17:42 / 04.02.2022
1 102

Mansabdor shaxs va oddiy fuqaro o‘rtasidagi tengsizlik yo‘qotiladi

Mansabdor shaxs va oddiy fuqaro o‘rtasidagi tengsizlik yo‘qotiladi
Bundan bir necha yil ilgari mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ma’muriy sudlar tashkil etilib, ular zimmasiga davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari hamda xatti-harakatlariga huquqiy baho berishdek g‘oyatda muhim hamda mas’uliyatli vazifa yuklangandi.

Ma’muriy sudlarning faoliyati takomillashtib borildi va natijada tuman (shahar) ma’muriy sudlari negizida ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etildi va ayni vaqtda ular Konstitutsiya bilan belgilangan huquqlarning amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda.

Ma’muriy sudlarga bo‘lgan ishonchni yanada oshirish, ularning faoliyatini takomillashtirish orqali xalqchil sudga aylantirish yo‘lida yana bir muhim hujjat qabul qilindi.

Davlat organlari tomonidan fuqaro yoki yuridik shaxs huquqlari buzilganda, ularni ma’muriy sud tomonidan samarali himoya qilishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar mavjudligi inobatga olinib, ma’muriy sud ish yurituvini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish maqsadida 2022 yil 29 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchnini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Sud amaliyoti tahlillari davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan huquqi buzilgan fuqaroning arizasi bo‘yicha ishlarni (ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar) ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rishda bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi, xususan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar ma’muriy sudlar tomonidan taraflarning tortishuvi asosida ko‘rib chiqiladi, bunda ish holatlarini isbotlash majburiyati taraflarga, ya’ni huquqi buzilgan fuqaro – arizachiga va davlat organi yoki mansabdor shaxs – javobgarga yuklatilgan.

Mazkur holat esa fuqaro bilan davlat organi yoki mansabdor shaxs o‘rtasidagi tengsizligini ko‘rsatadi, negaki fuqaroning o‘z talablarini isbotlab berish bo‘yicha imkoniyatlari davlat organi yoki mansabdor shaxsning imkoniyatiga qaraganda nisbatan cheklanganligi sir emas.

Ushbu jihat inobatga olinib, qarorda ma’muriy sud ishlarini yuritishni «sudning faol ishtiroki» tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish nazarda tutildi.

Mavjud tartibga ko‘ra ma’muriy sudda mansabdor shaxsning xatti-harakati yoki u tomonidan qabul qilingan qarorning qonuniyligini nizolashgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ekti mansabor shaxs yoki u tomonidan qabul qilingan qaror natijasida ko‘rgan zararini undirish masalasida tegishlicha fuqarolik yoki iqtisodiy sudlarda yana sudlashishda davom etardi.

Huquqi buzilgan fuqarolarning sudma-sud yurib, ovoragarchiliklarini oldini olish maqsadida ularga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan talab bilan birga u bilan sababiy jihatdan uzviy bog‘liq bo‘lgan zararni undirish talabini ma’muriy sudga bildirish huquqi ham qarorda nazarda tutilganligi ayni muddao bo‘ldi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda qarorda belgilangan yana bir muhim vazifa bu — ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlarini joriy qilish bo‘lib, bunda taraflarga bunday toifadagi ishlar bo‘yicha kelishuv bitimini tuzish huquqining berilganligi bo‘ldi, qonuniylikni ta’minlash, shuningdek korrupsiyaviy holatlarni oldini olish maqsadida taraflar o‘rtasida tuzilgan kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda ijroga qaratiladi.

Bu kabi islohotlar fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, ularning sudga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirish yo‘lida ahamiyatli hisoblanadi.

G‘ayrat Mashkurov,
Toshkent shahar sudining sudyasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mansabdor shaxs va oddiy fuqaro o‘rtasidagi tengsizlik yo‘qotiladi