin, Allohning taqdiridan norozi bo‘layotgan ayollarni ko‘ramiz.

Nurali Kenjayev, Surxondaryo viloyatning Denov tumanidan, to‘rt qiz va bir o‘g‘ilning otasi:
– Shukurlar bo‘lsin, birin-ketin to‘rt qizli bo‘ldik. Xudoning bergani dedim, xotinga bir og‘iz ortiqcha so‘z demadim. Ammo ayolimning o‘zi o‘g‘illi bo‘lishni juda istardi. Navbatdagi homilador bo‘lganida UZIga boribdi, kayfiyati tushib qaytdi do‘xtirdan. Ertaga borib «yo‘q qilib kelish»ini aytdi. Men qarshilik qildim. U o‘zining gapini ma’qul bildi. Oxiri, «Mayli nima qilsang, qilaver, lekin ertaga do‘xtirdan chiqib to‘g‘ri otangnikiga ket! Boshqa kelmaysan! » dedim. Shu tarzda bolani saqlab qoldim. Homila sakkiz oylik bo‘layotganida, rivojlanishini tekshirish uchun UZI ko‘rigidan o‘tayotganda ham «qiz» degan. Men ham tug‘ruqxonada «qiz» degan gapni eshitishga tayyor edim. Lekin o‘g‘il ekan. Ibrohimjon, o‘g‘limiz hozir 5 yoshga kirayapti.

Rustamjon domla yigitlarimiz diqqatini bir narsaga ahamiyat qilishlari kerakligini ta’kidlaydi: «Qur’oni karimda bir oyat bor: «Ayollaringiz sizlarni ekinzoringiz» deyiladi. Ya’ni, «Ey erkaklar, urug‘ni sizlar ekasizlar» Qur’oni Karimning ishorasi, hozirgi fanning isbotidan ma’lumki, farzandning o‘g‘il yoki qiz tug‘ilishiga ayolning aloqasi yo‘q. Ta’bir joiz bo‘lsa, agar qiz yoki o‘g‘il tug‘ilishida kimdir aybdor hisoblanadigan bo‘lsa, er aybdordir», – deydi Rustamjon domla.

Doktor Ischanov: Homila jinsini ona emas, ota belgilaydi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Doktor Ischanov» nomi bilan mashhur bo‘lgan shifokor Nodirjon mudhish voqealar yurtimizda boshqa hech qachon takrorlanmasin deb tilak bildiradi. U qiz yoki o‘g‘il tug‘ish onaga bog‘liq emasligi tibbiyotda allaqachonlar ilmiy asosda isbotlanganligini ta’kidlaydi: – Odam organizmida ikki turdagi jinsiy hujayralar bo‘ladi. U hujayralar erkakda alohida, ayolda alohida bo‘ladi. Ikki jinsiy hujayralar birikkanida homila paydo bo‘ladi. Ayolda tuxum hujayra, erkakda spermatozoid hujayralari. Bularni har biri alohida shaklda bo‘ladi, – deb batafsil tushuntiradi doktor. – Ayol organizmi jinsiy tuxum hujayralari ichida ham, erkak jinsiy spermazoidlari hujayralari ichida ham kodlar yashiringan bo‘ladi. Bular jinsiy xromosoma kodlari, deyiladi. Ayollarda faqat «X» xromosoma bo‘ladi. Erkaklardagina ikki xil xromosoma kodlari bo‘ladi - «X» va «Y». X+X tartibida birlashsa homila qiz yoki X+Y sifatida topishsa homila o‘g‘il bo‘ladi.

Homila jinsini oldindan rejalashtirish mumkin!
Homila jinsini oldindan belgilash borasidagi turli usullar borasida anchadan buyon aytilib kelinayotir. Masalan, bir nashrda qonning yangilanishiga qarab (erkakning qoni har 4 yilda, ayolning qoni har 3 yilda yangilanarkan), ya’ni er-xotindan kimning qoni yangiroq bo‘lsa, o‘shaning jinsida homila paydo bo‘ladi, degan ma’lumotga ko‘ra, homiladorlikka yo‘l qo‘yilishi haqida yoziladi.

Yana bir ma’lumotda homiladorlikdan oldin ikki oy parhez tutish muhim deb ta’kidlanadi.
Shifokorlar bu usullar hamma vaqt ham kafolatlanmaydi, deb hisoblashadi.

Doktor Ischanov esa yagona kafolatlangan usul bor, deydi ishonch bilan:
– EKO usulida o‘g‘il ko‘rish 100 foizga to‘g‘ri chiqadi. Ekstrokorporal urug‘lantirish bu EKO deyiladi. Bunda ayol hujayrasi qorin orqali olinadi, unda X kodi bor erkakning spermotozoidlarning ichidan, maxsus nonamikroskop orqali, Y kodi bo‘lgan xromosoma sinchiklab ko‘rilib, ajratilib olinib urug‘lantiriladi. EKO usuli haqida gap ketar ekan, bu usul shariatga qanchalik munosib kelishini savol ostiga oladiganlar bor.

Islomda sun’iy homiladorlik haqidagi hukm qanday? Hazrat Shayx Muhammad Sodiq vaqtida bu savolga bir videolavhada lo‘nda va tushunarli javob bergandilar: «Xotinni eridan nutfani olib xotinni o‘ziga o‘rnatishga ruxsat bor. Bu ikki xil bo‘ladi. Nutfani olib bachadonga o‘rnatib qo‘yish mumkin. Nutfani olib va xotindan tuxumni olib naychada urchitib turib, urchib bo‘lgandan keyin o‘rnatib qo‘yish bor».

