23:19 / 28.11.2021
1 878

Atigi bir hafta davomida iste’mol qilingan fast fud miyani qanday qilib o‘zgartirishi mumkin?

Atigi bir hafta davomida iste’mol qilingan fast fud miyani qanday qilib o‘zgartirishi mumkin?
Foto: Daniel Reche / Pexels
Sog‘lom ovqatlanish shakar, to‘yintirilgan yog‘lar, fast fud, shirinlik va chips hamda gazli ichimliklar kabi yegulik chiqindilaridan voz kechishni nazarda tutadi. Biroq bu odamlarga vafli bilan nonushta qilish, konfet bilan choy ichish, ovga borganda hot-dog sotib olish va o‘zlari qo‘llab kelayotgan parhezni sog‘lom deb hisoblashga xalaqit qilmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yaxshi yondashuv emas.

2020 yilda Avstraliya va AQSH universitetlari olimlari guruhi ana shunday parhez ishtahani nazorat qilishga putur yetkazib, xotiraga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aniqladi.

Parhezning miyaga ta’siri qanday tekshirildi?

Foto: Daniel Reche / Pexels
Olimlar 110 nafar ortiqcha vaznsiz, sog‘lom kishilarni tanlab olib, ularni ikki guruhga ajratishdi. Birinchi guruhdagilar uchun odatiy ovqatlanishga o‘zgartirish kiritilmadi. Boshqa guruhdagilarga esa kunda bir mahal 806–985 kkalli shirin va yog‘li mahsulotlar, masalan, sendvich va sutli kokteyl yoki Belgiya vaflisi berildi.

Tajribadan oldin va keyin barcha ishtirokchilar Hopkins testidan o‘tkazildi. U yordamida olimlar verbal xotirani tekshirishdi. Bundan tashqari, talabalarning ishtahani nazorat qilish qobiliyati tekshirildi. Ularga bir necha mazali mahsulotlar taklif qilinib, taom qanchalik yoqishi va uni tatib ko‘rish istagi qanchalik kuchli ekanini so‘rashdi.

Dastlab bu test och qoringa o‘tkazildi. Tajribaga qadar qorin to‘qligi har ikki guruhda ham mahsulotlarni yaxshi ko‘rishni ham, ularni iste’mol qilish istagini ham kamaytirgan. Biroq keyin natija o‘zgardi.

Zararli yeguliklar iste’mol qilish ishtirokchilarni qanday o‘zgartirdi?
Test natijalariga ko‘ra, olimlar shunday xulosaga kelishdi: bor-yo‘g‘i bir hafta davomida ratsionga shirin va yog‘li mahsulotlar kiritilishi ishtahani nazorat qilish qobiliyatini kuchsizlantirdi.

Tajriba boshlanguniga qadar ishtirokchilar och vaqtida taklif etilgan shirinliklarni iste’mol qilgilari kelgan. Nonushtadan keyin esa taomlar jozibadorligi kamaygan, biroq ularni tatib ko‘rish istagi u qadar kamaymagan.

Bundan tashqari, bunday parhezdan keyin talabalarda aqliy qobiliyatlar ham yomonlashgan. Ishtahani boshqarish qobiliyati qancha yomonlashsa, shuncha kam narsa eslab qolishgan.

Ana shu ma’lumotlarga tayangan holda olimlar bunday parhez gippokamp – miyaning ishtaha va xotira uchun mas’ul bo‘lgan tarkibiga ta’sir ko‘rsatgan degan xulosaga kelishdi.

Fast fudning gippokampga ta’siri sog‘liqda qanday aks etadi?
Gippokamp ishtahani boshqarish va parhezni tanlashda katta rol o‘ynaydi. U qoniqish hissi, shuningdek, ongli qarorlar va o‘z-o‘zini nazorat qilishdan tug‘iladigan prefrontal qobiq bilan bog‘liq.

Foto: Polina Tankilevitch / Pexels
Shu bilan birga, mazkur tarkib tashqi omillarga juda ta’sirchan va doimiy yallig‘lanish, qondagi glyukozaning yuqori ko‘rsatkichi, nosog‘lom ovqatlanish natijasidagi oksidlovchi zo‘riqish unga zarar yetkazishi mumkin.

Olimlar farazlariga ko‘ra, agar gippokamp zararli mahsulotlar bilan bostirilsa, sog‘lom ovqat hisobiga mazali taomdan voz kechish uchun mas’uliyat old yon qobiqqa tushadi. Bu esa tengsiz jang.

Boshi berk ko‘cha holati yuzaga keladi. Qancha ko‘p fast fud iste’mol qilinsa, gippokamp holati, o‘z-o‘zini nazorat qilish yomonlashadi, fast fud ko‘proq iste’mol qilinadi. Buning ustiga xotira ham yomonlashadi.

Boshi berk ko‘chadan chiqib olishga nima yordam beradi?
Eng avvalo ratsiondan shakar, shirinliklar va yog‘li go‘shtni chiqarib tashlash kerak. Agar ushbu mahsulotlarni yaxshi ko‘rsangiz, ularni to‘liq chiqarib tashlash fikri qo‘rqinchli ko‘rinadi. Shuning uchun ulardan butunlay voz kechmang, faqat juda oz miqdorda iste’mol qiling.

Masalan, O‘rta Yer dengizi parhezi qoidalarini sinab ko‘ring: haftasiga 80 grammdan ortiq bo‘lmagan miqdorda shirinliklar, 120-200 gr qizil va 50 gr qayta ishlangan go‘sht. Jarayon davomida mazkur mahsulotlar juda ko‘p kerak emasligini tushunsangiz, ulardan butunlay voz kechasiz. Hech narsa yo‘qotmaysiz.

Bundan tashqari, olimlar gippokamp faoliyatini nafaqat parhez, balki zo‘riqish va uyqusizlik kabi boshqa omillar ham izdan chiqarishi mumkinligini qayd etishdi. Shuning uchun uyqu rejimini yo‘lga qo‘yib oling va zo‘riqishni olish yo‘llarini o‘rganing. Ana shunda fast fud va shirinliklar iste’molidan voz kechish osonroq bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Atigi bir hafta davomida iste’mol qilingan fast fud miyani qanday qilib o‘zgartirishi mumkin?