14:43 / 09.04.2022
2 460

Sohibqiron Amir Temur vasiyati haqida bilasizmi?

Sohibqiron Amir Temur vasiyati haqida bilasizmi?
Amir Temur, Temurbek, to‘liq aytsak, Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay milodiy 1336 yil 9 aprel kuni Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ildi.

Otasi – Amir Tarag‘ay, Tarag‘aybek (tug‘ilgan yili noma’lum, vafoti 1360) barlos qabilasining nufuzli oqsoqoli edi. O‘zbek xal­qi tarkibida to‘qson ikki urug‘ borligini bilamiz. Barlos ana shu «to‘qson ikki»ning biridir. Amir Tarag‘ay Turkistonning o‘sha paytdagi hukmdori Amir Qozog‘on oldida ishonch qozongan hurmati bor beklardan hisoblanar, Chig‘atoy ulusi beklari qurultoylariga qatnashib turardi. Harbiy ishlarga mayli yo‘q, taqvodor musulmon, vaqtini darveshlar bilan o‘tkazardi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, «Tarag‘aybek ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi...»

Onasi – Tegina Xotun, Takina begim, Takina Mohbegim (taxm. 1318, Buxoro – 1353, Shahrisabz) Buxoro ulamolari peshvosi mavlono sadr ash-shari’a, ya’ni shariat qonunlarini sharhlovchi alloma Ubaydulloh al-Buxoriyning qizidir. Milodiy 1334 yil 16 yoshda Tarag‘aybekka uzatilgan. Oradan ikki yil o‘tgach, Temurbek tavallud topdi.

Onasi va otasi Shahrisabzda dafn etilgan. Amir Temur onasi xotirasiga balandligi yetmish bir metr keladigan dunyoga mashhur Oqsaroy yodgorligini bunyod ettirdi.

Rivoyatlarga qaraganda, kunlardan bir kun Sohibqironning sakkizinchi bobosi Qochuvli bahodir tush ko‘ribdi, tushida uning qo‘ynidan bir yulduz uchib chiqib jamol ko‘rgizibdi va shu zahotiyoq so‘nibdi, keyin ikkinchisi, uchinchisi, to‘rtinchisi yarqirab chiqibdi, bari so‘naveribdi. Bu hol yetti marta takrorlanibdi. Biroq sakkizinchi martasida katta porloq yulduz otilib chiqibdi-yu, butun dunyoni yoritib yuboribdi! Mana shu Amir Temur yulduzi deb taxmin qilinadi. Undan yana bir necha kichik yulduzlar paydo bo‘libdi, katta porloq yulduz mag‘rib chizig‘iga bosh qo‘yib so‘ngandan keyin, kichik yulduzlar porlashda davom etibdilar...

Amir Temur bolaligidanoq tabiatan og‘ir-bosiq, zehni o‘tkir, shoshilmay fikrlaydigan Temurbek dastavval maktabda saboq oldi, savodini chiqardi, ustozlar nazoratida kamon dastasini ushlash, o‘q uzish, nayza tutish, otlarni saralay olish, shikorlar uyushtirish, chavandozlik va qilichbozlik sirlarini yaxshilab o‘rgandi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Temurbek o‘n ikki yoshida tengqurlari bilan «poshsho-vazir» o‘ynashar ekan. Temurbek podsho bo‘lar, qolganlarning har biriga bir «mansab» berilar, «gunohkor» odamni jazolab, «yurt» boshqarar ekan. O‘n ikki yoshligidayoq yurt boshqarish havosini olishga intilish kuchli bo‘lgan, niyatni katta qilgan.

Kichikligidanoq Qur’oni karimni yod olganini aytishadi, Qur’on o‘qishda uning ovozi qorilarniki kabi salobatli va yoqimli bo‘lgan.

Amir Temur jahonning to‘rt mashhur sarkardalaridan biri, kuragi yerga tegmagan buyuk lashkarboshi, xudo bergan salohiyatini to‘la-to‘kis namoyon eta olgan, o‘xshashi yo‘q buyuk armiya qo‘mondoni edi. Janggohlar san’ati, urush yo‘llari, lashkar tutish qoidasi, saflar rasm-rusumi Sohibqironning «Temur tuzuklari» kitobida batafsil yoritilgan.

Milodiy 1365 yilda Sirdaryo bo‘yidagi Chinoz yonida mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan mashhur «Loy jangi»da Amir Husayn boshliq Turon cherigi (Amir Temur lashkarboshi edi) mag‘lub bo‘ldi. Bu 29 yoshli Amir Temurning umrida birinchi va so‘nggi mag‘lubiyati edi.