Hozirda O‘zbekistonda EKO orqali dunyoga kelib, oilalarga quvonch bag‘ishlagan bolalar soni minglabdir ehtimol. (Garchi ularning ko‘pchiligi bola jinsi muammosi emas, balki farzandsizlik muammosi tufayli EKO usuli yordamida tug‘ilgan). Ammo, bizda aksar hollarda, bu oila ichidagi sir bo‘lib qoladi. Anonim tarzda gapirishga rozi bo‘lgan ayolning aytishicha, uning ikki farzandi ham EKO orqali dunyoga kelgan. «Besh yoshli o‘g‘lim va ikki yoshli qizim sog‘lom, serharakat» deydi ona.

«Ayolcha» gaplashish qanaqa bo‘ladi?
Bir qarashda, oilada tug‘ilgan go‘daklarni qiz-o‘g‘ilga ajratish va gender masalasi kimgadir alohida mavzulardek tuyular. Lekin ularning ildizi bitta. Gender tenglik borasida necha o‘nliklardan buyon gapiramiz. Gender tenglik borasidagi tarbiya esa aslida oiladan, bolalik davridan boshlanishi to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki, xonadonlarda o‘g‘illar bolalikdanoq o‘zlarini ustun deb hisoblashlariga zamin yaratiladigan, hatto shunga rag‘batlantiriladigan holatlar uchraydi. «Ha, o‘g‘il bola...», «Qo‘y, tegma unga, o‘g‘il bola-da... » (qiz bola bajarishi lozim bo‘lgan ishlarni buyurgandagi holat nazarda tutilmayapti).

Navoiydagi va Kattaqo‘rg‘ondagi voqealar ko‘plar yuragini zirqiratdi. Poyezd ostidagi xudkushlik sodir bo‘lgan kunlarda bloger Aziza Umarova o‘zining telegramm kanalida yozganlari bir necha maqolaga tatigulik. «Men ham o‘g‘il tug‘magan ayollardan biriman. Men ham uchinchisi o‘g‘il bo‘lishiga umid qilganman. ...UZIchi vrachdan aniq qizmi, balki o‘g‘il boladir, deya uchinchi marta so‘raganimda, u menga axmoqqa qaraganday qaradi. Va ich-ichidan otilib kelgan gapni aytdi: «Sizlarga hayronman. Mening bittayu bitta farzandim bor, u ham bo‘lsa qiz, lekin men o‘zimni dunyodagi eng baxtli ota deb bilaman». Stoldagi suratda o‘sha qizaloq menga jilmayib qarab turardi. Juda chiroyli, yoqimtoy qiz. Rus...»

Oila va bolalar psixologi Shoira Isoqova necha yillardan buyon gender masalalarini o‘rganadi. Uning bugungi kunda olib borayotgan ilmiy tadqiqoti ham oilada xotin-qizlarga zo‘ravonlik mavzuida:

– Doktorlik ilmiy ishini yozishga undagan narsa oilada ayollarga zo‘ravonlik holatlarining kundan kunga avj olib borayotganligidir. Ilmiy ishim Navoiy va Kattaqo‘rg‘on voqealari kabi aslida mayda-chuyda gaplardan boshlangan, zimdan xo‘rlashlar, gohida esa oshkora haqoratlashlar, jismoniy, ruhiy va iqtisodiy tazyiqlar bilan bog‘liq. Zo‘ravonliklar sabab ayollarimiz sog‘liqlarini yo‘qotishgan, uysiz qolishgan, moddiy va ma’naviy, ruhiy jihatdan zarar ko‘rishgan, ayrim hollarda esa halok bo‘lishgan yoki bir umrga yetadigan ruhiy jarohatlar olishgan. Lekin bunga sababchi bo‘lganlar ko‘p hollarda qonun oldida javob berishmagan.

Psixolog, o‘zbek ayollarining ko‘pchiligi juda mulohazali, andishali ekanligini, atrofdagilarning «sabr qilsang o‘tib ketadi, biz ham shunaqa yashaganmiz», degan taskinlari ta’sirida chidab kelishlarini va psixolog mutaxassisga murojaatni «uydagi gapni ko‘chaga chiqarish» deb tushunishlarini ta’kidlaydi.

Xotin-qizlarga past nazar bilan qarash gohida jamiyatda ham o‘z aksini topgandek bo‘ladi. Bir tomondan davlat miqyosidagi ishlargacha ayollar rag‘batlantirilayapti. Ikkinchi tomondan, qaysidir nomdor tashkilot, mumkin qadar xotin-qizlarni ishga olmaydi. Garchi ishga kirish bo‘yicha murojaat qilgan ayol yetuk mutaxassis bo‘lsa-da... Homilador yoki yaqin vaqtlarda homilador bo‘lishi ehtimolidagi ayol esa aksariyat tashkilot va korxonalar uchun ortiqcha daxmaza hisoblanadi. «Erkakcha gaplashdik», «Erkakcha ish tutamiz» kabi iboralar nashrlardagi sarlavhadan tortib rasmiy majlislarda ham aytilayapti...

Shu joyga kelganda men aytmoqchi bo‘lgan yakunni mendan avvalroq Azizaxon (Umarova) aytib bo‘lganini his etaman.
«Men jamiyatimiz o‘zgarishini xohlayman, buni esa qizlarimizga bo‘lgan munosabatdan boshlashimiz kerak», deb yozgan u.

Men ham jamiyatimiz o‘zgarishini istayman. Minglab, ehtimol, millionlab ayollarimiz ham!

Mustahkam Tangriyorova

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘g‘il tug‘magan ayol xorlikka mahkummi?