20:40 / 26.01.2022
782

Shavkat Mirziyoyev: «Yangi O‘zbekiston xavfsizligi konsepsiyasini qabul qilamiz»

Shavkat Mirziyoyev: «Yangi O‘zbekiston xavfsizligi konsepsiyasini qabul qilamiz»
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda taraqqiyot strategiyasidagi yana bir muhim vazifa xavfsizlik va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borishdan iboratligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Bu yo‘nalishda 12 ta maqsadga erishish uchun 77 ta topshiriq ko‘zda tutilgan.

«Dunyoda va mintaqada yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarni inobatga olib, yarim yildan buyon ishlanayotgan Yangi O‘zbekiston xavfsizligi konsepsiyasini qabul qilamiz», – deydi prezident.

Mas’ul tashkilotlar ikki hafta muddatda ushbu loyihani tasdiqlash uchun kiritish vazifa etib belgilandi. DXX hamda AKT vazirligi axborot texnologiyalari bilan bog‘liq xurujlarning oldini olish va kiberxavfsizlikni ta’minlash tizimini yaratishi kerakligi bildirildi.

Shuningdek, Qurolli Kuchlarning yagona avtomatlashgan boshqaruv tizimining ishga tushirilishi, favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning belgilab olinishi ta’kidlandi.

Mas’ullar ichki va tashqi moliyaviy oqimlarni monitoring qilish va ular bilan bog‘liq xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlarni ishlab chiqishi kerakligi bildirildi.

Yo‘nalishlarga mas’ul barcha rahbarlar 1 fevralga qadar har bir maqsad va topshiriqlar ijrochilarini yig‘ib, ularning oldiga birinchi chorak, yarim yillik va yil yakunigacha vazifalarini belgilab berishi, ijrosini har oyda muhokama qilib, ommaviy axborot vositalari orqali, keng jamoatchilikka hisobot berib borishi ma’lum qilindi. Dasturga kiritilgan 398 ta chora-tadbirni sifatli amalga oshirishga vazirlik va idora rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari bevosita mas’ul hisoblanishi aytildi.

«Har bir topshiriqning o‘z vaqtida bajarilishi va natijadorligiga ushbu mas’ullar shaxsan javob beradi va ularning faoliyatiga har chorakda baho berib boriladi», – deydi prezident.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: «Yangi O‘zbekiston xavfsizligi konsepsiyasini qabul qilamiz»