22:44 / 21.01.2022
1 766

«Bozorimizga katta miqdorda qalbaki valyuta kirib kelgan» — Mamarizo Nurmurodov

«Bozorimizga katta miqdorda qalbaki valyuta kirib kelgan» — Mamarizo Nurmurodov
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlari uchun valyuta ayirboshlash punktlari ochish qonuniylashtirilmaydi. Bu haqda 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Daryo».

Anjumanda Mamarizo Nurmurodov valyuta ayirboshlash punktlarini tadbirkorlik sub’ektlari ochishiga ruxsat berilmasligi bo‘yicha Markaziy bankning qat’iy pozitsiyasi borligini ma’lum qildi.

«FATF (Financial Action Task Force) xalqaro tashkiloti talablaridan kelib chiqib, biz xususiy sektor tomonidan valyuta ayirboshlash punktlari ochilishi bo‘yicha bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Oxirgi paytlarda bankomatlarda valyuta ayirboshlashda shanba va yakshanba kunlarida uzilishlar bo‘layotgani to‘g‘ri, lekin bu ularni yomon ishlayotganidan emas. Gap shundaki, hozirda bozorimizga katta miqdordagi qalbaki valyuta kirib kelgan. Shunaqa valyuta kirib keldiki, uni bankomatlar o‘qiy olmayapti. Shuning uchun shanba va yakshanba kunlari ko‘p bankomatlardan foydalanish holatlarini chekladik. Bankomatlar dasturlarini o‘zgartiryapmiz», — dedi Markaziy bank rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, valyuta ayirboshlashda dam olish kunlari yuzaga keladigan muammoga barcha tijorat banklari shanba va yakshanba kunlari ham ishlaydigan ayirboshlash punktlari tashkil etishi va bu bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z saytlarida e’lon qilib borishlari yechim bo‘la oladi.

Avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlarga valyuta ayirboshlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkinligi xabar qilingandi. Bu masala prezidentning «Raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgani keltirilgan.

Hujjatda 2022 yilda xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, norasmiy valyuta operatsiyalari vujudga kelishining oldini olish, shuningdek, xizmatlarni uzluksiz ravishda ko‘rsatish imkonini yaratish maqsadida xususiy tadbirkorlarga valyuta ayirboshlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish rejalashtirilayotgani belgilangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bozorimizga katta miqdorda qalbaki valyuta kirib kelgan» — Mamarizo Nurmurodov