17:16 / 24.12.2021
2 464

Afg‘on xalqi O‘zbekiston yordamini qanday kutib oldi?

Afg‘on xalqi O‘zbekiston yordamini qanday kutib oldi?
Mozori Sharif shahrida 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining insonparvarlik yordamini Afg‘oniston xalqiga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston TIV.

Un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqatlar, birinchi navbatdagi zaruriy tovarlar, kiyim-kechaklar, to‘qimachilik mahsulotlari, umumiy og‘irligi 4 ming tonnadan ziyod ko‘mir yoqilg‘isidan iborat ushbu insonparvarlik yordami o‘zbek xalqining Afg‘onistonga ko‘rsatgan navbatdagi xayrixohligi bo‘ldi.

Marosimda O‘zbekiston prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev so‘zga chiqdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sher Abbos Stanikzay mamlakat uchun og‘ir damlarda ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga butun afg‘on xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

Afg‘oniston xalqining chaqiruviga O‘zbekiston rahbari birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgani, uning siyosatini ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilikning chinakam ifodasi sifatida qaralayotgani alohida ta’kidlandi.

Abbos Stanikzay afg‘on xalqi O‘zbekiston rahbarining birodarlik munosabatini doimo his qilib kelganini, shu bois mamlakatning yangi hokimiyat idoralari yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini, shuningdek, o‘z hududidan qo‘shni davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga hech qanday tahdidlarga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.

Balx viloyati hokimi Qudratilla Abu Hamza mazkur insonparvarlik yordami o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgani, ayni qish faslida afg‘on xalqi uchun alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki birodar xalq o‘rtasidagi chuqur tarixiy va ma’naviy aloqalarning yana bir dalilidir.

Undan tashqari marosimda Afg‘oniston jamoatchiligi vakillari, etnik o‘zbeklar taniqli arboblari ham so‘zga chiqib eng og‘ir va sinovli damlarda yordam qo‘lini cho‘zgan O‘zbekistonga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Tadbirda o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan palov pishirib jamoatchilikka tortiq qilindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Afg‘on xalqi O‘zbekiston yordamini qanday kutib oldi?