1366 yilda Qarshida Temurbek bor-yo‘g‘i 243 kishi bilan 12 ming kishilik dushmanga qarshi jang qildi va Tangrining inoyati-yu, sarkardalik salohiyati bilan zafar qozondi.

1368 yilda Badaxshonda qo‘li baland kelgan dushman Sohibqiron askarlarining ko‘pini qirib tashladi va 130 kishini asir qildi. Yonida bor-yo‘g‘i 13 navkar bilan qolgan Amir Temur mardlarcha Dobon tog‘i tepasiga chiqib yo‘lni to‘sdi va ko‘p jangu chorasiz qonli urinishlar evaziga o‘z askarlarini dushmandan qutqarib oldi. Ke­yinchalik Amir Temur o‘sha jangni eslab: «Ko‘p janglar qildim va ko‘p voqealarni boshdan kechirdim-u ammo bu jangdan qattig‘ini ko‘rmadim...», – degan edi.

Sohibqiron dunyoning 27 mamlakatini musaxxar qildi. Taxminan mingdan ortiq jang o‘tkazdi, ularda zafar hamisha Sohibqiron tomonida bo‘ldi.

Uning mashhur janglari quyidagilar:
1391 yil 18 iyun – Kandircha daryosi bo‘yida (Samara viloyati) Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon ustidan qozonilgan g‘alaba. Har ikki tomondan 200 mingdan ortiq askar ishtirok etgan. Bu g‘alaba Turon davlati mustaqilligini yana ham mustahkamladi.

1395 yil 15 aprel – Oltin O‘rta xoni To‘xtamishxonga qarshi ikkinchi jang Terek daryosi bo‘yida yuz berdi. Turon tomonidan 250 ming sipoh qatnashdi. Jang Amir Temurning uzil-kesil g‘alabasi bilan qaror topdi.

1402 yil 20 iyul – Anqara yonida Amir Temur va usmonlilar imperatori Yildirim Boyazid bilan jang bo‘lib o‘tdi. Amir Temur qo‘shini taxminan 200 ming, Yildirim Boyazid lashkari 160 mingdan iborat edi. Savash Turon sultoni Amir Temurning buyuk g‘alabasi bilan yakunlandi.

Sohibqironning farzandlari
Alloh taolo Sohibqironga ko‘p farzandlar ato etdi. El koriga yaraydigan bo‘lib voyaga yetganlari oltita – to‘rt o‘g‘il, ikki qiz.

To‘ng‘ich o‘g‘il – 1356 yilda Turmish oqa degan xotinidan tug‘ilgan Jahongir Mirzo, valiahd edi, 1376 yilda avji gurkirab turgan yigirma yoshida betoblikdan dunyodan ko‘z yumdi. Undan ikki o‘g‘il – Muhammad Sulton bilan Pirmuhammad Jahongirlar qolgan. Qabri Shahrisabzda.

Ikkinchi o‘g‘il – 1356 yilda To‘lun oqadan tug‘ilgan Umarshayx Mirzo. 1394 yilda halok bo‘lgan. O‘ttiz sakkiz yil umr ko‘rgan. Olti o‘g‘il qolgan: Pirmuhammad Mirzo, Rustam Mirzo, Iskandar Mirzo, Ahmad Mirzo, Sayid Ahmad Mirzo, Boyqaro Mirzo. Qabri Shaxrisabzda.

Uchinchi o‘g‘il – 1366 yilda Meng­li bika oqadan tug‘ilgan Mironshoh Mirzo. 1408 yilda halok bo‘lgan. Qirq ikki yil umr ko‘rgan. Olti o‘g‘il qolgan: Abu Bakr Mirzo, Umar Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Sulton Muhammad Mirzo, Iyjal Mirzo, Suyurg‘atmish Mirzo. Qabri Samarqandda, Amir Temur maqbarasida.

To‘rtinchi o‘g‘il – 1377 yilda Tag‘oy Turkon oqadan tug‘ilgan Shohruh Mirzo. 1447 yilda vafot etgan. Yetti o‘g‘il qolgan: Ulug‘bek Mirzo, Ibrohim Sulton Mirzo, Boysunqur Mirzo, Suyurg‘atmish Mirzo, Muhammad Jo‘ki Mirzo, Jon O‘g‘lon, Muhammad Yoriy Mirzo. Ulug‘bek Mirzodan boshqa barcha o‘g‘illar otasidan avval dunyodan o‘tganlar. Qabri Samarqandda, Amir Temur maqbarasida.

