Foto: Kun.uz
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qonli urush davom etar ekan, dunyo jamoatchiligi, xususan, ziyolilar uni to‘xtatish talabi bilan turli chiqishlar qilmoqda. Kun.uz bu borada o‘zbek ziyolilari fikrini havola qiladi.
Erkin A’zam, yozuvchi
— Afsus, Rossiya va Ukraina munosabatlaridagi eng og‘ir va qo‘rqinchli ssenariy yuz berdi – ruslar Ukrainada urush boshladi. Bilasiz, bir insonni o‘ldirgan kishi qotil deyiladi. Xo‘sh, Ukrainaga bostirib kirib, yuzlab insonlar o‘limiga sabab bo‘layotganlarni kim deb atash mumkin ekan?
Putin Rossiyasi insoniyat tarixida bosqinchi va qonxo‘r sifatida qoladi. Vladimir Putin shuni istadi. U o‘z qo‘shnisi, qardosh xalqi uyiga bostirib kirdi va begunohlarni o‘ldirmoqda.
Bu yerda suveren Ukraina Yevropani tanlagandi, buni to‘g‘ri tushunish kerak edi. Ukrainlar o‘z irodasiga ko‘ra, mustaqil bo‘lmoqchi edilar. Rossiya hukumatidagilar esa buni istamadi.
Bu jirkanch urush Rossiya va rus xalqining yuzini bir umrga kirlantirdi.
Faxriyor, shoir
Bu yolg‘iz Ukraina emas, butun insoniyatga qarshi ochilgan urush. Putin aslida NATOdan emas, yonidagi oyoqqa turib kelayotgan demokratiyadan qo‘rqadi, chunki demokratiya avtoritarizmga, bir shaxsning 20 yildan oshiq hokimiyatda qolib ketishiga yo‘l bermaydi.
Afsuski, ishonilgan G‘arb ham Ukrainani yolg‘iz qoldirdi...
Bu urush hammamizga saboq bo‘lishi kerak. Barchasini to‘g‘ri hisoblay olishimiz, ogoh bo‘lishimiz kerak. Agar Ukraina bosqinchilarning hujumiga qarshi tura olmasa, boshqa hech bir sobiq sovet mamlakati ularga qarshi tura olmaydi. Shuning uchun ukrain birodarlarga neoimpeprialistlar bilan kurashda kuch-quvvat tilaymiz.
Biz ukrain xalqi bilan birgamiz va ularga hamdardmiz. Bu urushda bizning kelajagimiz ham hal bo‘ladi.
Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi
— Bu bosqin hokimiyatda vakolatlarning bir insonga haddan ortiq ko‘p berib yuborilishi va uning marazmga duchorligi oqibati.
Normal hokimiyatlar bir insonga hech qachon bunchalik ko‘p vakolat bermasligi kerak. Bu barcha hokimiyatlarga saboq bo‘lishi kerak.
Men Xudodan adolatni qaror toptirishini va Ukraina suverenitetini saqlashini so‘rayman. Ukraina bo‘linmas davlat, ukrainlar esa g‘ururli xalqdir.
Karim Bahriyev, jurnalist
— Bu kabi urushlarni boshlaganlar hech qachon unda ishtirok etmaydi. Unda faqat yoshlar ishtirok etadi va tinch aholining qoni to‘kiladi.
Rossiya boshlagan urush XXI asr voqeligi emas, bu – o‘rta asrlar bosqinchiligi va Putindagi o‘rta asrlar axloqi.
U Ukrainaga genotsid va til borasidagi ajratishlar uchun kirganini da’vo qilyapti, lekin agar shunday bo‘lganda ham bu kabi masalalar BMT qonunlari, xalqaro normalar orqali hal etilishi kerak edi, bostirib kirish va qon to‘kish bilan emas.
Bu urush, Rossiya davlatchiligi va rus xalqi uchun isnoddir. Ukrainaga qarshi qirg‘inni to‘xtating.
Rahimjon Rahmat, yozuvchi
— Ukraina shu paytga qadar sobiq sovet davlatlari orasida rivojlanish jihatidan eng yuqori natijaga erishayotgan davlat edi. U mustaqil siyosat yuritishga va Putinning imperialistik g‘oyalaridan uzoq yashashga intilayotgan bir davlat edi.
Putinning imperialistik «ishtahasi» ochilib bormoqda. Bu barchaga signal bo‘lishi kerak. Afsuski, bunga ishonmasam-da, urushda Ukrainaga muvaffaqiyat tilayman.
Botirjon Ergashev, shoir
— Hech bir urushda g‘oliblar bo‘lmagan va bo‘lmaydi. Hozir Ukrainada begunohlar o‘lmoqda. Menga kun davomida bolalar, onalar yig‘isi aks etgan videolarni yuborishmoqda va ularni ko‘rib, bir ota va avvalo inson sifatida yuragim qaqshayapti.
Men urush tezroq tugashini istayman. Ukrain xalqiga esa sabr va matonat hamda g‘urur tilayman.
Qozoqboy Yo‘ldoshev, filologiya fanlari doktori
Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan bu urush Rossiyaning nihoyatda jirkanch yuzini ochib tashladi. Bu – butun dunyo yuziga tupurish. Putin o‘zini bir davlat, hukumat rahbari emas, ko‘cha bezorisidek tutmoqda. U mas’uliyatini umuman unutgan.
Bu bugungi dunyodagi normal hukumatning ishi emas. Rus millati bu urushni to‘xtatish talabi bilan chiqishi kerak. Buni aynan ular qilishi kerak. Iltimos, to‘xtating urushni. Agar uni hozir to‘xtatmasangiz, tarix sizni millat sifatida aslo kechirmaydi.
Ilyos Safarov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Samarqandda voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlandi
Jaloliddin Masharipov: "Qatar ustidan g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz"
AQSHda Tramp siyosatidan qochmoqchi bo‘lganlarga 4 yillik sayohat taklif qilindi