Birinchi qiziOqa Begi xonim 1359 yilda Turmish oqadan tug‘ilgan. Muhammadbek ibn Musoga uzatganlar, bu nikohdan Sulton Husayn Mirzo tug‘ilgan.1382 yilda yigirma uch yoshida betob bo‘lib, olamdan ko‘z yumgan. Qabri Shahrisabzda.

Ikkinchi qiziSulton Baxt begim 1362 yilda Uljoy Turkon oqa degan xotinidan tug‘ilgan. Amir Muhammad Mirakka uzatadilar, lekin kuyov Sohibqironga qarshi tig‘ ko‘tarib chiqadi va jangda halok bo‘ladi. Ikkinchi marta Sohibqiron jiyani Amir Sulaymonshohga turmushga chiqadi. 1430 yilda vafot etgan.

Siyrati
Sohibqiron Amir Temurni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan arab tarixchisi ibn Arabshoh yozadi: «Amir Temur ...tengi yo‘q fe’l-atvorli, teran mulohazali, uning tafakkur dengizining qa’ri yo‘q. Amir Temur baland qadli, uzun bo‘yli, tik qomatli, qadimiy pahlavonlar avlodidan bo‘lib, keng peshonali, katta boshli, g‘oyatda kuchli va salobatli, bo‘la, rangi oqu qizil yuzli, dog‘siz, qo‘l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo‘g‘on, poychalari semiz, sersoqol, o‘ng oyoq-qo‘li cho‘loq va shol, ikki ko‘zi bamisoli ikki shamdek bo‘lsa-da, shodligi bilinmas, ovozi yo‘g‘on edi; u o‘limdan qo‘rqmas, yoshi yetmishga yetgan bo‘lsa-da, iztirobsiz, vazmin.

Badani to‘la va pishiq, xuddi zich (qalin) tosh misoli qattiq edi. U hazil-mazax, yolg‘onni yoqtirmas, o‘yin-kulgi-yu ko‘ngilxushlikka maylsiz, garchi so‘zda o‘ziga ozor yetadigan biror narsa bo‘lsa hamki, sadoqat unga yoqar edi; u bo‘lib o‘tgan ishga aziyat chekmas va o‘ziga hosil bo‘ladigan yutuqdan shodlanmas edi... Ko‘pincha uning majlisida uyatsiz so‘zlar, qon to‘kish, asir olish, naqbu g‘orat qilish va haram (haqiga) haqorat gaplar bo‘lmasdi. U bexato (nishonga urguvchi) fikrli, ajoyib farosatli, mislsiz darajada baxtli, ulug‘vorligi o‘ziga muvofiq, qat’iy azm bilan so‘zlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgo‘y kishi edi...
»

Vafoti
Sohibqiron Amir Temur Xitoy safariga borayotib, 1405 yil 11 fevral kuni O‘tror shahriga yetganda qattiq og‘rib qoldi va isitmasi ko‘tarila boshladi. Kasallik kundan-kun kuchayardi, ammo Sohibqironning es-hushi, aqli joyida edi. Sohibqiron o‘zining barcha gunohlari uchun tavba qildi. U haram ahlini va ulug‘ beklarni huzuriga chorlab vasiyatga og‘iz ochdi:

«...Hazrat Haqdin umidim borki, agarchi gunohim ko‘b turur, ammo bu jihatdin menga rahmat qilg‘aykim, zolimlarning eliklarin mazlumlardin qisqa qilibdurmen. Va qo‘ymadimkim, mening davrimda qaviydan (zo‘ravondan) zaif kuch yegay. Emdikim, Pirmuhammad Jahongirkim, valiahd qilibmen va o‘rnumga qoyimmaqom etibmenkim, Samarqand viloyati aniki bo‘lg‘ay. ...Anga mute bo‘lub, ittifoq bila aning ishiga mashg‘ul bo‘lg‘aysiz, to olam buzulmag‘ay va musulmonlarga tashvish va zahmat bo‘lmag‘ay...

Ra’oyo va fuqarou miskin holatidin g‘ofil bo‘lmag‘aysiz... Nechukkim men adlu ehson bila olamni obod etibmen... Agar mening vasiyatim bila amal qilib, adlu dod qilsangiz, ko‘b yillar davlat va mamlakat sizlarda qolg‘usi turur. Va agar sizlar arosida muxolifat bo‘lsa, yaxshi bo‘lmag‘usidur....
»

Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon 1405 yil 18 fevral chorshanba kuni, sha’bon oyining o‘n yettisida, namozshom va xufton orasida jon omonatini o‘z egasiga topshirdi...

Amir Temur Samarqandda Amir Temur maqbarasiga dafn etilgan.

Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi

Manba: temurtuzuklari.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sohibqiron Amir Temur vasiyati haqida bilasizmi?